Ota-ona farzandlar tarbiyasiga ko‘zgu
7.7.2016 6223

  Ota-onaning solihligi va ular qiladigan solih amallarning farzandlarining tarbiyasiga katta ta’siri bor. Bu narsaning farzandlarga dunyoda ham, oxiratda ham ulkan foydasi bor.
   Ota-onalar qiladigan yomon ishlarning ham farzandlar tarbiyasiga yomon ta’siri bor. Mazkur ta’sirlar quyidagicha ko‘rinishda bo‘ladi:

 

-- Ota-onalar qilgan yaxshi amallarning farzandlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir qilishi o‘sha solih amallarning barakasidir. Qolaversa, bu Alloh taoloning o‘sha solih amallarga bergan mukofotidir.

 

-- Ota-onalar qilgan yomon amallarning farzandlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qilishi o‘sha yomon amallarning zarari, shumligidir. Qolaversa, bu Alloh taoloning o‘sha yomon amal qiluvchilardan o‘ch olishi va yomon amallarga bergan iqobidir.

 

    Demak, tarbiyaga yaxshi ta’sir qilishi mukofot, yomon ta’sir qilishi jazo ekan. Mukofoti – farzandlarning solih bo‘lishi, sog‘lom bo‘lishi, rizqlarining keng bo‘lishi va hokazo ko‘rinishda bo‘ladi. Jazosi – farzandlarning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishlari, ulardan turli balo-musibatlarning arimasligi, yomon kasalliklarga duchor bo‘lishlari va hokazo ko‘rinishida bo‘ladi.
    Shunday ekan, ota-onalar solih amallarini ko‘paytirsinlar! Buning ta’siri farzandlarida ko‘rinadi, aks etadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda “Endi devor esa, shu shahardagi ikki yetim bolaniki bo‘lib, uning ostida ular uchun bir xazina bor edi. Ularning otasi solih kishi edi. Bas, Rabbing ular voyaga yetib, Rabbingning rahmati bo‘lmish xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi” deb marhamat qilgan. (Kahf surasi, 82-oyat).
    Alloh taolo yetimlarning mollarini, ular uchun tayyorlab qo‘yilgan xazinalarni qanday asraganiga, qanday muhofaza qilganiga bir e’tibor qiling! Nima uchun Alloh azza va jalla o‘sha molni asradi?!! Chunki, o‘sha yetimlarning otalari solih kishi edi!
     Ey ota! Ey ona! Allohga taqvo qiling! Rost va to‘g‘ri so‘zlang!
    Ey ota! Taomingizni, ichimligingizni, libosingizni pok bo‘lishiga e’tibor qiling! Toki Allohga duo qilib ko‘targan qo‘llaringiz pok qo‘l, nafsingiz pok nafs bo‘lsin! Mana shundagina Alloh sizning “Farzandim solih, taqvoli, yaxshi inson bo‘lsin” deb qilgan duoyingizni ijobat qiladi va Alloh ularni solihlardan qilib, sizga ularda baraka beradi. Zero, Alloh taolo Qur’onda “(Qurbonlikni) Alloh aslida taqvoli kishilardan qabul qilur” (Moida surasi, 27-oyat), degan.
    Ey ota! Agar qo‘llaringiz yaxshilarning qoniga belangan bo‘lsa, yaxshilarni urib, ozor bergan bo‘lsa, yaxshilarga zulm qilgan bo‘lsa, yaxshilarni aldagan bo‘lsa, u qo‘llarni duoga qanday ko‘tarasiz?! O‘zingizga solih farzand tilab o‘sha qo‘llarni duoga ko‘tarasizmi?!
    Ey ota! Harom yeyish bilan, yolg‘on gapirish bilan, chaqimchilik bilan, g‘iybat bilan, ta’na-malomat bilan, birovlarning obro‘sini to‘kish bilan, musulmonlarni so‘kish, haqorat qilish bilan bulg‘angan og‘zingiz ila “Farzandim solih, taqvoli, yaxshi inson bo‘lsin” deb qanday aytasiz?!  Yemishingiz, ichimligingiz, kiyimlaringiz haromdan topilgan pul evaziga kelgan bo‘lsa, o‘shalarni yeb, ichib, kiyib qilgan duolaringiz ijobat bo‘ladi deb o‘ylayapsizmi?!
    Ey ota-onalar! Sizlar farzandim solih bo‘lsin deb qilgan duolaringiz ijobat bo‘lishini istasangiz, Allohga taqvo qilinglar va solih amallarni ko‘proq bajarish payidan bo‘linglar!
  Solihlardan birlari o‘z o‘g‘illariga “Ey o‘g‘ilcham, seni sababingdan namozimni ko‘p va uzun o‘qiyman” degan ekanlar. Ba’zi ulamolar buning ma’nosini “Ko‘p namoz o‘qiyman va o‘sha namozlarimda Allohga seni to‘g‘ringda ko‘p duo qilaman” deb tushuntirishgan ekan.
    Agar ota-onalar uylarida Allohning Kitobini ko‘p tilovat qilsalar, xususan, Baqara surasini, Falaq, Nos suralarini ko‘p-ko‘p tilovat qilib tursalar u xonadonga farishtalar tushishadi-da, u yerdan shaytonlar qochadi. Shubha yo‘qki, farishtalar tushgan xonadonga ular bilan birga sakiynat (xotirjamlik) va rahmat ham tushadi. Bu narsalar esa, farzandlarning tarbiyasiga ham, ularning salomatligiga ham juda katta ta’sir ko‘rsatadi.
   Ammo uyda Qur’on tilovati tark qilinsa, ota-onalar Allohning zikridan g‘ofil bo‘lsalar, unday uyga shaytonlar keladi. Allohning zikri tark etilgan unday uyni shaytonlar egallab oladi. Kompyuterlarda, televizorlarda, telefonlarda noshar’iy rasmlar, musiqalar, kinolar, seriallar va hokazolar tomosha qilinadigan unday uylar shaytonlarning qarorgohiga aylanadi. Shaytonlar yashaydigan uydagi farzandlar tarbiyasi qanday bo‘lishi hammaga ma’lum. Shaytonlar u farzandlarni va o‘sha uylarda yashovchi barchani turli ma’siyatlarga, fasod ishlarga chorlab turadi, ertayu kech ularni yomonliklarga vasqvasa qiladi.
    Ota-onaning qilayotgan ishlaridan farzandlar o‘rnak oladi. Otasining tinmay zikr qilishini ko‘rgan farzand ham zikrga o‘rganadi. Allohning zikriga oshiq bo‘ladi.
    “O‘g‘lim, mana bu ovqatni falon qo‘shnimizga berib kel!” deydigan ota bilan “O‘g‘lim, mana bu pulga do‘kondan sigaret olib kel!” deydigan otaning o‘rtasida katta farq bor.
    Agar kishi doim ota-onasiga yaxshilik qilsa, ularning haqqiga duo va istig‘for aytsa, doim hollaridan xabar olib tursa, ularga yaxshi sharoit qilib berishga, hojatlarini ado etishga harakat qilsa, “Robbig‘firliy valivalidayya”, “Robbirhamhuma kama robbayaniy sog‘iyro” kabi duolarni ko‘p qilsa, ota-onasi vafot etgandan keyin ularning yaqinlaridan tez-tez xabar olib tursa, ota-onasi bordi-keldi qilganlar bilan bordi-keldi qilsa, ota-onasi sadaqa berganlarga tez-tez sadaqalar berib tursa, Allohning izni bilan bu axloqni ko‘rgan farzand ham otasidan iqtibos olib, shu ishlarga rag‘bati uyg‘onishi, u ham kelajakda xuddi shu ishlarni qilishi hech kimga sir emas.
    Otasi namoz o‘qishni o‘rgatgan farzand bilan otasi noshar’iy kino ko‘rib, noshar’iy musiqa tinglashni o‘rgatgan farzand orasida juda katta farq bor.
   Onasining xayo, ibosini ko‘rgan qiz shu axloqni o‘rganadi. Onasining bexayoligini, beiboligini ko‘rgan qiz ham shu razolatni o‘rganadi.
    Farzand deb atalgan ne’matning shukrini ado etinglar! Uning shukri ularga chiroyli ta’lim-tarbiya berish, ularni solih insonlar qilib voyaga yetkazishdir.
    Ey ota-onalar! Farzandlaringizni omonat deb bilinglar va ular borasida Allohdan qo‘rqinglar! Ularni tarbiya qilishda o‘zingiz Allohni yaxshi ko‘rishingiz, Payg‘ambar alayhissalomni yaxshi ko‘rishingiz, diningizga amal qilishingiz, go‘zal xulqingiz, yaxshi xislatlaringiz bilan ularga chiroyli o‘rnak bo‘linglar!
    Alloh taolo barcha ota-onalarga farzand tarbiyasida kuch-quvvat, sabr-toqat ato etsin! Farzandlarini chiroyli tarbiya qilib jamiyatga qo‘shish baxtini ularga nasib etsin! Farzandlari sababli qiyomat kuni izzat tojini, karomat sarposini kiyishni ularga nasib aylasin!


“Ota-onalar va ular qilayotgan ishlarning farzandlar tarbiyasiga ta’siri” maqolasi asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 70477
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

10487
  • 5972
  • 3858
  • 5878