O‘lim haqiqati
Uzun kun davomida toliqqan inson organizmi orom olishi zarurligi haqida belgi bera boshlaydi. Shunda inson odatdagidek o‘rniga yotib, ko‘zlarini yumadi va uyquga ketadi. Bu vaqtda inson atrofida bo‘layotgan barcha narsani unutadi: ko‘rmaydi, eshitmaydi, hatto nafas olish ritmi ham sekinlashadi. Uyqu vaqtida inson ongli hatti-harakatlarini to‘xtatadi, muskullar bo‘shashgan holatda bo‘ladi. Faqatgina inson miyasi o‘z faoliyatini to‘xtatmaydi. Shunda odam tanasi o‘zi uchun zarur bo‘lgan oromga ega bo‘ladi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“Uyqularingizni (badan va asablaringiz uchun) orom qildik. Kechani (barcha narsani yashirib turadigan) libos qildik. Kunduzni esa, tirikchilik vaqti qildik” (Naba’ surasi, 9-11).
Uyqudan uyg‘ongach, kishi xuddi uyqu deb atalmish kichik o‘limdan qayta tirilgandek o‘zini butkul o‘zgacha his qiladi. Albatta, insonda hayoti davomida o‘lim va undan keyingi jarayon haqiqatini his qilish imkoni yo‘q. Alloh odamga uyquni nafaqat orom olish, charchoqdan halos bo‘lish va energiya to‘plash imkoni, balki insonning mavjud o‘lim va undan keyin qayta tirilishining belgisi qilib bergan.
Uyqu vaqtida jon inson tanasini tark etadi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Alloh jonlarni o‘lgan vaqtida, o‘lmaganlarini esa uxlayotgan paytlarida olur. Bas, O‘zi o‘limga hukm qilgan jonlarni (qaytarmasdan) ushlab qolur, boshqalarini esa belgilangan bir muddatgacha (ajallari yetguncha) qo‘yib yuborur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir”. (Zumar surasi, 42)
Biroq, e’tibor berish kerakki, Alloh taolo haqiqiy jismoniy o‘limdan keyin uyqu vaqtida odam tanasini tark etgan jonni emas, balki “nafsut-tamyiz” deb nomlangan jonni oladi. Bu ruh esa inson uchun o‘z ruhiga xo‘jayin emasligini, na tug‘ilishi va na o‘limini nazorat qila olmasligining bir belgisidir.
Shu sababdan ham uyqu oldidan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) o‘qigan quyidagi duoni aytish maqsadga muvofiqdir: “Yo, Alloh! Sening noming ila o‘laman va tug‘ilaman”.
Umida Qodirova tayyorladi
@ziyostudio