Olamlarga rahmat Payg‘ambar
23.12.2015 10298

    Alloh taoloning fazlu marhamati bilan shu kunlarda muborak damlarni o‘tkazmoqdamiz. Qutlug‘ rabiy’ul avval oyi boshimizga soyabon bo‘lib turibdi, ezgulik shabbodalari hamda vujudimizni mayin chulg‘ayotgan muhammadiy iforlarni olib kelgan bu oy insoniyat tarixidagi eng buyuk sanani, eng buyuk voqeani yodimizga solmoqda. U ham bo‘lsa, ikki jahon sarvari, Odam bolasining sayyidi, arabu ajamning ulug‘i bo‘lgan Muhammad alayhissalomning dunyoga kelishlaridir.
     Bu shunday olamshumul voqeaki, u tarix oqimini o‘zgartirib yubordi. Insoniyatni jaholat zulmatlaridan ma’rifat va haqiqat nuriga olib chiqdi. Payg‘ambarimiz Muhammad ibn Abdulloh hijriy sananing Rabi’ul avval oyining 12-kunida (milodiy sananing 571 yili 20 aprel dushanba kuni) Makkada Quraysh qabilasiga mansub Hoshimiylar oilasida dunyoga kelganlar.
      Alloh taolo bu zotni dunyoga kelishi uchun barcha sharoitlarni oldindan muhayyo qilib qo‘ydi. U zotning nasl-nasabi eng sharafli, eng oliyjanob xonadonlarga mansub bo‘lishini iroda qildi. Bu haqda janob Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bunday marhamat qilganlar: “Alloh taolo Ismoil avlodidan Kinonani tanlab oldi, Kinonadan Qurayshni tanlab oldi, Qurayshdan Bani Hoshimni tanlab oldi, Bani Hoshimdan esa Meni tanlab oldi” (Muslim rivoyati).
    Rahmonning habibi va xalili bo‘lgan bu zotni tug‘ilishlaridan avval ham, tug‘ilganlaridan keyin ham doimo ilohiy inoyat, ilohiy rioyat o‘rab, chulg‘ab turgan. Har qanday og‘ir sharoitda ham Alloh taolo u zotni O‘z hifzu himoyasida saqlagan, qalblarni u kishiga moyil qilib qo‘ygan.
     Alloh taolo U zotni payg‘ambarlik toji kiydirilishidan avval ham gunoh-ma’siyatlardan, qabih qiliqlardan, oliyjanoblikka zid keluvchi tuban ishlardan saqlagan. Nubuvvatdan oldin ham U kishidan biror marta va’dani buzish, xiyonat, yolg‘on so‘z, fahsh so‘z yoxud birovga zulm qilish va hokazolar sodir bo‘lmagan. U zotni butun Makka ahli “as-sodiqu-l-amiyn” ya’ni rostgo‘y va omonatdor deb atashardi.
Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Nabiy alayhissalom (yoshliklarida Ka’ba ta’mirlanayotgan vaqtda) odamlar bilan birgalikda tosh tashirdilar. Amakilari Abbos u kishiga ey birodarimning o‘g‘li (ya’ni, ey jiyan!), izoringni yechib uni yelkang bilan tosh orasiga qo‘ysang yaxshi bo‘lardi, dedi. U kishi izorlarini yechib, yelkalari qo‘ygan zahotlari behush bo‘lib yiqiladilar. Undan keyin u kishini biror marta avratlari ochiq holda ko‘rishmagan.
     Nabiy alayhissalom tavallud topgan kechalarida bir qancha g‘aroyib voqealar sodir bo‘lganligi tarix kitoblarida zikr qilingan. Jumladan, u zot dunyoga kelganlarida, samoda bir nur paydo bo‘lib, uning ziyosi hozirgi Suriya, Shom diyoridagi qasrlarni yoritib yuborgan. Fors yurtidagi majusiylar sig‘inadigan ming yillar davomida yonib turgan olov o‘chib qolgan. Mushriklar ibodat qiladigan but va sanamlar yuz tuban qulab tushgan. To‘rt yoshlik chog‘larida Halimai Sa’diyyaning uyida yashagan vaqtlarida “shaqqi sadr” (ko‘krak yorish) voqeasi sodir bo‘lib, ikki farishta u zotning ko‘kraklarini yorib, undan shaytonning nasibasini olib tashlaydilar.
      O‘n ikki yoshlarida amakilari Abu Tolib bilan Shom safariga chiqqanlarida tepalarida bir bulut soya solib borganligi, Busro degan joyga yetganlarida nasroniy rohib Buhayroning Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom) oxirzamon payg‘ambari bo‘lishlarini bashorat qilishi shular jumlasidandir.
      Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) tug‘ilishlaridan oldin otalari Abdulloh vafot etgan bo‘lib, olti yoshga yetganlarida onalaridan ham judo bo‘ldilar va bobolari Abdul Muttalibning qaramog‘ida qoldilar.
     Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning yetimlikda voyaga yetishlarida katta hikmat bordir. Chunki, o‘zlari yetimlik va g‘ariblikni boshlaridan kechirganlari uchun ham ummatlariga nisbatan mehribon bo‘lib voyaga yetganlar. Bu haqda Qur’oni karimda ham zikr qilinib, jumladan shunday deyilgan (ma’nosi): “(Ey, Muhammad! Rabbingiz) Sizni yetim holda topib, boshpana bermadimi?! Yana Sizni gumroh (g‘ofil) holda topib, (to‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilib qo‘ymadimi?! Sizni kambag‘al holda topib, boy qilib qo‘ymadimi?! Bas, endi Siz (ham) yetimga qahr qilmang! Soil (gado)ni esa (malol olib) jerkimang! Rabbingizning (Sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!”.
     Ikki yildan so‘ng bobolari ham vafot etdi. Vafot etishidan oldin nabirasini o‘z farzandlari orasidan unga eng mehribon bo‘lgan Abu Tolibga topshirdi. Haqiqatan ham Abu Tolib Muhammad (alayhissalom)ni o‘zining farzandlaridan ham ko‘proq yaxshi ko‘rar, qayerga borsa o‘zi bilan olib yurar edi. Allohning inoyati bilan u zot (sollallohu alayhi va sallam) qayerga borsalar, o‘sha yerga baraka yog‘ilar, u kishining sharofatlari ila emizgan onalari Halima as-Sa’diyyaning va amakilari Abu Tolibning uyida mislsiz baraka paydo bo‘lganligi haqida tarix va siyrat kitoblarida bayon qilingan.
     Nabiy alayhissalom bandalarni jaholat zulmatlaridan hidoyat nuriga olib chiqish uchun Allohning insoniyatga ato etgan buyuk ne’mati, ulug‘ rahmatidirlar. Ul zotni Yer yuziga yuborish orqali Alloh taolo bashariyat jinsiga benihoya ulkan yaxshilik qildi. Alloh taolo Oli Imron surasining 164 oyatida shunday marhamat qiladi (ma’nosi): “Albatta Alloh mo‘minlarga buyuk in’om qildi – ularga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (razolatlardan) poklaydigan hamda ularga Kitob va Hikmatni o‘rgatadigan Payg‘ambarni yubordi. Zero, ular bundan ilgari ochiq xato – zalolatda edilar”.
       Boshqa bir oyati karimada esa Nabiy alayhissalom olamlarga faqat rahmat o‘laroq yuborilganligi aytiladi. Nabiy alayhissalom o‘zlari haqida “أنا رحمة مهداة” (Ana rohmatun muhdaatun) ya’ni “Men (insoniyatga) in’om etilgan rahmatdirman!”, der edilar. Darhaqiqat, Nabiy alayhissalomning yuborilishlari insoniyatning zalolat va gumrohlikdan to‘g‘ri yo‘lga kelishiga, jahannam azobidan qutulishiga sabab bo‘ladigan buyuk imkoniyat va fursatdir. Ul zot olib kelgan ilohiy ko‘rsatmalar, nabaviy o‘gitlarga amal qilgan kishilar dunyoyu oxiratda baxtu saodat topajaklar.
       Ul zotning xulqu odoblaridan o‘rnak olish, siyratlarini o‘rganib, turmushga tatbiq qilish dunyoyu oxirat saodatiga sababdir. U kishining xulqlari haqida Allohning o‘zi: “Batahqiq, Siz buyuk xulq uzradirsiz!”, deya marhamat qilib, Nabiy alayhissalomga go‘zal tavsif bergan.
      Oyisha onamiz (raziyallohu anhodan) Payg‘ambarimizning xulqlari va odoblari haqida so‘rashganda u kishi shunday javob berganlar: “Ul zotning xulqlari Qur’on edi, u (ya’ni Qur’on) nimadan g‘azablansa, o‘sha narsadan g‘azablanar, nimadan rozi bo‘lsa, o‘sha ishlardan rozi va xursand bo‘lardilar”.
       Rasululloh alayhissalom odamlarning eng rostgo‘yi, va’dasiga eng vafolisi, eng muloyim tabiatlisi, do‘stu hamroh va mehmoniga nisbatan eng karamlisi edilar. U kishi hatto o‘z chodiridagi (uzatilmagan) bokira qizdan-da hayoliroq va uyatchanroq edilar. Ko‘pincha nigohlarini quyi qilib yurar, aksar nazarlari tafakkurdan iborat bo‘lardi. Ul zot aslo fahsh so‘zlarni gapruvchi, qo‘pol so‘zlaguvchi va la’natlab yuruvchi inson bo‘lmaganlar. Yomonlikka yomonlik bilan javob bermas, balki, kechirib ketardilar. U kishidan kimdir biror ehtiyojini so‘rasa, albatta so‘raganini berar, yoki (buning imkoni bo‘lmasa) yaxshi so‘z bilan javob qaytarardilar. U kishi qo‘pol va g‘aliz bo‘lmaganlar. Toki haqdan boshqasini gapirmas ekan, hech kimning so‘zini bo‘lmasdilar. Bordiyu, nohaq so‘zlarni gapirishni boshlasa, bundan nahiy qilgan holda yoxud o‘rinlaridan turishlik bilan uning so‘zini kesardilar.
        Nabiy alayhissalom qo‘shnisini himoya qilar, (uning haq-huquqlariga rioya etar), mehmonini izzat qilardilar. U kishining bo‘sh vaqtlari zoye o‘tmasdi. Yo Alloh yo‘lida biror ish bilan band bo‘lardilar yoxud hayot uchun zarur ishda o‘tardi vaqtlari. U kishi nekbinlikni xush ko‘rardilar, badbinlikni yoqtirmasdilar. Agar ikki ishdan birini tanlash kerak bo‘lib qolsa, modomiki gunoh ishlardan bo‘lmasa, yengilini tanlar edilar. Boshiga ish tushib, g‘amga botganlarga yordam berishni, mazlumlarga madad berishni yaxshi ko‘rardilar.
        Nabiy sollallohu alayhissalom o‘z ashoblarini yaxshi ko‘rar, ular bilan maslahatlashar va ahvollaridan xabar olib turardilar. Kasal bo‘lgan kishini ziyorat qilar, ko‘rinmay qolgan odamni yo‘qlar, vafot etgan kishi haqqiga duo qilardilar. Uzr so‘ragan kishining uzrini qabul qilardilar. Ul zotning nazdida haq borasida kuchli ham, kuchsiz ham barobar edi. So‘zlaganlarida shu qadar fasohat va viqor bilan, dona-dona so‘zlar edilarki, agar kimdir (u kishi gapirar ekanlar) so‘zlarini sanasa, bemalol sanab olardi. U kishi ham hazillashar edilar, biroq faqat haqni so‘zlardilar.
     Kishilarning eng marhamatlisi, do‘st-yorlariga eng ikrom va iltifotlisi edilar. Majlisda joy torayib qolsa, surilib joyni kengaytirardilar. Uchrashgan odamlariga birinchi bo‘lib salom berardilar. Agar birov bilan qo‘l berib ko‘rishsalar, to o‘sha odamni o‘zi qo‘lini tortib olmaguncha ul Zot qo‘llarini tortmasdilar. Nabiy alayhissalom odamlarning eng kamtar va eng tavoze’lisi edilar. Agar biror yerda o‘tirgan jamoaga kelib qo‘shilsalar, oxirgi o‘tirgan odamni yoniga o‘tirardilar (ya’ni odamlarni joyidan qo‘zg‘atib, to‘rga intilmasdilar), va boshqalarni ham shu ishni odat qilishga chaqirardilar. Shuningdek, u kishi majlisdagi barcha hamrohlarining (yaxshi muomaladan) o‘z nasibasini berardilar, hatto u zot bilan o‘ltirgan odam “mendan boshqa hech kim Payg‘ambarimiz uchun mendan ko‘ra hurmatliroq va suyumliroq bo‘lmasa kerak”, deb o‘ylardi. Agar Payg‘ambarimizning huzuriga biron kishi kelib o‘tiradigan bo‘lsa, to o‘sha odamning o‘zi turmaguncha o‘rnilaridan turmas edilar. Illo qaysidir zarur ish tufayli shoshilib qolsalar, o‘sha kishidan ruxsat so‘rab, keyin o‘rnilaridan turardilar.
     Nabiy alayhissalom biron kimsaga unga yoqmaydigan, malol keladigan shaklda muomala qilmas edilar, kasallarni ziyorat qilar, miskinlarni yaxshi ko‘rar, ular bilan birga o‘tirar va janozalarida qatnashar edilar. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) kambag‘alni kambag‘alligi uchun tahqirlamas, shuningdek biror podshohdan uning podshohligi uchungina haybat qilmas edilar. Agar qandaydir ne’mat berilsa, garchi arzimas va oz miqdorda bo‘lsa ham, uni ulug‘lab, oshirib ko‘rsatardilar. U kishi bironta ovqatni yomonlamaganlar. Yoqsa yer, yoqmasa yemasdilar. Taomning avvalida Allohning nomini yodga olar, so‘ngida Unga hamd aytar va o‘ng qo‘llari bilan yeb-ichardilar.
      Payg‘ambarimiz xushbo‘yliklarni, muattar hidli narsalarni yaxshi ko‘rar, piyoz va sarimsoq kabi badbo‘y narsalarni hidi uchun yoqtirmasdilar. Nabiy alayhissalom riyo va sum’adan, amalni odamlarga ko‘z-ko‘z qilishdan nihoyatda uzoq edilar. Harbir amallari xolis Alloh uchun qilinardi. Ul zot haj qildilar va “اللهم هذه حجة لا رياء فيها ولا سمعة” ya’ni “Ey Alloh, bu riyo va sum’a aralashmagan hajdir, (uni qabul etgin)!”, deya duo qildilar (Maqdisiy rivoyati).
      Nabiy alayhissalom kiyim-kechak va majlisda ashoblaridan ajralib olmas edilar. Ular orasiga sahroyi arablar kelar va: “Qay biringiz Muhammad bo‘lasiz?”, der edi.
    Alloh taoloning oxirgi Payg‘ambari Muhammad alayhissalom hamma jihatdan ummatga namuna edilar, u zotning xulqlari Qur’on edi. Siyrat kitoblarida, u zotdan rivoyat qilingan hadisi shariflarda Muhammad sollallohu alayhi va sallamning komil inson bo‘lganlari vasf etiladi: Jumladan, Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: "Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng go‘zali, odamlarning eng saxiyi, odamlarning eng shijoatlisi edilar" (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
      Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda esa: "Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng chiroylisi va xulqi eng go‘zali edilar", deyiladi (Imom Buxoriy rivoyati, "Jome’us-sahih").
      Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, men odob va axloqlarni komil qilish uchun yuborilganman", dedilar" (Imom Ahmad, Buxoriy va Hokim rivoyat qilishgan).
      Hadisi shariflar bilan yaqindan tanishgan har bir kishi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning buyuk kechirimliliklari, odamlarga har qanday holatda ham yaxshi muomalada bo‘lishlari, ayniqsa u zotning hatto boshqa din va ta’limot vakillariga ham o‘ta bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lganlariga ishonch hosil qiladi.
     Mujohiddan rivoyat qilinadi: "Abdulloh ibn Amrning uyida qo‘y so‘yildi. U kelib: "Yahudiy qo‘shnimizga ham hadya qildingizmi? Yahudiy qo‘shnimizga ham hadya qildingizmi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning "Jabroil menga qo‘shnining haqqi haqida shu qadar ko‘p tavsiya qildiki, hatto uni meros oladigan qilsa kerak, deb o‘ylab qoldim", deganlarini eshitganman", dedi" (Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan).
     Abdurrahmon ibn Abu Laylodan rivoyat qilinadi: "Sahl ibn Hunayf va Qays ibn Sa’d roziyallohu anhumo Qodisiyada o‘tirishgan edi. Ikkisining oldidan bir janozani olib o‘tishdi. Shunda ular o‘rinlaridan turishdi. Ularga: "U yerlik aholidan", deyildi (ya’ni, ahli zimmadan). Shunda ikkisi aytdi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam oldilaridan janoza o‘tganda o‘rinlaridan turdilar. Shunda u zotga: "Bu – yahudiyning janozasi", deyildi. Shunda u zot: "U inson emasmi?!" dedilar" (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan). Ushbu hadislardan Nabiy alayhissalom insonlarni dinidan qat’iy nazar insonlik hurmatini rioya qilganlari kelib chiqadi. U kishi oldilaridan boshqa dindagi kishining janozasi olib o‘tilganda ham o‘rnilaridan turdilar.
     Rasuli akramga ergashish Alloh taologa itoat etishdir. Bizning yo‘limiz Hazrati Payg‘ambarimiz (sallollohu alayhi vasallam) sunnatlariga ergashish yo‘lidir. Imon taqozosi – Alloh taologa va Uning elchisiga itoatdir. Payg‘ambarimiz ismlarini tilga olganimiz hamon salavot aytib ulug‘lash kerak. Chunki Payg‘ambarga (alayhissalom) Alloh taoloning O‘zi oldin salavot o‘qidi, so‘ngra farishtalariga buyurdi, undan keyin mo‘minlarga u kishiga salavot yo‘llashni amr etdi. Shuning uchun Payg‘ambarga (sallollohu alayhi vasallam) salavot aytish ibodatdir. Bu haqda Payg‘ambar alayhissalomning juda ko‘p hadisi shariflari bor:
     Jubayr ibn Mut’imdan (raziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Mening besh ismim bor: men Muhammadman. Men Ahmadman. Men Mohiyman – o‘chiruvchiman, Alloh men bilan kufrni o‘chiradi. Men Hoshirman – to‘plovchiman, Alloh mening oyoqlarim oldiga odamlarni jam’ etadi. Mendan keyin birorta payg‘ambar kelmaydigan Oqibman”, dedilar. Batahqiq, Alloh u zotni Rauf va Rohiym deb atagan” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
      Abdulloh ibn Mas’uddan (raziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh (sallollohu alayhi vasallam): “Qiyomat kuni menga eng yaqin bo‘ladigan kishilar menga ko‘p salavot aytadiganlardir”, dedilar (Ibn Hibbon rivoyati).
     Zuhra ibn Ma’badning (raziyallohu anhu) bobolaridan rivoyat qilinadi (ma’nosi): “Rasululloh (sallollohu alayhi vasallam) bilan birga edik. U zot Umar ibn Xattobning qo‘llaridan tutib turardilar. Umar: “Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki, siz menga o‘zimdan boshqa hammadan sevimlisiz”, dedi. Shunda Rasuli akram: “Sizlarning birortangizga o‘zidan ham sevimli bo‘lmagunimcha u mo‘min bo‘lolmaydi”, dedilar. Hazrati Umar: “Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki, endi siz menga o‘zimdan ham sevimlisiz”, dedi. Rasululloh: “Ana endi to‘g‘ri bo‘ldi, ey Umar”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
     Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam marhamat qilib, dedilar: “Qiyomat kuni jannatning eshigiga kelib ochishni so‘rayman. “Sen kimsan?” deyiladi. “Muhammadman”, deyman. “Senga (ochishga) amr qilinganman. Sendan oldin hech kimga ochmayman”, deyiladi” (Imom Muslim rivoyati).
     Abu Sa’id Xudriydan (raziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam dedilar: “Ey Abu Sa’id, kim Allohni Robb, Islomni din, Muhammadni rasul deb rozi bo‘lsa, unga jannat vojib bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).
     Ali ibn Abu Tolibdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam dedilar: “Mening nomimdan yolg‘on to‘qimanglar. Zero, Kimki, Mening nomimga yolg‘on to‘qisa, do‘zaxga kirdim deb hisoblayversin” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
     Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam marhamat qilib dedilar: “Har bir Payg‘ambarning bitta aniq ijobat bo‘ladigan duosi bo‘ladi. (Mendan boshqa )hamma payg‘ambar mazkur duosini bu dunyoning o‘zida ishlatib bo‘lgan. Men esa u duoimni qiyomat kunida ummatimga shafot bo‘lishi uchun olib qo‘yganman. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

 

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216352
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19009
  • 12794
  • 15756