Nikohni parchalovchi muloqotning 3 turi
29.8.2016 9036

  Nikoh muqaddas tushuncha. U jamiyatning kichik, biroq o‘ta muhim birligi. Mustahkam nikoh rishtasi, oilalar baxtiyorligi demakdir. Oilalar saodati esa jamiyat taraqqiyotini belgilaydi. Biroq odamlarning hammasi ham oilada baxt-iqbol topavermaydi. Eru xotinning bir-birini tushunmasligi, sabr-toqat yetishmasligi, shar’iy qoidalardan bexabarlik ko‘pincha oilalarning parchalanib ketishiga olib keladi.
   Ulamolarning aytishicha, oilaning mustahkamligi er-xotinning kundalik o‘zaro muloqotiga bog‘liq. Bunda shunday holatlar borki, bora-bora o‘shalar oilani yemiradi, parokanda qiladi. Mutaxassislar nikohga raxna soluvchi asosiy xavfni 3 turga bo‘ladi.

 

1. Tanqid

 

Tanqidning tanqidi farqi bor. Kamchiliklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuziga solib, o‘sha nuqsonlar bilan ayblash, harakteridagi qusurlar bilan doimiy kamsitish eru xotin munosabatlariga sovuqchilik soladi. Biri-biridan bezdiradi.
Turmush o‘rtog‘ingizni doim kamchiliklari uchun tanqid qilaversangiz, u o‘zini aybdor his qila boshlaydi. O‘ziga va shu bilan birga sizga bo‘lgan ishonchi ham kamayib boradi. Oilaning mustahkamligini istasangiz, ayolingizning eng yaxshi hislatlarini ko‘proq e’tirof qilib, uni qo‘llab-quvvatlab turing. Kamchiliklarini maslahatlar va tushuntirishlar bilan bartaraf qilishga ko‘maklashing. Qattiq jaxlingizni chiqargan holatda ham imkon qadar sovuqqonlikka intiling. Bu bilan siz turmush o‘rtog‘ingizga ham “ko‘zgu” bo‘lasiz.

 

2. Hurmatsizlik va mensimaslik

 

Siz turmush o‘rtog‘ingizni to‘xtovsiz haqorat qilsangiz, yomon so‘zlar bilan so‘ksangiz, zarracha hurmat qilmasangiz, bilib qo‘ying-ki, bu bilan hech nimaga erisha olmaysiz. Munosabatlardagi dag‘allik va qo‘pollik oiladagi parokandalikkacha olib borishi mumkin. Zero, inson o‘zining eng yaqin odamlaridan qo‘pollik kutmaydi va bu sodir bo‘lganda yurakka og‘ir botadi. Shu bois, har doim o‘z turmush o‘rtog‘ingizga, farzandlaringiz onasiga xurmat bilan muomalada bo‘ling. Yerga urish, kamsitish va haqoratlardan butkul yiroq bo‘ling. Unutmangki, hech qachon bunday uslub bilan muammolarni hal etib bo‘lmaydi, obro‘ga ham erishilmaydi.

 

3. Himoya mexanizmi

 

Biror muammo tug‘ilsa, darrov turmush o‘rtog‘ingizni ayblashga tushasiz, doim jabrdiyda bo‘lasiz. O‘zingizni oqlashga, barchasi uchun uni aybdor qilishga sabab qidirasiz. Himoya tomoniga o‘tib olasiz. Muammodan siz jabr ko‘rsatgandek qilib ko‘rsatasiz. Qarabsizki, oilada o‘zaro ishonch, bir-birini qo‘llab-quvvatlash degan tushunchalar barham topadi. Xo‘sh, bu bilan oila mustahkamligini ta’minlab, to‘kin baxtga erishib bo‘ladimi? Albatta, yo‘q. Shuning uchun ma’lum muammolar paydo bo‘lganda asosiy aybdorni qidirishga oshiqmang. Birinchi navbatda muammoni bartaraf etish yo‘llarini izlang va bu jarayonda turmush o‘rtog‘ingizga ham maslahat soling.

     Azizlar, nikoh rishtalarini uzuvchi bu kabi holatlarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Biroq aksar oqibatlarni yuqorida keltirilgan asosiy xatolar keltirib chiqaradi. Unutmang, oila ham bir imorat. Uning poydevorini eru xotin birgalikda ko‘taradi. Avval boshda poydevor nosoz bo‘lsa yoki to‘g‘ri qo‘yilmasa, oila qo‘rg‘oni bir umr qulash xavfi ostida qoladi.

 

Muslim Mirzajonov tayyorladi

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 70957
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

10631
  • 6085
  • 3922
  • 5957