Navoiyni tanitgan otam
9.2.2017 6267

   Men Navoiy haqida ilk bor otamdan eshitganman... 
  O‘shanda bola edik. Uzun qish kechalarida butun oilamiz bilan sandal atrofida o‘tirar, otam Navoiy g‘azallaridan o‘qir edilar. Tushunmasam-da, g‘azallardagi dilimga tanish ohanglar meni rom qilardi... 
   Otam yaxshigina rassom ham bo‘lganlaridan, kolxoz idorasi, maktab, bog‘cha kabilar uchun ul-bul narsalar chizib turardilar. Bir kuni Navoiy rasmini chizib berishlarini iltimos qilishdi. Otam chizdilar – qo‘lida kitob ushlab, uzoqlarga nigoh tashlab odimlayotgan, etaklarini shabboda hilpiratayotgan nuroniy siymo... Bu jonli surat hali-hanuz ko‘ng o‘ngimda... 
   Bir kuni otam “Navoiy” degan jigarrang muqovali kitobcha olib keldilar. U bobomiz hayoti va ijodi haqidagi hikoyalar to‘plamidan iborat edi. Qo‘limdan qo‘ymay o‘qigandim. Hatto unda keltirilgan baytlar haligacha esimda... 
   Bolalikda yuragimga tushgan Navoiyga bo‘lgan mehr keyin ham so‘nmadi. Oliygohda o‘qib yurgan kezlarimda dilimga yaqin so‘zlarini tanish, ma’nolariga yetish uchun ulug‘ shoirning asarlarini o‘rganishda davom etdim. Dastlab, Navoiy tili – she’riyatidagi inja so‘zlardan lol bo‘lib yurgan bo‘lsam, endi so‘zlarning mantig‘idan hayratlanardim. Ijod mulki hazratning obid, zohid bir insonligidan, ishq ahli ekanidan darak berardi... 
    Yaqinda “Sittai zaruriya” kitobining tarjima nusxasini o‘qib qoldim. Navoiy unda ilohiy nizom bilan harakatlanayotgan borliq, bandalikka rioya qilish orqali Allohga yaqinlikni topish, ikki olam saodati haqida teran mulohazalar yuritadi. Insonga xitob qilib: 
    “(Shunday asl insonsanki), sening tuprog‘ingni olib kelish uchun farishtalar hammollik qildilar; 

Sening (tan) mulkingni yaratish uchun falak maydonlik vazifasini o‘tadi. Yaratilishing tilsimiga qudrat qo‘li me’morlik qildi. O‘sha tilsimga hikmat xazinasini ko‘mib qo‘yar ekan, undan farishtalar ham bexabar qoldilar; 

Qutu quvvatlari zikrdan iborat bo‘lgan oliy gulshan qushlari (farishtalar) ham yoqimli ovoz bilan sening huzuringga bosh qo‘ydilar (sajda qildilar)...” 

     Bu so‘zlar qalbimga titroq soldi. Bizni inson qilib yaratdi!.. Olamlar ichra a’losi qildi. Anglash ilmini berdi, fitrati pok bo‘lgan farishtalar ham qarshimizda bosh egib, xizmatimizga buyurildi. Osmonlar biz uchun ko‘tarildi, yer manzil-makon qilib oyoqlarimiz ostiga to‘shaldi. Quyosh, oy, yulduzlar biz uchun nur sochadi. Anvoyi ne’matlar ichramiz... Alloh nega bizni bunchalar siylagani haqida esa o‘ylab ko‘rmaymiz ham... “Ajab emaski, ruhing o‘lganu sen nafs uchun tirik yuribsan. Jonga ruhning fayzini so‘rash o‘rniga nafsingning huzur-halovatiga mubtalosan”. Shoirning bu haq so‘zlari ila yuzlashib, “Nafsim (tufayli) xato qilganimda ishim qo‘rquvdan o‘t soluvchi fig‘on chekish, kipriklarimdan yosh to‘kish bo‘ldi”... Dilim Navoiydan minnatdor bo‘ldi... 

“So‘z bayoni hamisha nafli bo‘lsa ham, uzayib ketsa, malollik keltiradi va maqsaddan uzoqlashib ketadi”, deganlaridek, so‘zimni muxtasar qildim. 

 

Zebunniso Husayn qizi

 

Manba: www.irfon.uz 

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216228
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24538
  • 18998
  • 12788
  • 15752