Musulmon terrorist, terrorist musulmon emas!
3.11.2016 6211

    Barchamizga ma’lumki, bugungi kunga kelib butun dunyoda fitna – fasod ko‘paydi, qiyofasi boshqacha tus oldi. Yovuz kuchlar musulmonlar tinchligiga putur yetkazish maqsadida ularning orasida fitna urug‘ini sochmoqdalar. Fisqu fasod va buzuq e’tiqodlarni diniy shiorlar, islomiy qadriyatlar nomi ostiga yashirib, o‘zlarining asl maqsadlariga nishon qilib olmoqdalar. Mana necha yillardirki, turli nomlardagi to‘da, guruhlar terror, odam o‘ldirish hamda xudkushlik amaliyotlari bilan insonlarni qo‘rquvga solib, ularning tinchini buzmoqda, onani farzanddan, farzandni yaqinlaridan judo aylamoqda. Uylar, masjidlar, qadamjolar, shifoxonalar, maktabu madrasalarning kunini ko‘kka sovurmoqdalar. Eng achinarlisi, jahon ko‘z o‘ngida xuddiki bu ishlarni musulmonlar amalga oshirgani, musulmon inson johil, to‘pori, zulmu zo‘ravonlikka o‘ch qilib ko‘rsatilmoqda. Vaholanki, zarracha haqiqat nigohiga ega inson musulmonlarning ilohiy kitobi bo‘lmish Qur’oni karimga bir bor e’tibor qaratsalar, tasavvurlar noto‘g‘riligi ma’lum bo‘ladi. Ya’ni musulmonlar emas balki: “Ogoh bo‘lingki, aynan ularning o‘zlari buzg‘unchilardir, lekin buni o‘zlari sezmaydilar”. 
   Islom shariati din, jon, obro‘, nasab hamda molni muhofaza etib, zulm, buzg‘unchilik, odam o‘ldirish, insonlarga nafaqat til, qo‘l, balki imo ishora bilan ham ozor yetkazishdan qaytargan. Birovni molini talash, uning mulkiga ziyon yetkazishdan qaytargan. Qur’oni karimda Alloh taolo mo‘min – musulmonlarni yer yuzida buzg‘unchilik qilish, odamlar orasida fitna – fasod urug‘ini sochish, ularga zulm qilish eng katta jinoyat ekanligini ta’kidlab, quyidagicha bayon qilgan: “Yana «Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz! (dedik)”. (Baqara, 60) O‘zingiz Allohning yerida turib, Allohning rizqidan yeb, yana Alloh suymaydigan ishlarni qilmang ma’nosida xitob qilingan. Alloh Taolo Qur’oni Karimning Qasos surasi, 77 – oyatida shunday deydi: “Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas”. 
    “Yer yuzida buzg‘unchilik qilish” deganda, odamlar orasida fitna – fasod qo‘zg‘ash va boshqa buzuq ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish tushuniladi. Yana bu haqida Alloh Taolo Baqara surasining 27 – oyatida shunday deydi “… Va Yer yuzida buzg‘unchilik qiladigan kimsalardir. Ular, albata, ziyon ko‘ruvchilardir”. 
     O‘z vataniga qarshi boradigan insonlar o‘rtasida fisq – fasod urug‘larini sochadigan jamiyatda buzg‘unchilik qiladigan, o‘zlaricha chin musulmonlikni da’vo qiladigan bu buzg‘unchi fasodchilar qanday qilib musulmon bo‘lsinlar? Ular Allohning buyrug‘iga qarshi chiqayotgan islom dini dushmanlaridir. Rasululloh sallolohu alayhi vasalam: “Qo‘li va tili bilan o‘zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir” deganlar. Ular aksincha, o‘z maqsadlari yo‘lida dinni niqob qilib, insonlar orasiga fisq – fasod urug‘larini sochish, begunoh insonlarni qonini to‘kish kabi razil ishlar qilishga urunmoqdalar. 
     Payg‘ambarimiz sallolohu allayhi vasalam ham jamiyatga taxdid soluvchi fitna – fasod, buzg‘unchilik haqida shunday deganlar: “Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshi va yomoni farqiga bormasa, mo‘minga zarar berishdan o‘zini tiymasa, bergan va’dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!”
     Alloh Taolo Baqara surasining 204 – oyatida shunday deydi: Odamlar orasida shunday kimsa* ham borki, uning dunyo hayoti to‘g‘risidagi gapi Sizga qiziqarli bo‘ladi. Dilidagi "imoni"ga Allohni guvoh qiladi, vaholanki, o‘zi (Islomga nisbatan) dushmanlarning ashaddiysidir. Bundaylarni “shiori yaltiroq, ichi qaltiroq” deyish mumkin. Ular o‘zlaricha insonlarni “To‘g‘ri yo‘l”ga, “Islom”ga da’vat etadilaru ammo qalblarida zarracha bo‘lsada iymondan asar yo‘q. Mana shu kabi kimsalar sabab insonlar o‘rtasida fitna – fasod urug‘i ko‘oayadi. Lekin bunday urug‘ ko‘payishiga nafaqat ular, balki ularning uchubm ularga qo‘shilib ketayotganlar ham sababchidir.

     Alloh Taolo Isro surasining 36 – oyatida: “Ey inson! O‘zing aniq bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dilning, har biri to‘g‘risida “Har bir inson” mas’ul bo‘lur. (Javob berur deya marhamat qilgan). Aniq hujjat va dalillar keltirilganidan keyin ham egri yo‘ldan qaytmaydigan kimsalar, o‘ziga - o‘zi zulm qiluvchi, adashganlardir. Zero, Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan inson Qur’oni karim va hadisi shariflardagi buyruq va qaytariqlarga teng amal qilishi, nafaqat o‘ziga balki, jamiyatga ham foyda keltirishi, Hisob kunidagi hisob-kitoblarga solih amallarni tayyorlab borishi kerak. 

 

Yo‘lchiyeva Mashhura

Hadicha Kubro ayol – qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti 2 – kurs talabasi 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216397
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19011
  • 12794
  • 15758