Muso alayhissalom bilan solih banda uchrashuvi (1)
29.2.2016 10118

     Qur’oni karimning Kahf surasida Muso alayhissalom va solih banda uchrashuvchi haqida qissa kelgan. Qissa Alloh taoloning quyidagi so‘zlari bilan boshlanadi: “Muso (o‘zining xizmatkor) yigitiga: “To ikki dengiz qo‘shiladigan yerga yetmaguncha yoki uzoq zamonlar kezmaguncha yurishdan to‘xtamayman”, degan paytini eslang. Endi qachonki, u ikkisi (ikki dengiz) qo‘shiladigan yerga yetishgach, baliqlarini unutdilar. Bas, u (baliqqa jon kirib,) dengizga qarab yo‘l oldi. Bas, qachonki, (u yerdan) o‘tishgach, (Muso) yigitiga: “Nonushtamizni keltir, haqiqatan, bu safarimizdan juda charchadik”, degan edi, u (xizmatkor): “Buni ko‘ring, biz (dengiz sohilidagi) qoyaga borgan paytimizda, men baliqni unutibman. (Buni) aytishni faqat shayton yodimdan chiqarib, u (baliq) dengizga yo‘l olibdi-ya, ajabo”, dedi. (Muso) dedi: “Mana shu biz istagan narsadir”. So‘ng uni izlab ortlariga qaytdilar. Bas, bandalarimizdan bir bandani topdilarki, Biz unga O‘z dargohimizdan rahmat ato etgan va O‘z huzurimizdan ilm bergan edik” (Kahf surasi, 60-65-oyatlar). Oyatdagi “ikki dengiz qo‘shiladigan yer” Qizil dengiz va O‘rta yer dengizi qo‘shiladigan joydir. Alusiy ikki dengiz Fors va Rum dengizidir, degan. Aytilishicha, ikki dengiz Urdun (Iordaniya) va Qulzum (Qizil) dengizdir . Ba’zilar ulamolar: “Eng to‘g‘ri qavl shuki, ikki dengiz Rum va Qulzum dengizidir”, deyishgan. Vallohu a’lam!
           Yuqorida keltirilgan oyatning ma’nosi: ey hurmatli Payg‘ambar, qavmingiz ibrat olishi uchun birodaringiz Muso alayhissalom xizmatkori Yusha’ ibn Nunga:

 

– Menga safarda hamroh bo‘l. Men ikki dengiz tutashadigan joyga yetmagunimcha yurishda davom etaman. Ana o‘sha yerda men maqsadimga erishaman. Agar murodim hosil bo‘lmasa, hali uzoq yo‘l yuramiz, – deb aytganini englang.

 

     Oyati karima dalolatiga ko‘ra, Muso alayhissalom har qancha mashaqqatga, vaqt cho‘zilib ketishiga qaramay ikki dengiz qo‘shiladigan joyga borishga qat’iy qaror qilgan. Alusiy Muso alayhissalomning bu azmu qaroriga quyidagi sababni keltirgan: “Muso alayhissalom shijoatining boisi Buxoriy va Muslim Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan naql qilgan rivoyatda aytilgan. Unga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Muso alayhissalom Bani Isroilga va’z-nasihat qilardi. Bas, undan: “Odamlar ichida eng bilimdoni kim?” deb so‘raldi. Muso: “Men”, deb javob berdi. Bas, Alloh ilmni U Zotga nisbat bermagani sabab payg‘ambariga tanbeh berdi. Keyin ikki dengiz qo‘shiladigan joyda undan olimroq solih banda borligini ma’lum qildi”, dedilar. Boshqa rivoyatda kelishicha, Muso alayhissalom: “Yo Rabbim, agar bandalaring orasida mendan olimrog‘i bo‘lsa, bas, meni unga yo‘lla”, deb duo qildi. Alloh: “Ha, bandalarim ichida sendan olimrog‘i bor”, dedi va uning sifatlarini aytib, Musoga o‘sha solih banda bilan uchrashishiga ruxsat berdi ”.
        Oyat davomida voqealar rivoji quyidagi bayon qilingan: “Endi qachonki, u ikkisi (ikki dengiz) qo‘shiladigan yerga yetishgach, baliqlarini unutdilar. Bas, u (baliqqa jon kirib,) dengizga qarab yo‘l oldi”. Muso xizmatkor yigitga ba’zi gaplarni aytib, ikki dengiz tutashadigan joyga yetib kelganlarida, ular baliqlarini unutdilar, undan bexabar qoldilar. Baliqqa jon kirib, dengizga tushib suzib ketdi.
      Ibn Kasir aytadi: “U tuzlangan (qovurilgan) baliq olishga buyurilgan edi. Keyin: “Ey Muso, baliqni yo‘qotgan joyingda sendan olimroq solih bandani topasan”, deyildi. Bas, ular yurib kelib, ikki dengiz tutashadigan joyga yetishdi. U yerda “hayot bulog‘i” nomli chashma bor edi. U ikkisi o‘sha yerda uxlab qolishdi. Yengil shamol esib, baliq suvga tushib harakatga keldi. U Yusha’ning xaltasida edi. Baliq suvga tushganidan keyin Yusha’ uyqudan uyg‘ondi va baliqqa jon kirganini ko‘rdi. Baliq ortidan iz qoldirib yo‘lida davom etdi... ”
        “Bas, qachonki, (u yerdan) o‘tishgach, (Muso) yigitiga: “Nonushtamizni keltir, haqiqatan, bu safarimizdan juda charchadik”, degan edi, u (xizmatkor): “Buni ko‘ring, biz (dengiz sohilidagi) qoyaga borgan paytimizda, men baliqni unutibman”. Ya’ni, Muso va xizmatkor yigit ikki dengiz tutashadigan joydan o‘tishgach, Muso alayhissalom xizmatkori Yusha’ ibn Nunga:

 

– Qovurilgan baliqni olib keldi. Yo‘l yurib juda toliqdik, – dedi.

 

Muso alayhissalom gapini eshitgan Yusha’ unga ajablanish bilan:

 

– Buni qarang, ikki dengiz qo‘shiladigan joyga borganimizda, o‘zim ko‘rgan ajib bir hodisani sizga aytishni, baliqqa jon kirib, suvga sakraganini aytishni yodimdan chiqaribman! – dedi. Yusha’ ibn Nun baliqqa jon kirib dengizda suzib ketganini ko‘rgan, bu voqeadan lol bo‘lib qolgan, ammo Muso alayhissalomga aytmagandi. “(Buni) aytishni faqat shayton yodimdan chiqarib, u (baliq) dengizga yo‘l olibdi-ya, ajabo”, dedi. Bu yerda baliqqa jon kirib dengizda suzib ketganini vaqtida aytmaganlikka nima sabab bo‘lgani keltirilmoqda. Ya’ni, baliq bilan bo‘lgan hodisani sizga aytishni shayton yodimdan chiqardi. Zero, u insonni vasvasa qilib, xayolini chalg‘itadi, unga ba’zi muhim ishlarni unuttiradi. 

         Darvoqe, baliq tirilib, suvga sakradi va ortidan iz qoldirib, ajib suratda suzib ketdi. Men buni ko‘rib hayron bo‘lib qoldim! Shundan so‘ng Muso alayhissalom Parvardigori belgilagan joyga yetib kelganini bilgani bayon qilinadi: (Muso) dedi: “Mana shu biz istagan narsadir”. So‘ng uni izlab ortlariga qaytdilar”. Ya’ni, Muso alayhissalom xizmatkoriga:

 

– Sen unutgan baliqning xabari biz istagan narsadir. Zero, baliqqa jon kirgan makonda qidirayotganimiz solih banda bor, – dedi va baliq yo‘qotilagan, ikki dengiz tutashadigan xarsang tosh oldiga qaytib keldilar. Adashib ketmaslik uchun izma-iz ortlariga qaytdilar. Boshqa yo‘ldan yurganlari yo‘q.
        “Bas, bandalarimizdan bir bandani topdilarki, Biz unga O‘z dargohimizdan rahmat ato etgan va O‘z huzurimizdan ilm bergan edik”. Ular baliq dengizga tushib suzib ketgan joyga qaytib kelishgach, Bizning solih bandalarimizdan birini topdilar. Biz unga O‘z huzurimizdan ulug‘ rahmat bergandik, uni tanlab olgandik.
         Shuningdek, Biz unga o‘z dargohimizdan xos ilm bergandik. Biz uni faqat O‘zimiz xohlagan bandalargagina beramiz. Ko‘p sahih sahdislar dalolat qilishicha, oyatdagi solih bandadan murod Xizr alayhissalomdir. Ba’zi ulamolar uni payg‘ambar, deb bilishsa, boshqalar Xizrni Alloh tarafidan ilmi laduniy berilgan solih bandalardan biridir, deyishgan.
      Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “U “Xizr” deb nomlanganiga sabab shuki, agar oq (quruq) yerda o‘tirsa, ko‘k rangga aylanardi (o‘sha yerda o‘simlik o‘sardi, deyilmoqchi)” (Buxoriy rivoyati).
       Muhaqqiq ulamolar, jumladan, imom Buxoriy, Ibn Qayim va boshqalar fikricha, Xizr o‘zga insonlar kabi vafot etgan. Boshqalar Xizr tirik ekani, oxiri zamonda vafot etishini aytishgan. Ibn Qayyim aytadi: “Xizrning tirik ekani aytilgan hadislarning barchasi yolg‘ondir. Bu borada bironta ham sahih hadis yo‘q. Bu masalani hadis ulamolari to‘liq bayon qilishgan. Agar istasang, ularning qavllariga murojaat qil ”.
      Muso xizmatkori Yusha’ ibn Nun bilan safarga chiqib, ikki dengiz tutashadigan joyda solih banda Xizr alayhissalomni uchratgach bo‘lib o‘tgan suhbat Kahf surasining keyingi oyatlarida bayon qilingan: “Muso unga: “Senga bildirilgan bilimdan, menga ham to‘g‘ri yo‘lni ta’lim berishing uchun senga ergashsam maylimi?” dedi. U (Xizr) aytdi: “Aniqki, men bilan birga sabr qilishga hargiz toqating yetmas. O‘zing egallab olmagan – xabardor bo‘lmagan narsaga qanday sabr qilasan?!”. Muso dedi: “Inshaalloh, mening sabr-toqatli ekanimni ko‘rasan. Men biron ishda senga osiylik – itoatsizlik qilmayman”. U (Xizr) aytdi: “Bas, agar ergashsang, to o‘zim senga aytmagunimcha biron narsa haqida mendan so‘rama!” (Kahf surasi, 66-70-oyatlar).
        Muso alayhissalom ikki dengiz tutashgan joyda Xizrni uchratgach, unga:

 

– Men Alloh tarafidan senga bildirilgan ilmdan o‘rgatishing uchun senga hamroh bo‘lishimga ruxsat berasanmi. Shoyad bu menga rushdu hidoyat bo‘lsa, uning sababidan yaxshilik qozonsam, – dedi.

 

       Ko‘rinib turibdiki, Muso alayhissalom bu yerda Xizr alayhissalomga payg‘ambarlarga xos odob bilan bilan muomala qilmoqda. Chunonchi, muloyimlikka dalolat qiluvchi savol bilan murojaat qilib, o‘zini ustoz oldidagi shogird maqomida tutmoqda, undan yaxshilik yo‘lini o‘rganish uchun hamroh bo‘lishga izn so‘ramoqda.
      Ba’zi ulamolar shunday deyishgan: “Bu oyatda, garchi martabalari farq qilsa ham, ilm oluvchi olimga itoat qilishiga dalolat qilinmoqda. Musoning Xizrdan ta’lim olishi Xizrning Musodan afzal ekanini ko‘rsatmaydi. Zero, fozil fazilatda o‘zidan pastroq darajadagi odamdan ham tahsil olishi mumkin. Demak, Alloh u ikkisidan birini boshqalar bilmaydigan ilm bilan siyladi. Muso alayhissalom ilmi shariat ahkomlari, zohiriy hukmlar bilan bog‘liq edi. Xizr alayhissalom ilmi esa ba’zi g‘ayb narsalar va botiniy ma’rifat bilan bog‘liq edi ”.
       Shundan so‘ng Xizr Musoga qanday javob qaytargani keltiriladi: “Aniqki, men bilan birga sabr qilishga hargiz toqating yetmas”. Ya’ni, ey Muso, agar menga hamroh bo‘lsang, men bilan birga yursang, u holda hech bir holatda sabr qila olmaysan.
     Ibn Kasir aytadi: “Ya’ni, ey Muso, agar menga hamroh bo‘lsang, shariatingga xilof keladigan ishlarni ko‘rib, sabr qilib turolmaysan. Menga Alloh O‘zi ilm bergan. Bizlardan har kim Allohning ishlariga mukallafdir. Bas, men bilan hamroh bo‘lishga qodir emassan ”.
       O‘zing egallab olmagan – xabardor bo‘lmagan narsaga qanday sabr qilasan?!” Bu yerda Muso nima sababdan Xizrga hamroh bo‘lolmasligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, ey Muso, mendan sodir bo‘lgan ishlarni ko‘rganingda qanday sabr qila olasan. Bu ishlar tashqi tarafdan munkar – yomon ishga o‘xshaydi. Uning qarshisida sukut saqlab turish amri mahol. Ammo uning botiniy jihatidan bexabarsan. Sababi Alloh senga uni oshkor qilmagan!
         Biroq manfaatli ilm olishga o‘ta ishtiyoqmand bo‘lgan Muso alayhissalom solih kishiga hamroh bo‘lish istagidan voz kechmadi. Balki odob va lutf bilan:

 

– Inshaalloh, sen mening sabr-toqatli ekanimni ko‘rasan. Men biron ishda senga osiylik – itoatsizlik qilmayman, – dedi. Ya’ni, mening sabrli ekanimga amin bo‘lasan: senga e’tiroz bildirmayman, o‘zimga buyurilgan ishlarda senga osiylik qilmayman, dedi Muso alayhissalom. Shunda Xizr u bilan hamroh bo‘lish uchun quyidagi shartni qo‘ydi: “Bas, agar ergashsang, to o‘zim senga aytmagunimcha biron narsa haqida mendan so‘rama!” .   Xizr Muso alayhissalomga ta’kid bilan:

 

– Agar men bilan birga yursang, u holda mendan sodir bo‘lgan va senga yoqmagan narsalarni ko‘rsang, e’tiroz bildirma, u haqida menga xitob qilma. Meni o‘z holimga qo‘y. Mavridi kelsa, bu ishlarni nima sababdan qilganimni aytaman.

 

Muhammad Sayyid Tantoviyning “Payg‘ambarlar tarixi” kitobidan

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216326
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24552
  • 19005
  • 12793
  • 15756