Moida surasida zoologiya fanining ilmiy kashfiyoti
23.1.2017 9089

     Qur’oni karim nozil qilinganiga 14 asrdan oshgan bo‘lsa-da, har kuni undagi biror voqea bilan bog‘liq ilmiy kashfiyotlar e’lon qilinmoqda. Albatta, 14 asr avval aytilgan gaplarning ilmiy haqiqati endi-endi topilayotgani bu Kitob Allohning Kalomi ekanligining va Muhammad alayhissalomga mo‘’jiza o‘laroq nozil qilingan, uning mo‘’jizaligi esa qiyomatga qadar davom etadigan Kitobligining ochiq-oydin isbotidir. Ana shunday ilmiy mo‘’jizalardan biri qarg‘a bilan bog‘liq mo‘’jizadir. 
   Qur’oni karimning Moida surasida shunday oyatlar bor: “Ularga Odamning ikki o‘g‘li (Qobil va Hobil) haqidagi xabarni haqiqati bilan o‘qib bering! Ikkisi qurbonlik qilganlarida, biridan qabul qilindi, unisidan esa qabul qilinmadi. (Qurbonligi qabul bo‘lmagan Qobil ukasi Hobilga): "Seni, albatta, o‘ldirajakman!» – dedi. (Hobil) esa: "(Qurbonlikni) Alloh aslida taqvoli kishilardan qabul qilur. Agar meni o‘ldirish uchun qo‘lingni men tomonga cho‘zsang, men seni o‘ldirish uchun Sen tomonga qo‘limni cho‘zuvchi emasman. Axir, men olamlar rabbi – Allohdan qo‘rqaman. Men o‘zimning gunohimni ham, o‘z gunohingni ham (zimmangga) olib ketishingni va do‘zax ahlidan bo‘lishingni xohlayman. Zolimlarning jazosi shudir», – dedi. Uning (havoyi) nafsi birodarini o‘ldirishni xush ko‘rsatdi va darhol, uni o‘ldirdi. Shu bilan u ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qoldi. Shundan so‘ng, Alloh unga birodari murdasini qanday ko‘mishni ko‘rsatish uchun yerni kavlovchi bir qarg‘ani yubordi. "Holimga voy! Nahot shu qarg‘achalik bo‘lishdan ojiz bo‘lsam? (Men ham) birodarim jasadini (tuproqqa) ko‘ma qolay", – dedi. Shunday qilib (u) pushaymon qiluvchilardan bo‘lib qoldi” (27-31). 
     Yer yuzidagi ilk jinoyat insonni o‘ldirish, qotillik bo‘lib, Odam alayhissalomning ikki o‘g‘illari o‘rtasida sodir bo‘lgan. Qobil o‘z ukasi Hobilni o‘ldirgan. Bunga sabab Hobilning qilgan qurbonligi qabul qilinib, Qobilning qurbonligi qabul qilinmagani edi. Demak, bu jinoyatga Iblisning vasvasasi, hasad, gina, adovat sabab bo‘lgan ekan. Mana shunda Alloh taolo Qobilga o‘z ukasini qanday dafn etishni o‘rgatishi uchun qarg‘ani yuboradi. Xo‘sh, nima uchun Alloh taolo boshqa qushni emas, aynan qarg‘ani yubordi? Alloh taoloning inson jasadini qanday dafn etishni o‘rgatishi uchun qarg‘ani yuborishi bejizga emas, albatta. Qur’ondagi ushbu mo‘’jizani zamonaviy ilm-fan yaqindagina isbot qildi. 
     Biologiya va zoologiya fani mutaxassislarining ta’kidlashlaricha, qarg‘a qushlar orasidagi eng ziyrak va shu bilan birga eng makkor qush ekan. Bunga sabab qarg‘aning miyasi boshqa qushlar miyasiga nisbatan kattaroq hajmga ega ekanligidir. 
   Soha mutaxassislarining aytishicha, boshqa qushlardan farqli o‘laroq, qarg‘alar oilasida o‘ziga xos sud, mahkama jarayoni bor ekan. Bu mahkamada oila va jamoa nizomiga bo‘ysunmagan axloqsiz qarg‘a sud qilinadi. Qizig‘i shundaki, bu sud Allohning marhamati bilan adolat asosida olib boriladi. 
     Qarg‘alar jamoasida har bir jinoyat uchun muayyan jazo belgilangan. Masalan, biror qarg‘aning yosh polaponi og‘zidagi luqmasini tortib olgan qarg‘aga sud tomonidan o‘sha qarg‘a to ucholmaydigan bo‘lib qolgunicha bitta qo‘ymay patlarini yulish jazosi tayinlanadi. Jabrlangan tomon jinoyatchi qarg‘aning patlarini shu qadar yulib tashlashadiki, natijada jinoyatchining o‘zi ham haligi polapon kabi ucholmaydigan, zaif bo‘lib qoladi. 
    Qarg‘alar inini zolimlarcha egallab olgan yoki uni buzgan qarg‘aga adolatli sud tomonidan jabrlangan qarg‘a uchun yangi in qurib berish vazifasi yuklatiladi. 
    Boshqa qarg‘aning urg‘ochisiga tajovuz qilgan, tegajog‘lik qilgan qarg‘a o‘limga mahkum etiladi. Urg‘ochi qarg‘aning qarindoshlari jinoyatchi qarg‘ani tumshuqlari bilan to u o‘lgunicha urib, cho‘qishadi. 
    Qarg‘alar mahkamasi, odatda, birorta ekinzor dalada yoki kengroq maydonda olib boriladi. Avvaliga mahkama hay’ati a’zolari belgilangan joyga kelishadi va shundan keyin ayblanuvchi qarg‘a qo‘riqchilar hamrohligida va qattiq nazorat ostida maydonga keltiriladi. Sud boshlanganda aybdor qarg‘a boshini quyi solib, qanotlarini tushirib, aybini tan olgani uchun qag‘illamay jim turadi. Agar mahkama tomonidan jinoyatchi qarg‘aga o‘lim jazosi tayinlansa, hamma qarg‘alar uni o‘tkir tumshuqlari bilan cho‘qib, urib o‘ldirishadi. O‘lgandan keyin qarg‘alardan biri uni ko‘mish uchun jasadi bemalol sig‘adigan qilib yer qaziydi. Keyin hammalari birlashib jasadni ehtiyotkorlik bilan qabrga tortishadi. So‘ng uni hurmat qilgandek, tuproqni ham ustiga asta-sekin tortishadi. Shunday qilib inson bolasi ko‘pincha joriy qilolmaydigan ilohiy adolatni ular qoyillatib o‘rniga qo‘yishadi. Bundan tashqari, olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa qushlar orasida faqatgina qarg‘alar qabr kavlab, o‘lganlarini yerga ko‘mishar ekan. 
    Mana, nima uchun Alloh taolo insonga dafn qilishni o‘rgatishi uchun qarg‘ani yuborganini bilib oldik. Ha, azizlar, Robbimiz Hakim Zot! U hech bir ishni behikmat qilmaydi. Qur’oni karimning bu kabi yangi-yangi mo‘’jizalari qiyomatga qadar to‘xtovsiz ravishda chiqaveradi. Shunday ekan, mo‘’jizalarga boy, aqllarni shoshiruvchi bu Kitobni qo‘ldan qo‘ymay o‘qiylik, imkonimiz boricha o‘qiganlarimizga amal qilaylik. Ana shunda ikki dunyo saodatiga erishamiz. 

Internet materiallari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 97655
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 43577
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 30913
  • Qaynona va kelin munosabatlari

    Boshqa millat vakillarining kopchiligi biz ozbeklarning oilaviy hayotimizga, yani, qarindosh uruglarning bir-birlariga…

    6.82015 29783
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

17279
  • 11727
  • 8078
  • 10206