“Ko‘k-gumbaz” jome masjidi
Shayboniylar sulolasidan biri Abdulloxon II Qashqadaryo yerida musulmonlar uchun muborak maskan barpo etdi. Bu maskan odamlar qalbiga ezgulik va yaxshilik urug‘larini sochib turadi. Bu zamin otalarimiz va bobolarimizni eslatib, ularning qilgan xayrli va savobli ishlaridan darak beradi. Unda yashayotgan xalq tinchlikni yaxshi ko‘radi va g‘oyat mehnatsevardir.
Qarshi qo‘rg‘onining markazida qurilgan Abdullaxon madrasasi uzoq vaqtlar shaharning ko‘rki bo‘lib ana shu muqaddas tabarruk dargohni qurishni loyiq ko‘rdi. Bu masjid namozgoh (Ko‘k–gumbaz) hijriy yil hisobi bilan 999 yildan buyon mavjud. Uning gumbazi moviy koshinlar bilan qoplangani uchun xalq orasida "Ko‘k–gumbaz" nomini oldi. Namozgohning qisman saqlanib qolgan peshtoqidagi sirlangan koshinlarga bitilgan yozuvda bu inshoot Abdullaxon II–ning farmoni bilan 1590–1591 yillarda qurilgani qayd etilgan.
Abdullaxon II davrida Qarshi yana eski shahar markazida qurilgan Bikibiy madrasasi binosi, pishiq g‘ishtdan besh gumbazli imorat shaklida oldi ayvonli qilib qurilgan. "Ko‘k–gumbaz" namozgohi besh vaqt namoz va juma namozi o‘qiladigan masjidlardan farq qiladi. Bu joyda Ramazon va Qurbon hayiti namozlari o‘qilgan. Shuning uchun bunday masjidlarni “Namozgoh” yoki “Musallo” deb atalgan.
Odatda namozgohlar shaharlarda, ba’zan aholisi zich joylashgan yirik qishloqlarda qurilgan, bayram ibodatlarida bu joylarga katta miqdorda xalq yig‘ilgan. Shu boisdan ular shahar ichida emas, balki shahar atrofida keng maydonda barpo etilgan.
Yana shuni ta’kidlash kerakki, O‘rta Osiyoda XII–XVI asrlardan bizgacha saqlangan namozgohlar soni juda oz. Shuning uchun Qarshidagi namozgoh O‘rta Osiyo me’morchiligida bizgacha yetib kelgan noyob yodgorlik sifatida ham qadrlidir.
O‘tgan asrning oltmishinchi yillariga qadar «Ko‘k–gumbaz» masjidi o‘sha davrdagi siyosiy tuzum tomonidan yopib qo‘yilgan edi. Albatta, Allohning dargohini ziyorat qilishni man qilish mumkin, lekin odamlar qalbidan xudoga ishonishni qanday chiqarib tashlash mumkin, axir ular yaratgandan kuch–quvvat, ma’naviy oziq olib, inqilob va urush davridagi og‘ir kunlarni, urushdan keyingi mashaqqatlarni mardonavor yengdilar, ruhan baquvvatliklarini namoyish etdilar.
1953 yildan boshlab «Ko‘k–gumbaz» juma namozlarini o‘qish uchun jome masjid sifatida yana faoliyat ko‘rsata boshladi. Bundan tashqari, Qarshi shahrida 1924 yilgacha O‘rta masjidda, 1928 yilgacha «Charmgar» masjidida, 1930 yilgacha «Odina» masjidida va «Qizil» masjidlarda ham juma va besh vaqt namozlar o‘qib kelingan.
Bu masjidda 1860, 1889 va 1921 yillarda ta’mirlash va qayta qurish ishlari olib borilgan. Bu ishlar keyin ham davom ettirildi. Xususan, 1967 yilda masjid gumbazi shahrisabzlik usta Hamdam tomonidan tiklandi. 1982 yilda samarqandlik usta–naqqosh Nusratillo Asadov tomonidan ko‘k sirli koshin bilan Qur’onning "Mulk" surasidan oyatlar nozik did bilan yozildi va gumbaz tepasiga oltin rangli qubba o‘rnatildi.
1996 yilda Sohibqiron Amir Temur bobomizning 660 yilligi munosabati bilan o‘tmish yodgorliklaridan bir qanchasini tiklash va qayta ta’mirlash ishlari o‘tkazildi. Shu jumladan, «Ko‘k–gumbaz» masjidida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
2006 yilda "Kuk–gumbaz" me’moriy majmuasi Yurtboshimiz farmoni va tashabbuslari bilan qayta ta’mirlandi va hozirgi ko‘rinishdagi asl qiyofasiga ega bo‘ldi.