Kiyim kibrining kasri
7.11.2016 6746

    Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh kibrlanib ishtonini sudrab yurgan kimsaga qiyomat kuni (rahmat) nazari bilan qaramaydi”, deganlar (Buxoriy va Ahmad rivoyat qilgan). 
    Mana shu hadisni yangi libos kiyganda esga olish lozim. Zero, libosi yangi va chiroyli odamda beixtiyor kibr alomatlari bo‘y ko‘rsatishi mumkin. Nabaviy tarbiy ko‘rgan odam bunday holatda mana shu hadisni xotirlab, kibr ildiziga bolta uradi, o‘z nafsidan ajablanish, libosi bilan faxrlanish, kiyimi bilan maqtanish kabi noma’qul ishlarga yo‘l qo‘ymaydi. 
     Ibn Umar izorini sudrab yurgan kishini ko‘rib qolib: “Albatta shaytonning birodarlari bor”, deb ikki-uch marta takrorladi (Manba: G‘azzoliy, “Ihyou ulumid din”). Bu yerda kibrga dalolat qiladigan har qanday amal man etilgani aytilmoqda. Bu narsa turli holat va sharoitga qarab har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, qaysidir joyda izorni to‘piqdan pastga tushirib yurish kibr sanalsa, boshqa yerda o‘zgacha urf-odat manmanlik hisoblanishi ehtimoldan xoli emas. Musulmon odam libos kiyib kibr otiga minmaydi, yangi va chiroyli kiyim kiyganda Alloh taologa hamdu sanolar aytadi, bergan ne’matiga shukr qiladi. 

 

عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لاَ يَنْظُرُ اللهُ إِلَى مَنْ جَرَّ ثَوْبَهُ خُيَلاَءَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ. 

 

    Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Alloh faxr bilan libosini sudrab yurgan kimsaga nazar solmaydi” (Buxoriy, Muslim, Termiziy va Ahmad rivoyat qilgan). 
    Ulamolar libosni sudrab yurish borasida turli fikrlarni aytishgan. Ba’zilarga ko‘ra, bu ish mutlaqo joiz emas. Qolgan ulamolar libosni kibr uchun sudrab yurish joiz emas, agar kibr qilinmasa, hechqisi yo‘q, deb aytishgan. Nima bo‘lganda ham, mazkur ishdan yiroq yurgan ma’qul. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qaytargan ishdan qaytish kerak. 
    Chiroyli liboslarni kiyib olib, o‘zini osmonda deb bilgan, odamlarni oyoq uchida ko‘rsatadigan kimsaning holi juda ajablanarli! Zero, faqat libosu ziynatlarga ishonib o‘zini eng zo‘r deb o‘ylayotgan odam aslida bu narsalar insonga sharaf keltirmasligini tushunib yetmasmikan? 

 

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ جَرَّ ثَوْبَهُ خُيَلاَءَ لَمْ يَنْظُرْ اللهُ إِلَيْهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَقَالَ أَبُو بَكْرٍ: إِنَّ أَحَدَ شِقَّيْ ثَوْبِي يَسْتَرْخِي إِلاَّ أَنْ أَتَعَاهَدَ ذَلِكَ مِنْهُ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّكَ لَسْتَ تَصْنَعُ ذَلِكَ خُيَلاَءَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ وَمَالِكٌ. 

 

     Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim maqtanchoqlik qilib libosini sudrab yursa, Alloh qiyomat kuni unga nazar solmaydi”, dedilar. Shunda Abu Bakr: “Libosimning bir tarafi (pastga) tushib turadi. Magar avaylab yursam, bunday bo‘lmaydi”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunda: “Sen buni kibr uchun qilmaysan”, dedilar” (Buxoriy, Abu Dovud, Ahmad va Molik rivoyat qilgan). Mana shu hadisni dalil qilib: “Ishtonni kibr bilan sudrab yurish joiz emas. Agar kibr qilmasa, zarari yo‘q”, deyilgan. 
     Hanafiy mazhabi ulamolariga ko‘ra, bu ruxsat faqat u kishining o‘ziga xos. Shofeiylar nazdida libosni sudrab yurish haqidagi hadis mutakabbirlarning o‘ziga xosdir. Agar kiyimni kibr ila sudrab yursa, tahrimiy makruh, undan boshqa sabab bilan sudrab yursa, tanzihiy makruh bo‘ladi (Manba: “Fayzul boriy ala sahihil buxoriy”). 

 

عَنْ ابْنِ عُمَرَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ جَرَّ ثَوْبَهُ خُيَلاَءَ لَمْ يَنْظُرْ اللهُ إِلَيْهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَقَالَتْ أُمُّ سَلَمَةَ: فَكَيْفَ يَصْنَعْنَ النِّسَاءُ بِذُيُولِهِنَّ قَالَ: يُرْخِينَ شِبْرًا فَقَالَتْ: إِذًا تَنْكَشِفُ أَقْدَامُهُنَّ قَالَ: فَيُرْخِينَهُ ذِرَاعًا لاَ يَزِدْنَ عَلَيْهِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ وَعَبْدُ الرَّزَّاقِ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ. 

 

    Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim libosini kibrlanib sudrab yuradigan bo‘lsa, Alloh qiyomat kuni unga nazar solmaydi”, dedilar. Shunda Ummu Salama: “Ayollar etaklarini qanday qiladilar?” deb so‘radi. U zot: “Bir qarich tushirib oladilar”, dedilar: Ummu Salama: “U holda qadamlari ochilib qoladi-ku?” dedi. Shunda Rasuli akram: “Unday bo‘lsa, bir ziro’ tushirib oladilar, bundan ziyoda qilmaydilar”, dedilar” (Termiziy, Nasoiy va Abdurazzoq rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih). 
     Bu yerdan, libosini kibr bilan sudrab yurish joiz emasligi ayollarga ham tegishliligi ma’lum bo‘ladi. Biroq ular bu borada ehtiyotkorroq bo‘ladilar. Chunonchi, muslima ayollar bir oz uzunroq libos kiyadilar. Aks holda oyoqlari, qadamlari ochilib qolishi mumkin. 

 

عَنْ ابْنِ عُمَرَ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: بَيْنَمَا رَجُلٌ يَجُرُّ إِزَارَهُ مِنْ الْخُيَلاَءِ خُسِفَ بِهِ فَهُوَ يَتَجَلْجَلُ فِي الأَرْضِ إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ وَأَحْمَدُ. 

 

    Ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Bir kishi izorini kibr bilan sudrab borayotganida, birdan uni yer yutib yubordi. Endi u qiyomat kunigacha yerga pastlab boraveradi” (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasoiy va Ahmad rivoyat qilgan). 
    Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam o‘tgan ummatlardan bir kishi kiyimiga mahliyo bo‘lib kibrlangani qanday oqibat bilan tugaganini ajoyib vasf qilish bilan musulmonlarni o‘sha shaxsga o‘xshab qolishdan qaytarmoqdalar. 
    Mazkur rivoyatda zikr qilingan odam izorini, ya’ni ishtonini kibr uchun yerga sudrab yurar ekan. Kunlarning birida u manmanlik qilib libosi ila o‘zini katta olib ketayotganida uni yer yutib yubordi. Ha, bunga o‘xshash nobakorlarni, arzimas narsalar bilan o‘zini odamlardan ustun qo‘yadiganlarni, kiyimi bilan maqtanadiganlarni yer ham ustida ko‘tarib yurmay yutib yuborishga tayyor ekan. Ammo uning jazosi shu bilan tugab qolmaydi. Hadisda aytilganidek, izorini sudrash bilan kibrlangan kimsa oxirat kunigacha yer qa’riga chuqurroq kirib boradi. Qiyomatda uning holi qanday bo‘lishini faqat Alloh biladi. 

 

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: بَيْنَا رَجُلٌ فِيمَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ خَرَجَ فِي بُرْدَيْنِ أَخْضَرَيْنِ يَخْتَالُ فِيهِمَا أَمَرَ اللهُ الأَرْضَ فَأَخَذَتْهُ وَإِنَّهُ لَيَتَجَلْجَلُ فِيهَا إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالْبَزَّارُ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ لِغَيْرِهِ. 

 

     Abu Saiddan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan oldin (yashab o‘tgan) bir kishi maqtanchoqlik-kibr qilib ikki yashil burdada (ya’ni, libosda ko‘chaga) chiqdi. Shunda Alloh yerga buyurdi va yer uni yurib yubordi. Endi u qiyomat kunigacha ovoz chiqarib harakatlanishda davom etadi”, dedilar” (Ahmad va Bazzor rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih lig‘oyrih). 
      Ko‘zimiz bilan ko‘rib turganimiz dunyo hayoti, undagi ziynatlar, dabdabayu moddiyatga asoslangan barcha narsa o‘tib ketadi. Bular soya kabidir. Ma’lumki, soya bir joyda turmaydi, boshqa joyga ko‘chib yuradi. Shunday ekan, dunyo hayotiga, undagi ziynatlarga aldanib, kibru havo qilish, moddiy ashyolar sabab o‘zini odamlardan katta tutish to‘g‘ri emas. 

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216891
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24588
  • 19054
  • 12826
  • 15794