Kim baxtli bo‘lishni xohlaydi?
1.11.2016 5962

     Rohat hammaning istagi bo‘lgan narsadir. Saodat hayotdan kutilgan narsadir. Bularning ikkisiga olib boradigan yo‘l – rizodir (Allohning qazoi qadariga rozi bo‘lishdir).

    Ko‘p odamlar o‘z holatlaridan, o‘zlaridan norozidirlar. Ular agar molu dunyo to‘play olmasalar, obro‘ga ega bo‘lmasalar, afsus qilib yuradilar. Agar molu dunyoga erishsalar yoki obro‘ga ega bo‘lsalar, mol va obro‘ni yomon ishlarga ishlatadilar. Ko‘p odamlar ishlaridan, rizqlaridan, turmush o‘rtoqlaridan, farzandlaridan norozidirlar. Ular ertayu kech norozilik, afsus tuyg‘ulari bilan yuradilar. Rizo degan narsaning mazasini totib ko‘rmaganlar. Uning lazzati qanaqaligini bilmaydilar.
    Rizo chindan ham o‘z sohibiga nafs to‘qligi, ko‘ngil xotirjamligini jalb qiladigan narsadir. Rizo kishining hayoti shodlik bilan to‘lib-toshishiga sabab bo‘ladi. Rizoning sohibi hayotdagi kichik narsadan ham quvonadigan bo‘lib qoladi. Norozilik, afsus esa insonning iztirobini, hasadini, ginasini, adovatini ziyoda qiladi. Rizo nimaligini bilmagan odam doim ziyodalikni istaydi. Unday odam doim ichida “Men judayam oz narsaga egaman. Hech vaqoyim yo‘q” deb o‘yladi. O‘z holatidan rozi bo‘lishni his qilish iloji bor ishdir. Rizo juda ham maqtalgan narsadir. Rizoga ega bo‘lishimiz uchun quyidagi narsalarga amal qilishimiz lozim:

 

1. Biz boshqalarning holiga nazar solishimiz kerak.
Xususan, qiynalgan, turli musibatlarga uchraganlarga. Kim ularning ahvoli haqida tafakkur qilsa, o‘ziga yetgan barcha mashaqqat unga yengil tuyula boshlaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni shu narsaga undab, baloga uchragan kishilarni ko‘rganda “Sizlarga yetgan musibatdan bizni ofiyatda saqlagan Allohga hamd bo‘lsin!” deb duo qilishni o‘rgatganlar.

 

2. Biz orqaga qaramasligimiz, o‘tib ketgan, qo‘ldan ketgan narsaga afsus qilmasligimiz kerak.
Balki bugungi va ertangi kunga e’tibor qilishimiz kerak. Zero, ishlar oxiri bilan e’tibor qilinadi. Nadomatning o‘zi hech narsani hal qilib bermaydi. Ammo qilingan ma’siyatlar uchun nadomat qilish bundan mustasnodir. Molu dunyo qo‘ldan ketganiga, mansab qo‘ldan ketganiga nadomat qilish befoyda ekanligi haqida gap borayotgani hech kimga sir emas. Bu nadomat insonga faqat mahzunlik, oldinga intilishdan sustlashib, o‘tirib qolishni jalb qiladi.

 

3. Dunyoga aldanmasligimiz kerak.
Ko‘pchilik dunyoni yaxshi ko‘radi, uni qo‘lga kiritishga urinadi. Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan: “(Ey, Muhammad! Odamlarga) dunyo hayoti misolini keltiring. (U) xuddi bir suv kabidirki, Biz uni osmondan yog‘dirgach, (bahorda) u sababli yer o‘simliklari (bir-biriga) aralashib (qalinlashib) ketur, so‘ngra (kuzda) shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur. Alloh hamma narsaga qodir zotdir” (Kahf, 45).
     Nega bizdan oldin o‘tganlar hayotidan o‘zimizga xulosa chiqarmaymiz?! Dunyoni ustun qo‘yib, uning ortidan yurib umrini o‘tkazgan podshohlar qani?! Boylik, istibdod, mansab, obro‘ ketidan yugurganlar qani?! Ular chirigan suyakka aylandilar. Topgan dunyolari ularga foyda berdimi?! Qilgan amallaridan boshqa narsalari qolmadi. Ular bizniki deb o‘ylagan dunyo ulardan boshqalarniki bo‘ldi. Hozir dunyoda biz yashayapmiz. Usmon roziyallohu anhu o‘zlarining so‘nggi xutbalarida shunday deganlar: “Albatta Alloh taolo sizlarga dunyoni, u bilan oxiratni izlashlaringiz uchungina bergan. Alloh taolo sizlarga dunyoni, unga suyanishingiz uchun bermagan. Albatta, dunyo yo‘q bo‘ladi, oxirat esa boqiydir. Foniy narsa sizlarni erkalatib, kekkaytirib qo‘ymasin. U sizlarni boqiy narsadan mashg‘ul qilmasin. Boqiy narsani foniy narsadan ustun qo‘yinglar. Chunki dunyo uziluvchi, kesiluvchi, to‘xtovchidir. Qaytish faqat Allohning huzurigadir”.

 

4. Allohning bizga bergan ne’matlari va uning shukrini ado etish haqida o‘ylash.
Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “So‘ngra ana o‘sha kunda (qiyomatda), albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to‘g‘risida so‘roq qilinursiz!” (Takosur, 8). Biz ko‘p ne’matlarga egamiz. Lekin buni sezmaymiz. Ne’matning qadriga yetish uchun u haqida tafakkur qilish kerak. Agar biz ne’matdan mahrum bo‘lsak, o‘shanda uning qadrini sezamiz. O‘shanda Allohning bizga ko‘rsatgan marhamatini bilamiz.

 

5. O‘ziga ishonch.
Insonda o‘ziga ishonch bo‘lsa, u oldinga intiladi, himmatini baland qiladi, yuksalishga harakat qiladi. Inson o‘ziga bo‘lgan ishonchga Allohga bo‘lgan ishonchidan keyin yetadi. Inson Allohga tavakkul qilishi, ishlarini Unga topshirishi kerak.

 

6. Bandaning ibodatlar, tavba, istig‘for ila Robbisiga qurbat hosil qilishi.
Bular insonning qalbiga rizoning kirib o‘rnashishiga sabab bo‘ladigan eng katta sabablardandir.

 

7. Moli kam, farzandi yo‘q kishi mahzun bo‘lmasin.
Chunki gohida mol-dunyo, bola-chaqa insonga g‘amlar va xafaliklarni olib keladi. Qanchadan qancha mol-dunyoga ega bo‘lgan, serfarzand kishilar bor. Lekin o‘zlari solih emaslar. O‘sha mol-dunyo va bola-chaqa ularning g‘amlariga, iztiroblariga sabab bo‘lgan. Qanchadan qancha boy insonlar bor, boyligi bilan birga baxtsizlik ham ulardan ajramaydi. Qanchadan qancha obro‘li, mansabli insonlar bor, rohat, xotirjamlik ta’mini totmagan. Chunki obro‘, boylik, mansab vaqtinchalik ziynatdir. Gohida shunaqa odamlarni uchratamizki, ko‘p moli yo‘q, obro‘si ham u darajada emas, yaqinlarini, farzandlarini yo‘qotgan, lekin qalbi yer yuzidan ham keng. U Robbisining bergan kuniga, qazoi qadariga rozidir.

 

8. Nafsga rizoni o‘rgatish va uni shunga odatlantirish.
Er o‘z xotinini rozi qilishga urinadi. Xotin ham o‘z erini rozi qilishga urinadi. Erining ayblarini eslashdan oldin, uning yaxshiliklarini esga oladi. Qanchadan qancha kishilar o‘z ahvollaridan norozilar. Rizqi ozligidan, uyi kichikligidan, mashinasi eskiligidan, ishi serdaromad ish emasligidan yoki yana nimalardandir norozi. Ba’zida shu tor maskan, eski mashina, kamdaromad ishda egasi bilmagan ko‘plab yaxshiliklar, barakalar bo‘ladi.

 

9. Mo‘min kishi haqiqiy saodat oxiratda bo‘lishini bilishi.
Haqiqiy baxtsizlik molning ozligi yoki befarzandlik emas. Haqiqiy baxtsizlik oxiratdagi baxtsizlikdir. Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qiladi: “(U) kelgan kuni hech bir jon (egasi) Uning ruxsatisiz gapirmas. Ular ichida baxtsiz ham, baxtli (insonlar) ham bo‘lur” (Hud, 105). Boshqa bir oyatda bunday degan: “(Boshqa bir) yuzlar esa u kunda (ne’matlardan) mamnun, (dunyoda qilgan) sa’y-harakatlaridan rozidir. (Ular) oliy jannatdadirlar” (G‘oshiya, 8-10).

 

10. Alloh taoloning rububiyatiga rozi bo‘lish Uning tadbiriga, taqdiriga rozi bo‘lishni o‘z ichiga oladi.
Albatta, bandaga yetgan narsa undan xato qiluvchi bo‘lmagan. Bandadan xato qilgan narsa unga yetuvchi bo‘lmagan. Agar banda Allohning rububiyatiga rozi bo‘lsa, Uning ismlariga, sifatlariga iymon keltirsa, Unga bandaligini yuzaga chiqarsa, Alloh taolo u bandasidan rozi bo‘ladi. Agar Alloh taolo bandasidan rozi bo‘lsa, u bandasini rozi qiladi, unga kifoya qiladi, uni mahofaza qiladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Allohni Robb deb, islomni din deb, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ni Rasul deb rozi bo‘lgan kishi iymonning ta’mini totadi”. Termiziy rivoyat qilgan.

 

11. Kim ixlos bilan rizo tarafga yursa, Alloh taolo uning qalbini rizoga to‘ldirib qo‘yadi.
Shunda u o‘zidan boshqa kishida ko‘rgan yutuqdan ta’sirlanmaydigan bo‘lib qoladi. Rostgo‘y odam boydir, yolg‘onchi esa doim siqilib, ezilib yashaydi. Taqvodor odam boydir, fosiq esa doimiy vahshatda (yolg‘izlikda) yashaydi. Yaxshilik qiluvchi boydir, yomonlik qiluvchi o‘z yomonligidan qayg‘uga botib, ich-etini yeb yuradi. Olim odam ilmi bilan boydir, johil esa ilmsiz yoki ilmi oz bo‘lgani sababli faqirdir. Sabrli odam boydir, sabrining mukofotini oluvchidir, umidsiz, besabr odam mahzundir. Qarindoshiga silai rahm qiluvchi odam boydir, qarindoshi bilan aloqani uzuvchi har qancha moli ko‘p bo‘lsa ham faqirdir. Ota-onasiga yaxshilik qiluvchi bu yaxshiligining barakasi bilan boydir, ularga yomonlik qiluvchi faqirdir, yaxshilik qilish ne’matidan mahrumdir. Qo‘li ochiq, saxovatli kishi boydir. Chunki Alloh taolo uning sadaqalari o‘rnini ziyodasi bilan to‘ldirib beradi. Baxil kimsa har qancha puli ko‘p bo‘lsa ham faqirdir. Alloh taoloni zikr qiluvchi odam boydir, Allohni zikr qilmay, g‘aflatda yurgan kimsa faqirdir. Alloh taologa itoat qiluvchi boydir, baxtlidir, osiy esa faqirdir, baxtsizdir.

 

     Kimki bu aytilgan fazilatlarni qo‘ldan chiqarsa, puli har qancha ko‘p bo‘lsa ham, obro‘li bo‘lsa ham, mansabli bo‘lsa ham, saodatni, baxtni nimaligini bilmaydi. Doim iztirobda, g‘amda, bezovtalikda yashaydi. Agar biz o‘zimizdagi narsalar (ne’matlar)ga rozi bo‘lsak, baxtli bo‘lamiz. Agar biz o‘zimizdagi narsalar (ne’matlar)ga norozi bo‘lsak, baxtsiz bo‘lamiz. Ozgina taomga rozi bo‘lsak, to‘yamiz. Agar ozgina taomga norozi bo‘lib, kekkaysak, to‘qlik nimaligini bilmay, ochligimizcha, faqirligimizcha qolamiz. O‘zimizdagi kiyimlarimizga, uylarimizga rozi bo‘lsak, xotirjam bo‘lamiz. Agar o‘zimizdan yaxshiroq kiyingan, yaxshiroq uyda yashaydiganlarga nazar solsak, qiynalamiz. Alloh taolo bizga shuncha ne’matlarni berib qo‘ygan bo‘lsa, nega yana norozi bo‘lishimiz, bezovta bo‘lishimiz kerak?!! Agar biz boylikni istayotgan bo‘lsak, haqiqiy boylik pulning ko‘pligi emas, balki nafsning to‘qligidir. Ozuqaning yaxshisi taqvodir. Qalbdagi eng yaxshi narsa iymondir. Bas, Alloh taolo senga taqsimlab qo‘ygan narsaga rozi bo‘l, odamlarning eng boyi bo‘lasan.
Alloh taolo bizlarni qanoatli, sabrli, bergan ne’matlariga shukrli, qilgan taqsimotiga rozi bo‘ladigan, taslim bo‘ladigan bandalaridan qilsin, omin!


Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216917
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24589
  • 19054
  • 12827
  • 15797