Kelinlik odoblari
12.7.2015 6989

 

        “Kelin bo‘lib tushgan xonadonimdagi insonlarning hech qaysisi ibodatda emas, uni ustiga janjal ko‘p bo‘ladi”, - deya qabulga kelgan ochiq - sochiq kiyingan 28 yoshlardagi kelin so‘zini boshladi. “Turmush o‘rtog‘im o‘zgarib qolganlar, menga e’tiborlari yo‘qola boshlagan. Shuning uchun tez - tez janjallashib turamiz. Qanday yo‘l tutishni bilmayotibman”, - deb maslahat so‘ragani kelgan bu kelinni boshqa muammolar ham qiynayotganini bilish qiyin emas edi.

 

“Oilangizda necha kishisizlar? Qayni bo‘yinlaringiz bilan munosabatlaringiz qanday, gapni shundan boshlasak”, - deb so‘radim. Shunda ayolni avzoyida o‘zgarish bo‘lganini sezib, “Ochiqchasiga aytsangiz, balki siz o‘ylab, yechimini topa olmayotgan muammolarga birgalashib yechim toparmiz”, - deb ta’kidlab qo‘ydim. Bir oz o‘ylanib, ayolning gaplarini eshitib, hayratimni ichimga yashirishga majbur edim.

 

“Oilada qaynonam, qaynotam, qaynog‘am oilasi va bizlar turamiz. Ikkita qizim bor. Ammo oiladagi muhitdan qiynalib ketdim. Sizga to‘g‘risini aytsam, qaynotam va qaynog‘amning menga boshqacha ko‘z bilan qarashlari, erim yo‘g‘ida har xil gaplarni gapirishi yoqmaydi. Buni erim ham sezgandek, uyimizdan janjal arimay qoldi. Men nima qilishni bilmay qoldim”. Ayolning tashqi ko‘rinishiga razm solib, so‘radim: “Kechirasiz, uyda ham shunaqa ko‘rinishda yurasizmi?”. - U javob berdi: “Ha, shunday kiyinish o‘zimga ham, erimga ham yoqadi”. Ayol bosh yalang, kuylagining uzunligi tizzadan ancha yuqorida, yengi yo‘q. Uning ustiga kuylagi harir ko‘rinishda. Oyog‘iga kiyib olgan matohi shu qadar yupqaki, hammani e’tiborini tortishi tabiiy hol edi. Ayoldan so‘radim: “Eringiz rashk qilmaydilarmi? Bunaqa kiyim bilan nafaqat ko‘chada, balki qayni bo‘yinlaringizni oldida ham yurish to‘g‘ri kelmaydi”. Ayolning javobi tayyor edi: “Menga shunaqa yurish yoqadi”.

 

Keyingi vaqtlarda kelinlarning qaynotalar, qaynukalari yoki qaynog‘alari bilan noshar’iy munosabatlari haqida turli gaplarni eshitib qolamiz. Chuqurroq mulohaza qilsak, erkaklarni chegaradan chiqaradigan, ahloqqa zid muomala qilishga aynan ayollarimizning ochiq - sochiq kiyinishlari sababdir. Bundan o‘ttiz - o‘ttiz besh yil ilgari oilamizda adamlar televizor ko‘rib o‘tirganlarida oilaviy bo‘lib o‘tirsak ko‘rar edik, ammo adamlani bir o‘zlari bo‘lsa, yonlarida o‘tirishga jur’at qila olmas edik. Buvimlar rahmatlik, “Meni homiladorligimni qaynotam rahmatlik tuqqunimcha bilmaganlar. Kiyimni sal kengroq kiyish kerak. Ayol boshyalang yurmasa, shunda hayosi o‘zi bilan bo‘ladi”, - deb ko‘p ta’kidlar edilar.


Hozirda esa ko‘cha - kuyda ayollarimizni, hatto yoshi katta ayollarimizni kalta, harir kuylaklarda ko‘rib qolamiz. Ulardan yoshlarimiz ibrat olib, “Kiysa bo‘lar ekan” degan fikrga borib qolishmoqda. Avvallari hovlilarda ichki hovli, tashqi hovli bo‘lar edi. Hovlilarning bunday qurilishi ayol va erkaklarning alohida kutish yoki ayol - erkaklarni aralashib yurmasligi ko‘zda tutilgan. Hozirgi vaqtda ham mana shunday hovlilar saqlanib qolingan. Ammo avvalgi hayo, uyat kamaygandek.

 

Kelinning boshida ro‘moli, atlas kuylagidan bilar edik kelinligini. U vaqtdagi kelinlarda kuylak, lozim, ro‘moli bilan hayosi, ibosi, qayni bo‘yinlar bilan masofani qattiq ushlab, muomala qilishligi bilan ajralib turishar edi. Bundan tashqari kelin oilada eri yoki qaynonasi bo‘lsagina boshqalar bilan birga o‘tirgan. Qaynota yoki qaynog‘a bilan bir xontaxta atrofida yolg‘iz o‘tirilmagan. Chunki bunday hollarda fitna bo‘lishi tabiiy holdir.


Hozirda esa ko‘cha kiyimi, uyda kiyiladigan kiyim, yotoq kiyimlarni bir - biridan farqi bo‘lmay qoldi. Turmushga chiqmagan qiz yoki kelinmi uni ham farqlab bo‘lmaydi.


Ayol iffatli, nomusli va andishali bo‘lishi uchun avvalo hulqi, odobi go‘zal bo‘lsa, yaxshilik tomon o‘zgarishi mumkin. Ayollarimizdan, kelinlarimizdan hayo pardasi ko‘tarilmasin, hayo pardasi ko‘tarilgan oilalarda erkaklar oriyatlarining darz ketishi, oilaviy tanazzullar, norasida go‘daklarning ko‘z yoshlarining to‘kilishi yuz beradi.


Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 70957
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

10631
  • 6085
  • 3922
  • 5957