Kelin - kuyov qanday bo‘lishi kerak?
12.8.2016 11886

    Haqiqiy yigit diyonatli qizga uylanishni maqsad qiladi. Agar qiz diyonatli bo‘lib, ustiga mol-dunyo, obro‘-e’tibor, go‘zallik sohibasi ham bo‘lsa, nur ustiga nur. Ammo boyligi, mansab-martabasi, chiroyi bo‘lsa-yu, diyonatsiz bo‘lsa, fazilat sanalmaydi. Moldor diyonatsiz ayol bo‘ysunmas, diyonatsiz go‘zal ayol mag‘rur, obro‘li diyonatsiz ayol takabbur bo‘ladi. Diyonatli ayol go‘zal, badavlat, obro‘li bo‘lsayam, kamtar, xushxulq bo‘ladi.
    Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ayolni to‘rt narsa – mol-mulki, nasl-nasabi, go‘zalligi, din-diyonati uchun nikohlab oladilar. Sen diyonatlisini tanla, baraka topkur!” deganlar. Shunga ko‘ra, ulamolar uylanish borasida yetti o‘lchab bir kesishni, bo‘lajak kelinni adolatli, insof-tavfiqli qo‘ni-qo‘shnilardan so‘rab-surishtirishni maslahat berishgan.
    Mazkur sifatlar erkaklarga ham xos. Zero, qiz ham yigitning kelishganligi, boyligi, obro‘si, nasabiga aldanib qolmay, diyonatli yigitni tanlashi kerak. Diyonatli, solih yigit juft bo‘lish uchun eng muhim sifatlarga ega yigit sanaladi. Qolgan sifatlar diyonatdan keyingi o‘rinda turadi.
     Diyonatli yigit xotinini har tomonlama himoya qiladi, u bilan totuv yashaydi, uncha-muncha injiqliklarini ko‘taradi. Eng muhimi, uni yaxshi ko‘rsa, e’zozlaydi. Bordi-yu yomon ko‘rsa, zulm qilmaydi. Agar ayol birga turmushni istamasa, uni qiynab ushlab turmaydi, yo‘lini ochib qo‘yadi.
    Hozirda ko‘p odamlar kuyov tanlashda oxiratni o‘ylamay ish qilmoqdalar. Ular kuyovning imon-e’tiqodi, odob-axloqidan ko‘ra otasining mansabiga, boyligiga uchib qizlari baxtiga zomin bo‘lmoqdalar. Sir emas, axloqsiz, ishratparast, nashavand, piyonista, buzuq yigitlarning ko‘pi harom daromad hisobiga boy-badavlat bo‘lgan oilalar farzandlaridir.
    Oilaviy hayot qiyinchilik va mas’uliyatlarga to‘la bo‘ladi. U – holatlar o‘zgarishining ulkan maydoni. Oila boylik asosiga qurilgan bo‘lsa, mol-dunyo ketgach, nima bo‘ladi? Chiroyga, obro‘ga asoslangan oilalarda bu holatlar o‘zgarsa-chi? Shubhasiz, oilaviy hayotda “inqilob” yuz beradi, kelishmovchilik bosh ko‘taradi. Zero, oila mustahkam asosga emas, beqaror tayanchga, shaxsiy istaklarga asoslangan edi.
    Ammo diyonatga e’tibor berib oila qurilsa-chi? Din-diyonat musulmon qalbidagi mustahkam aqidadir. Musulmonning so‘ziyu ishi imonga asoslanadi. Shundan kelib chiqib boshqalar bilan muomala qiladi. Diyonatli er yoki ayol kenglikda Alloh taologa shukrli, qiyinchilikda sabrli bo‘ladi, voqelikka imon bilan yondoshadi, jufti haloliga vafo qiladi. Baxtning asosi din-diyonatda, odob-axloqdadir. Er-xotinning bir-biriga mehr-muhabbati, hurmati ham ularning naqadar diyonatli ekanlariga bog‘liq.
   Kuyov tanlash borasida qizning otasiga, amakisi yoki tog‘alariga katta mas’uliyat yuklanadi. Iloji bo‘lsa, bo‘lg‘usi kuyov haqida yaxshilab so‘rab-surishtirilsa, turli usullarda sinab ko‘rilsa, foydadan xoli bo‘lmaydi.  (Manba: Muhammad Sharif Juman, Ahmad Muhammad, “Dinda savolim bor”).

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216731
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24569
  • 19034
  • 12807
  • 15775