Jumaning fazilati
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.) juma kuni haqida shunday dedilar: “Bu kunda shunday fursat borki, musulmon banda namoz o‘qish uchun shu vaqtga duch keladi va Allohdan nimani so‘rasa, istaganini shubhasiz beradi”. U fursatning juda qisqaligini qo‘llari bilan ishora qilib ko‘rsatdilar”.
“Bu kunda shunday fursat borki...” ifodasida aniq vaqt aytilmagan. Lekin bu fursat haqida ba’zi hadislar mavjud. Ularning birida zikr qilingan fursat imomning xutba o‘qish uchun minbarga o‘tirgan paytdan boshlab to masjiddan chiqib ketguniga qadar ekanligi aytilgan.
Ikkinchisida esa, juma kuni asr va shom namozlari orasidagi vaqtligi haqida bildirilgan. O‘sha fursatning qisqaligi haqida Ibnul Munir shunday deydi: “Fursatning qisqaligiga ishorat insonlarni o‘sha vaqtni qadrlashga tashviq qilish va lutfning kengligidan foydalanib qolishga undashdir”.
Sahobalar, tobeinlar va ulardan keyingi olimlar bu fursatning Asri Saodat bilan chegaralanganmi yoki yo‘qmi, mazkur munavvar fursat yilning har jumasida mavjudmi va yoki yildagi birgina juma kuni keladimi degan xususlar haqida o‘z fikrlarini bildirganlar.
Birinchi fikr: shunday kun, fursat bor, lekin yil bo‘yi keladigan juma kunlarining bittasida namoyon bo‘ladi. Bu fikr Ka’bul Axbor (r.a.) tomonidan Abu Hurayra (r.a.)ga aytilgan, ammo u kishi buni rad qilganlar. Imom Molik va Sunan Sohiblari Abu Hurayra (r.a.)ning fikrlarini asos qilib olganlar.
Ikkinchi fikr: Qadr kechasi ramazon oyining so‘nggi o‘n kunligida yashiringani kabi, bu fursat ham to‘liq juma kunida yashirilgan. Ibn Umarning (r.a.) fikrlaricha, bir kun hojatlarni so‘rab duo qilish mushkul emas va juma kunini faqat duo bilan o‘tkaza olgan odam tilaklari mustajob bo‘lishi uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘ladi.
Uchinchi fikr: bu fursat juma kuni ichida yashiringan yoki o‘z vaqtini muttasil o‘zgartirib turadi. Imom G‘azzoliy fikrlar orasida haqiqatga yaqinrog‘i shu ekanligini aytgan. Ibn Asokir va Muhib Tabariylar ham shu fikrdalar.
To‘rtinchi fikr: muazzin juma kuni bomdodga azon aytgan paytidir. Bu fikr Hofiz Abul Fazlning “Sharhut Termiziy” asarida keltirilgan.
Beshinchi fikr: imom minbardan tushib, takbir aytilguniga qadar bo‘lgan muddat. Bu fikr Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan.
Oltinchi fikr: jumaga azon aytilgan payt. Bu Oisha onamiz (r.a.)dan rivoyat qilingan.
Yettinchi fikr: imom minbarga o‘tirishidan boshlab namozning tugashigacha bo‘lgan vaqtdir. Muslim va Abu Dovud Ibn Umar (r.a.)dan rivoyat qilishgan.
Aslida manbalarda ushbu vaqt haqida qirqdan ortiq fikr-lar bildirilgan. Asosiysi, bunchalik ko‘p rivoyatlar qilingan bu vaqtni izlash mustahabdir. Zero, duo – musulmonning quroli. Alloh taoloning amrlariga bo‘ysunib, Uning marhamatiga sazovor bo‘lish har birimizga nasib qilsin.
Manba: www.irfon.uz