Juft tanlashda muslimalarga maslahatlar
14.4.2016 16469

    Musulmon inson uchun juft sifatida Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan yaxshiroq, mukammalroq namuna yo‘q. Ular yer yuzida yashagan insonlar ichida eng muhabbatli, mehribon, rahmdil va sabrli juft bo‘lganlar. Haqiqatdan ham, ular hayotning barcha jabhalarida bizga mukammal namuna bo‘lib, ularning fazilatlarini sanab tugatish imkonsizdir.
   Aynan shuning uchun, ular tomonlaridan belgilangan o‘lchov – bu har bir muslima o‘ziga umr yo‘ldoshi tanlashda intilishi kerak bo‘lgan narsadir. Musulmon erkaklar bo‘lsa, Allohning elchisi sollallohu alayhi vasallam ega bo‘lgan fazilatlarni egallashga harakat qilmoqlari kerak. Axir ular Yaratganning buyruqlarini o‘z hayotlariga tatbiq etganlar.
    Umr yo‘ldosh tanlashda quyidagilar muhim hisoblanadi:

 

Rahmdillik - ko‘pincha insonlar yoqtirishni muhabbat bilan adashtirishadi. Yoqtirish jinsiy mayl tufayli yuzaga keladi, muhabbat esa– hurmat va rahmdillik asosida paydo bo‘ladi. Muhabbat – bu doimiy mehnat bo‘lib, ikki kishi o‘rtasida paydo bo‘ladi va mukammallashadi. Rahmdillik va saxovatlilik muhabbatni uyg‘otadi. Ichki tuyg‘ular asosida tug‘ilgan bunday muhabbat uzoq yashaydi. Vaqt o‘tishi bilan yuzaki muhabbat o‘lishi mumkin, ichki go‘zallik esa yana va yana sizni maftun etaveradi.
     Hayot ertak emas. Turmushdagi hayot – bu ikki kishining bitta hayoti, muammolarni birga yengib o‘tishi va yonida kim bo‘lishiga qarab bu muammolar qanday yechim topishining ma’lum bo‘lishidir. Rahmdillik – bu g‘amxo‘rlik, muloyimlik, sodiqlik va aytilganiga amal qilmoqlikdir. Bularning hammasi oilani saqlovchi va mustahkamlovchidir.
    Biroq turmush qurgungacha rahmdillik kabi xislatni aniqlashning imkoni bormi? Siz juft sifatida tanlayotgan inson nima deyayotganiga quloq tuting! Uning atrofdagilarga nisbatan munosabatiga diqqat qiling! Boshqalarga yordam berayaptimi, bunda nimalarni his qilayapti? Sizga yupanch kerak bo‘lgan paytlarda uning sizga bo‘lgan munosabatiga ahamiyat bering! U faqatgina o‘z tuyg‘ulari haqida o‘ylaydimi yoki atrofdagi insonlarning tashvishlariga ham hamdardmi – bu juda muhim.
     Mehribonlik va g‘amxo‘rlikdan uzoq bo‘lgan muhabbatdan ehtiyot bo‘ling.

 

Umumiy maqsadlar - Avval o‘zingizni anglashingiz juda muhim. Shuningdek o‘z ehtiyojlari, intilishlarini bilish, undan so‘ng esa sizning xohishingiz siz tanlagan insonning xohishi bilan mutanosib kelish-kelmasligini ham o‘rganish kerak. Quyidagi savollarga o‘zingiz javob bering! – Sizning qadriyatlaringiz, orzularingiz va kelajak uchun rejalaringiz o‘xshashmi? Nikohingiz agar siz yagona maqsad sari intiluvchi bir jamoa bo‘lsangizgina muvaffaqiyatli bo‘ladi. Agar sizning intilishlaringiz va qadriyatlaringiz turlicha bo‘lsa, juftlikdagi hayotingiz “birgalik”da bo‘lmay, har biringiz o‘z yo‘nalishingizda harakatlanasiz. Bu harakat toki yo‘llar tamom ayrilmagunicha davom etadi. Garchi har ikkovingiz juda yaxshi inson bo‘lsangiz ham.
    Umumiy maqsadsiz qurilgan nikoh – bu hech qayerga suzayotgan kema bo‘lib, uning g‘arq bo‘lishi aniqdir. Juda ko‘p oilalar er va xotinning tamoman ikki xil dunyo ekanligi, maqsadlari har xil ekanligini anglab yetganlarida buziladi. Shuning uchun hali qirg‘oqdaligingizdayoq muhim mavzularni o‘zaro hal qilib olish kerak: nechta farzand rejalashtirayapsiz, ularni qay yo‘sinda tarbiyalamoqchisiz, qaysi qadriyatlar siz uchun eng muhimi, qanday hayot tarzini maqul ko‘rasiz – buning hammasi juda muhim. Yodda tuting! Oila – bu ittifoq bo‘lib, va u yagona maqsad doirasida qurilishi va mavjud bo‘lishi kerak.

 

Insonni yagona butunlik sifatida qabul qiling - Insonni uning yaxshi va yomon jihatlarini ajratmasdan qabul qilishga o‘rganing. Shuni yaxshi tushunish kerakki, siz tanlagan insonning faqat ijobiy emas, balki salbiy jihatlari ham bo‘ladi. Siz shu holatda yashay olasizmi? Siz ularni qabul qila olasizmi va ularga sabr qilasizmi? Ko‘pchilik turmush qurar ekan, o‘z juftining mukammal inson bo‘lishini kutadi. Insonlar faqatgina yaxshi jihatlarga shu qadar kuchli ahamiyat beradilarki, asta-sekin birgalikdagi hayot mobaynida kamchiliklar ko‘rina boshlasa, o‘zaro tushunmovchilik va nikohdagi kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Turmush qurayotganda bo‘lajak juftingizning ham kamchiliklari borligini avvaldan o‘ylab ko‘rsangiz, unga nisbatan notabiiy talablar qo‘yishingizning oldini oladi. Buni avvaldan tushunish, sizlarga keyinchalik bir- biringizga e’tiroz bildirish emas, balki birgalikda kamchiliklar ustida ishlash imkonini beradi.
    O‘zingizdan so‘rab ko‘ring, sizga qay biri muhimroq – o‘zaro go‘zal munosabatlarni qura oladigan juftmi, ko‘ngli yaqin insonmi, yoki moddiy orzularingiz ro‘yobimi? Hammamizni Alloh yaratgan va hech qaysi birimiz mukammal emasmiz. Shuning uchun “mukammal” va “majbur” degan so‘zlarni unuting! Siz mukammal bo‘lmaganingiz kabi, bo‘lajak juftingizdan ham bunday bo‘lishni kutmang.

 

Sayda Xayat

 

www.muslimaat.uz 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216290
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24539
  • 19001
  • 12790
  • 15754