Islomiy ibodat bel og‘rig‘ining oldini olishi isbotlandi
Islom dini e’tiqodchilarining ibodati jismoniy holatni yaxshilab, insonni bo‘g‘im og‘riqlaridan xalos qilishi ma’lum bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, tizzalarning faol harakati, gavdaning egilib, yana qayta tiklanishi bel uchun klinik davo ekan.
AQShning Pensilvaniya shtatidagi Berend universitetida olib borilgan tadqiqot natijalari "Sanoat muhandisligi va injiniringi" xalqaro jurnalida e’lon qilingan.
Bu to‘g‘rida, Buyuk Britaniyaning The Independent nashri yozmoqda. Nashrda yozilishicha, Yer yuzida har kuni 1.6 milliard nafar musulmon dini e’tiqodchilari boshlarini egib, tizzalarida cho‘kib hamda peshonalarini yerga tekkizgancha Makka shahriga yuzlangancha ibodat qiladi.
"Insonning jismoniy salomatligi ijtimoiy-iqtisodiy omillar, uning turmush tarzi va diniy qarashlariga ham daxldor. Tadqiqotda kompyuterda yaratilgan ibodat qilayotgan insonning muqobilidan foydalanildi. Ma’lum bo‘lishicha, Islomda "sujud" deb ataluvchi, tizzada o‘tirish holati tanadagi bo‘g‘imlarning qayishqoqligini ta’minlaydi", deyiladi maqolada.
Shuningdek, muntazam ravishda ibodat qilish tananing faol harakatlanishi, shu orqali tanadagi tushkunlik va g‘azabning tarqalishi, bo‘g‘im va mushaklardagi neyro to‘qimalarning sog‘lom bo‘lishini ham ta’minlaydi.
Shuhrat Sattorov tayyorladi