Ilmning asari boqiydir
18.12.2016 8617

    Alloh taolo Qur’oni karimda ilm ahlini quyidagicha ta’riflaydi: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘ladilarmi?”, “Albatta, Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar”. 
    Oliyjanob shari’atimiz doimo ilmga targ‘ib qilib, johillikka qarshi kurashgan. Islom dini ilm olishga shu qadar e’tibor berganligidan har bir shaxs uchun ilm olishlikni farz qildi. Chunki ilm bilangina namoz, ro‘za kabi ibodatlarni o‘rganish, hayotimiz mobaynida duch keladigan barcha hodisalar-u muammolarni to‘g‘ri hal etish mumkin. 
   Islom tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak barcha musulmonlar yoshidan qat’iy nazar Rasulluloh (s.a.v)ning “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” degan hadislariga amal qilib, umrlarini ilmga bag‘ishlaganlar. Umr bo‘yi madrasaga qatnab o‘zlarini tolibi ilm deb hisoblaganlar. Buning natijasida ilm-fan, madaniyat mislsiz darajada rivojlanib, yetuk ulomalar yetishib chiqqan. 
    Bu mavzuni qayta esga olishimizning asosiy sababi bugungi kunda ilm-fan, madaniyat rivojlanishi bilan birgalikda, inson kamolotiga halal yetkazadigan ayniqsa, yoshlarning dunyo qarashi, fikrlashini salbiy tarafga o‘zgartirib yuboradigan turli vositalar ham teng rivojlanib bormoqda. Buning natijasida yoshlar ilm-fandan uzoqlashib o‘zlari uchun na dunyosiga va na oxiratiga foyda bo‘lmaydigan mashg‘ulotlar bilan band bo‘lib qoldi. Buning misolini internet kafelarda, juda bo‘lmaganda uyda televizor qoshida turli seriallarni ko‘rib vaqtini behudaga sarflayotgan, faqat vaqtni zoye qilibgina qolmay tarbiyasi ham izdan chiqib borayotgan yosh farzandlarimiz, o‘smir yigit-qizlarimizda ko‘rishimiz mumkin. 
     Hozirda ota-onaning farzand oldidagi burchlari hammaga ma’lum. Ularni yuvib-tarash, yedirib-ichirish, hech kimdan kam bo‘lmagan holatda kiyintirish, sog‘lig‘i uchun kerakli narsalar bilan ta’minlashda barcha barobar jonbozlik ko‘rmatmoqda. Ammo ularni ta’lim va tarbiyasi borasida hanuzgacha kamchiliklar ko‘zga tashlanib turibdi. To‘g‘ri, farzandim kelajakda qiynalmasin, hech kimdan kam bo‘lmasin deb, bilim olishiga barcha shart-sharoitlarni yaratib berayotgan ota-onalar kam emas. Biroq ularni eng muhimi mafkuraviy, ma’naviy, ruhiy jihatdan sog‘lom tarbiya berishga, ularni rotgo‘y, e’tiqodli, imonli, halolu-harom, rostu-yolg‘on nima ekanligini to‘g‘ri tushunib yetadigan, har tomonlama talabga javob beradigan bo‘lib tarbiya qilishlari zarur. Bu narsalarga ilm olishlik yo‘li bilangina erishiladi. Har bir musulmon uchun o‘ziga kerakli, hayoti uchun zarur ilmni, dinu diyonatni, halol-haromni bilish, buning uchun zarur bo‘lgan narsalarni o‘rganish farzi ayndir. Har bir musulmon bu ishni qilishi shart, qilmagan odam gunohkor bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda: 
    “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘ladilarmi?”(Fotir surasi -28), degan. Albatta, teng bo‘lmaydilar. Biladiganlar iymon keltirib, ibodat qiladilar. Bilmaydiganlar kufr keltirib, isyon etadilar. Oyatda ilmli doimo ustun turishi va fazilatli hisoblanishi, ilmsizda esa bu narsalar bo‘lmasligiga ishora qilinmoqda. 
     Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham o‘z hadisi shariflarida: “Ikki xislat munofiqda jam bo‘lmaydi: go‘zal shakl va dinda faqih bo‘lishlik” deganlari “Ey ummatlarim, munofiq bo‘lmayin desangiz, go‘zal shaklga ega bo‘lishga va dinda faqih bo‘lishga urininglar”, deganlaridir. 
     Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: “Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qo‘yadi. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Albatta, olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Albatta, payg‘ambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o‘shani olsa, ulug‘ nasibani olibdi”, deganlarini eshitdim, degan ekanlar”. 
    Oyat va hadislarda zikr etilgan fazilatu ustunliklar, va’dayu mukofotlar o‘zimiz va farzandlarimiz uchun qanchalik zarur. Zero, barchamizning istagimiz jannat emasmi?! Farzandlarimizni go‘zal hulq, dinda faqih topib, ular uchun farishtalaru baliqlarning istig‘for aytishi, payg‘ambarlar merosidan bahramand bo‘lishi emasmi?! Bundan tashqari pastu balandliklardan iborat bo‘lgan hayot davomida biror muammoga duch kelsalar, shuningdek, oilada yoki oiladan tashqaridagilar bilan o‘zaro muamolalar paytida, ayniqsa qizlarimiz, kelinchaklarimiz, shu bilan bir qatorda oilamiz ustunlari bo‘lgan qaynonayu qaynotalarimiz, o‘g‘il farzandlarimiz ilmli bo‘lsalar hech kimga zulm qilmasdan, adolat ila, Allohdan qo‘rqan hollarida barcha qiyinchilik va chigalliklarni osongina hal etadilar. Ilm bilan bunyod etilgan oilalar o‘zlaridan qiyomatgacha manfa’atlantirib turadigan zurriyotlarni tarbiya qilib qoldiradilar. Zero ilmning asari boqiydir. 
     Abu Hurayra (r.a)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir hidoyatga chaqirsa, unga o‘ziga ergashganlarning ajrlaricha ajr bo‘ladi. Bu esa, ularning ajrlaridan hech narsani noqis qilmaydi. Kim bir zalolatga chaqirsa, unga o‘ziga ergashganlarning gunohlaricha gunoh bo‘ladi. Bu esa, ularning gunohlaridan hech narsani noqis qilmaydi”, dedilar”. 
    Muslim, Abu Dovud va Termiziylar rivoyat qilishgan. Darhaqiqat, Islomda bardavom savob yetkazib turadigan ishlardan biri ilm hisoblanadi. Ilm yo‘lida qilingan amal hech qachon zoye ketmaydi. Balki bundan o‘z egasiga uning o‘limidan keyin ham savoblar yetib turadi. 
     Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yana boshqa hadislarida: “Qachonki odam bolasi o‘lsa, amali kesiladi. Magar uch narsadan: joriy sadaqadan, manfaat oladigan ilmdan yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan kesilmaydi”, dedilar. Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmaganlar. Ilm tarqatishning yo‘li ko‘p. Kitob yozish, ilmiy muassasalar qurish, ularni jihozlash, ahli ilmlarga yordam berish, kitob, turli matbuot vositalari orqali ilm tarqatish va shunga o‘xshash ishlar kiradi. Bunday ishlarni qilgan mo‘minga uning vafotidan keyin ham savobi yetib turadi. Ushbu hadislar ilmning asari doimiy qolajagi, uning egasi doimo savobga ega bo‘lib turishini isbotidir. Ayniqsa bu ilm o‘z farzandlarimizda bo‘lsa, orqamizdan haqqimizga duolar qilib tursa nur ustiga a’lo nur. 
      Alloh taolo Tahrim surasining 6- oyatida: 

 

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ 

 

    “Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan o‘tdan saqlang. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar.” 
    Bu oyati karimada Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalarini faqat o‘zlarinigina emas balki ahlini ham oxirat otashidan saqlashga buyurmoqda. Bu esa har bir kishi o‘z oila a’zolari ya’ni oila bekasi, farzandlari, kelinlaru qizlarini mana shu yoqilg‘idan saqlaydigan ilm bilan tarbiya qilishi vojib ekanliga dalolat qiladi. Alloh taolo O‘z nabiyi va musulmonlarni o‘z ahliga din ishlaridan saboq berishi, imkon qadar shart-sharoit yaratishi, bu yo‘ldagi qiyinchiliklarga hatto bu unga moddiy zarar yetgazsa-da sabr qilish kerakligiga buyuradi. Chunki ayollar ilmli bo‘lsa oilaning baxt-saodatli bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu oilada Fotima va Oisha onalarimiz kabi kuchli hofiza va sog‘lom tafakkur sohibalari yetishib chiqadi. Bu oilada solih farzandlar tarbiya topadi. Bu oilada ilmu-irfon to qiyomat boqiy qoladi. 

 

Xadichai Kubro bilim yurti o‘qituvchisi Muhammedxodjayeva Sanobar 

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 215940
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24509
  • 18971
  • 12770
  • 15734