Hali qushimiz kelmadi...
5.3.2017 4384

     Ko‘p yillar burun uyda nimadir ishga andarmon bo‘lib turib, “Ey asr bo‘lib qolibdi-ku” deb shoshib o‘rnimdan turmoqchi bo‘lgandim. Rafiqam: “Hali asr kirgani yo‘q”, dedi mutlaqo xotirjam ohangda. “Nega? Kunni qarang!..” desam, “Hali qushimiz kelmadi”, deb javob qildi. “Qaysi qushimiz?” deya hayron bo‘lib so‘radim-u shu choqda har kuni derazamiz ortida sayraydigan qushcha esimga tushib qoldi. “Ey shu qush asr vaqtida keladimi?” dedim ajablanib. “Faqat asrda emas, hamma namozda keladi. Oldingi uyimizda ham kelardi, sizga ilgari aytuvdim-ku, esingizdan chiqib ketdimi?” dedi xonim. Es qolibdimi odamda, bugun nima yeganini eslay olmaydi-yu. Shu gaplarni bir oz gaplashib turganimizdan keyin deraza ortidan qushning sayrog‘i eshitildi. Men yugurib borib derazadan bo‘yladim. Ammo uni ko‘rmadim. Uyning tomidami yoki barglar orasidami turgan kichkinagina qush bo‘lsa kerak-da deb qo‘ydim o‘zimcha. Rafiqam ham farzandlarimiz ham uni hech ko‘rmagan ekan.
    Alhosil, o‘sha qushchaning sayraganini eshitar edim-u, ba’zida sayrashi namoz vaqtiga to‘g‘ri kelib qoldi deb o‘ylab qo‘yardim. O‘zini hech ham ko‘rmagandim. Shu voqeadan so‘ng har doim namoz vaqtida uning sayrashini kutishni va u sayragani zahoti olazarak bo‘lib uni axtarishni odat qildim. Hamma vaqt u ayni vaqtida kelardi-yu, lekin sira ham ko‘zga chalinmas edi. Bir necha kun uni izlab topa olmaganimdan so‘ng u ko‘rinmaydigan qush ekan, degan xayolga borib izlamay qo‘ydim.
   Ikki hafta burun mehmon kelgan edi. Shom chog‘ida bizning xotirjam o‘tirganimizni ko‘rib, “Shom o‘qimaysizmi?” dedi. Biz “Hozir qushimiz keladi, keyin o‘qiymiz”, dedik. U bizning gapimizga ham ajablandi, ham namoz vaqti kechayotganini o‘ylab betoqat bo‘ldi. Oradan qanchadir vaqt o‘tgandan so‘ng qushimiz sayradi. Biz: “Ana endi namoz vaqti kirdi”, dedik. Shunda mehmon derazaga bo‘ylab turib uni topa olmadi va: “Shu qushlaringizning bolasi yo‘qmi?” deb so‘radi. “O‘zini topa olmayapmiz-u...” deb kulishdik.
    Oradan bir-ikki kun o‘tib qor yog‘ib qattiq sovuq bo‘ldi-ku, o‘sha kuni shomda qushimizni rosa kutdik. Soat millari qo‘limizdagi taqvimda ko‘rsatilgan vaqtdan xiyla o‘tib ketdi. “Ha, bugun qushimiz sovuqqa chiqqisi kelmasdan, namozni uyasida o‘qib qo‘ya qolibdi-da”, deb hangomalashdik-da shomni o‘qib oldik. Namozni o‘qib joynamozni yig‘ayotganimizda qushimiz kelib sayradi. Soatga qarab vaqtni eslab qoldim. Ertasi kuni Xasti Imomga kelgan edim. Masjidning tepasidagi namoz vaqtlari ko‘rsatilgan tabloga qarasam ayni qushcha sayragan vaqtni ko‘rsatib turibdi.
    Ha darvoqe, qaysi kuni bir joydan kechroq qaytdim. Tahoratxonaga yugurib ketarkanman, tasodifan qushimizning uchib borayotganini ko‘rib qoldim: kichikinagina, qoragina qushcha ekan.
   Kecha oqshom allamahalgacha kompyuter qarshisida o‘tirib, charchab uxlagandim. Bomdod chog‘ida juda mast uyquda yotgan ekanman qushimiz odatdagilardan shu qadar baland ovoz sayradi-ki, uni eshitib uyg‘onmaslik mumkin emas edi. Uyg‘ondim-u, o‘rnimdan turishga majolim yo‘q. Bir amallab turib oldim, ko‘nglim yorishib qushimizga rahmat aytdim. Agar u bunchalik jon-jahdi bilan sayramaganida namozni qochirib qo‘yishim tayin edi-da.

 


Damin JUMAQUL,
jurnalist

www.muslim.uz   

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 69810
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

10303
  • 5835
  • 3782
  • 5797