G‘iybat joiz etilgan o‘rinlar bor(mi?)
7.3.2017 11159

   Dinimizda g‘iybat harom bo‘lsa-da, ba’zi holatlarda isloh uchun ruxsat etilgan. Ana shu isloh sahih, shar’iy maqsadda bo‘lib, faqat g‘iybat yo‘l bilan unga yetishish mumkin bo‘lmasa, o‘shanda ruxsat etilgan. U quyidagi oltita sabablarning birida bo‘ladi: 
   Birinchisi – mazlum sultonga yoki qoziga yoki zolimni insofga chaqirishga kuchi yetadigan odamga birovni aybini aytib shikoyat qilishi. 
  Ikkinchisi – munkar narsani o‘zgartirishga va osiyni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishga yordam so‘ramoq. U ana shu munkar narsani ketkazishga qudrati yetadigan kishiga "Falon kishi bunday ishlarni qilib yuribdi, uni bundan to‘xtatib qo‘ying", kabi so‘zlarni aytadi. Ana shu paytda uning maqsadi munkar narsani ketkazishga bo‘lmog‘i kerak. Uning maqsadi bunday bo‘lmasa, harom bo‘ladi. 
   Uchinchisi – fikr-mulohaza so‘rash. Masalan, muftiga "Otam yoki inim yoki falonchi menga zulm qildi, undan xalos bo‘lish, haqqimni olish va zulmni o‘zimdan daf etish yo‘li qanaqa?" deb aytmog‘i joiz. Va shu singari "Xotinim meni unday qildi" yoki 'Erim bunday qildi", deb hojati uchun aytmog‘i joiz. Yana ham to‘g‘rirog‘i, "Bir kishini ana bu ishida nima deysiz?" yoki 'Er yoki xotin bunday qildi", deb tayin qilmasdan maqsadini hosil qilmog‘i ham durust. 
    Keyingi bobda zikr etiladigan Hind roziyallohu anhodan qilingan rivoyat ta’yin qilishning joizligini ko‘rsatadi. U eri Abu Sufyonning baxil-ziqna ekanini aytganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni bu g‘iybatidan qaytarmadilar. 
   To‘rtinchisi – musulmonlarni yomonlikdan ogoh etib, ularga nasihat qilish. U bir nechta ko‘rinishda bo‘ladi. Ulardan hadis rivoyat qiluvchi roviylarning guvohlik ko‘rsatmalarini majruhligi uchun rad etmoq. Mana shu musulmonlar ijmo’i bilan joizdir. Balki ehtiyoj bo‘lgani uchun vojibdir. Aytadilar: "Bir kishi nikoh yo‘li bilan qarindoshlik munosabatlariga kirishini yoki ishda sherik bo‘lishini yoki omonat olishini yoki uning huzuriga omonat qo‘yishni yoki bundan boshqa narsalarda muomala qilishni sendan maslahat so‘rasa, nasihat yuzasidan u haqda bilgan narsangni aytmog‘ing vojib bo‘ladi. Agar sen unga "Muomala qilish yoki nikoh ila qarindosh bo‘lish durust bo‘lmaydi" yoki "Bunday qilmagin', deb aytish bilan maqsad hosil bo‘lsa, yomonligini ortiqcha zikr qilish joiz emas. Endi bordi-yu, maqsad hosil bo‘lmasa, unda ochiqchasiga zikr qilavergin". 
    Va yana aytadilar: "O‘g‘irligi, zinokorligi, ichuvchiligi ila mashhur bo‘lgan qulni sotib olayotgan kishini ko‘rsang, uni o‘sha sotib oluvchi kishi bilmaydigan bo‘lsa, bayon qilmog‘ing lozim bo‘ladi. Nafaqat bu qul sotib olishda, balki har bir sotib olinayotgan narsaning aybini bilsang, agar sotib oluvchi bilmasa, bayon etmog‘ing vojib bo‘ladi". 
   Yana aytadilar: "Agar bir fiqh o‘rganuvchi bid’atchi yoki fosiq huzuriga borib, undan ilm o‘rganayotgan bo‘lsa va sen u fiqh o‘rganuvchi zarar topmog‘idan qo‘rqsang, unga nasihat qilmog‘ing va holini bayon qilmog‘ing lozim bo‘ladi. Shu shart bilanki, sen bunda nasihatni qasd qilmog‘ing kerak. Mana shu narsada ko‘pincha xatoga yo‘l qo‘yiladi. Gohida hasadga olib keladi yoki shayton aldab qo‘yadi. U esa bu qilgan ishini nasihat va shafqat, deb xayol qiladi. Sen buni idrok etib, farosatli bo‘l". 
    Yana aytadilar: "Bir kishi boshliq bo‘lsa-yu, solih bo‘lmagani yoki fosiq va mug‘affal bo‘lgani sababli ishni yaxshi ko‘rinishda bajarmasa, undan ham kattaroq bo‘lgan boshliqqa uning aybini zikr qilmog‘ing vojib bo‘ladi. Ana shu katta boshliq uni ishdan chetlatib, undan-da salohiyatlisini tayinlaydi. Yoki uning holatini bilsa, uni to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishga undaydi". 
    Beshinchisi – fosiqligi, bid’atchiligi oshkora bo‘lgan kishilarni g‘iybat qilish joiz. Masalan, aroqni oshkora ichuvchi, kishilarning molini soliq solib, musodara qilib, zulm bilan tortib oluvchi hamda botil ishlarni yurgizuvchilar shular jumlasidandir. Mana shu ishlarni oshkora qiluvchini g‘iybat qilish joiz. Ammo bundan boshqalarida, ya’ni, yuqoridagi zikr qilganlarimizdan tashqari holatlarda joiz emas. 
    Oltinchisi – tanishlik uchun. Agar kishi ko‘zi xira, oqsoq, kar, ko‘r, g‘ilay, burni pachoq va shunga o‘xshash nuqsonli laqab bilan tanilgan bo‘lsa, tanitish niyatida tanitmoqlik joiz. Ammo noqislik tomonini bundan boshqa maqsadda aytish harom. Agar aybini aytmasdan boshqa yo‘l bilan bo‘lsa, juda ham yaxshi. 

    Mana shu zikr qilingan oltita sabablarda ulamolar g‘iybat qilish joiz, deb aytishgan. Buning dalili sahih hadislarda zohiriy holda keltirilgan. 

 


Mansurov Shokirjon

Uchqo‘rg‘on tumani bosh imom-xatibi, Sayyidxon Eshon jome’ masjidi imomi

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216279
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24539
  • 19000
  • 12790
  • 15754