ERIMNI ISITIB BERING
28.9.2016 13563

      “Opa, shu kunlarda kuyovingizning qadam olishi boshqacha. Birortasiga ilashib qolganmi, ishdan beri kelmay qo‘ydi. Menga ham, bolalariga ham e’tiborsiz. Nima qilsam ekan?”. Singlisining gaplarini eshitib, Saida o‘ylanib qoldi.
    Biror chora topmasa singlisining oilasi buzilib ketishi mumkinligini o‘ylab, miyasiga kelgan fikrdan xursand bo‘lib ketdi: “Kuyovni singlisiga isitish kerak!”.
     Opa-singil birgalashib folbinning oldiga borishdi. Holatni tushuntirishganidan so‘ng, folbin ayol shakar, mayiz, erining ichki kiyimlaridan olib kelishni tayinladi. Dam solib erini isitib berishini uchun bir necha marta kelishlari kerakligini aytdi.
      Umida folbinni oldiga bir necha marta borganiga qaramay, erining o‘zidan toboro uzoqlashib borayotganini, oilasidan xotirjamlik yo‘qolib, farzandlarining tarbiyasi ham og‘irlashib ketayotganini sezib turardi. O‘tib borayotgan vaqt faqat uning zarariga xizmat qilayotgan edi.
     Folbinni oldiga borib ketgazgan vaqtiga, puliga qattiq achindi. Aslida oilasidagi bu holatlarning asosiy sababchisi o‘zi ekanini kech angladi. Ishdan kechroq qaytgan eri haqida noto‘g‘ri gumonlar borib, charchab turgan odamga har xil haqoratlarni yog‘dirib, o‘ziga bo‘lgan hurmat va muhabbatni yo‘qotib qo‘yganini, bolalarining oldida ham erini behurmat qilganligi bois xonadonidan, oilasida fayzu-barokatni ko‘tarilganini uzoq mulohazalardan so‘ng tushunib yetdi. Afysus, singan idishni yamagan bilan, chegirmasi qolar ekan... Kaltabinlik bilan qilingan bunday muomala erining oilasidan ko‘nglini sovishiga, hatto guldek farzandlari ham ko‘ziga ko‘rinmay, oilasini tashlab ketishiga sabab bo‘ldi.
     Umida o‘z xatolarini tushinib yetdi. Biroq endi qanday qilib bu xatolarni to‘g‘irlash, erining ko‘ngliga qaynday yo‘l topish mumkin?!
     Ayolning eng asosiy “ish joyi” – oila qo‘rg‘oni! Faoliyat yuritayotgan har bir ishchi o‘z ustida ishilab, o‘sishga, ishini eng a’lo darajada bajarishga harakat qilishi lozim bo‘lganidek, ayol ham o‘zining rafiqalik, onalik, uy bekalik kabi faoliyatlarini yuksak saviyaga ko‘tarishi lozim. Oilasini mustahkamligi, farzandlari tarbiyasi, erining roziligi hayotidagi bosh me’zon bo‘lishi lozim. Kamchiliklarini anglagach ham, ularni to‘g‘irlashga harakat qilmay, “Qanday bo‘lsam shundayligimcha qabul qilishsin!” deb turib olish oqilalik emas.
     Biror kasallikni davolashdan oldin kasallikni kelib chiqish sabablari o‘rganiladi. Sabablari aniq bo‘lgandagina kasallik tezda bartaraf etiladi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, davoni ham faqat xalol yo‘llardan qidirish kerak. Shundagina mehr-muhabbat bilan mustahkam bo‘lgan xonadonga Allohning rahmati ham yog‘ilib turadi.
     “Erni isitish”ning halol yo‘li Alloh halol qilgan vositalar bilan erining mehrini qozonishdir. Er uyiga kelganida xonadonining tartibsizligi, taom o‘z vaqtida tayyor bo‘lmasligi, xotining sochlari to‘zigan, egnidagi kuylagidan yog‘ hidi kelib turishi, buning ustiga ayolining tund qiyofasi har qanday erkakni uyidan, oilasidan bezishiga olib keladi.
   Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum, 21)
   Odatda, erkaklar ishxona, ko‘cha tashvishlaridan charchab, halovat va taskin ilinjida oilasi bag‘riga qaytadilar. Ayol oqila, fozila va tadbirkor bo‘lsa, erkak uchun uyi farog‘at qasriga aylanadi. Charchab, asabi taranglashgan er uyiga kirib kelganida eshikni ochgan ayolining kulib turgan chehrasi, bir og‘iz “Yaxshi borib keldingizmi?” degan shirin so‘zi, hamma joyning ozodaligi va shirin taomning yoqimli isi, farzandlarining go‘zal hulqi erkakka huzur baxsh etadi. Tashvishlardan bir muddat bo‘lsa ham uzoqlashishiga yordam beradi.
    Ayol eri uchun uyida bezanishi, o‘ziga oro berishi, toza liboslar kiyishi, yoqimli iforlar ishlatishi kerak. Ayolidan, atrofdan yoqimli islar taralishi erning bahri dilini ochadi. Afsuski, ayrim ayollar to‘y, bazm, mehmondorchilikka borgandagina eng sara liboslarini kiyib, o‘zlarga oro beradilar. Bularning hammasi kim uchun, atrofdagi begonalar uchunmi? Aslida ayol go‘zalligini ko‘rishga eng haqli inson ayolning eri.
    Shu bilan birga ayolning er haqlariga to‘la rioya qilib, unga itoat etishi ham oiladagi kelishmovchiliklarni bartaraf etib, er va xotinning bir-birlariga mehr-muhabbatli bo‘lishlariga sabab bo‘ladi.
     Bir ayol Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga kelib: “Men erga tegmoqchiman. Erkakning xotin zimmasidagi haqi nima?”, deb so‘radi. U zot (alayhissalom): “Ering seni xohlagan paytida, tuyaning ustida bo‘lsang ham, tushib uning istagini bajarmog‘ingdir, ovqatini pishirmog‘ing, kiyimlarini yuvmog‘ing, nonini tayyorlamog‘ingdir” (Ibn Moja rivoyati), deb javob berdilar.
    Ayolning eri uchun qilgan xizmatlariga ham ajru savob beriladi: erining kuylaklarini yuvib, dazmollash, ovqatini tayyorlashda ham ayolga ajr bor. Ayol ajrdan umid qilgan holda xizmatlarini sidqidildan qilsa xonadoni obod, ozoda, va fayzli bo‘ladi. Shu bilan birga oilasi tinch, turmush o‘rtog‘i sadoqatli, farzandlari solih, soliha bo‘lishini istagan ayol doimo ularning haqiga duo qilishi lozim. Zero, duo ibodatning mag‘zi.
  Sanab o‘tilgan amallarda bardavom bo‘lgan ayolga nisbatan erining muhabbati ziyoda bo‘ladi, oilasiga qattiq bog‘lanib qoladi. Oiladagi sog‘lom muhit, farzandlariga berayotgan chiroyli tarbiya uchun erning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Bu esa ayolning erining rozi qilishi uchun eng yaxshi tadbirdir. Shundagina ayol nafaqat erining, balki Alloh taoloning roziligini ham qozonadi. Ayolligi, onaligi, bekaligi uchun ham yaqinlarining mehrini qozonadi, ham ajrlarga sazovor bo‘ladi, inshoalloh!

 


Munira ABUBAKIROVA 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 69568
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

10253
  • 5788
  • 3751
  • 5758