false
25.11.2016 16138

     Alloh taolo insonlarni tinch-totuv oila bo‘lib yashashga chaqirgan. Nikohni muqaddas rishta deya e’lon qilib, behuda sabablar ila ajrashishdan qaytargan. Ammo ba’zi holatlar borki, ajrimga ruxsat berilgan. Islom shariatiga ko‘ra ajrim ikki xildir: 

 

1. Shar’iy ajrim 

 

2. Qazoiy (qozi tomonidan bo‘ladigan) ajrim 

 

     Shari’iy ajrim iylo, lion, zihor, dindan chiqish, er-xotindan birining Islomga kirishi ila oralari ajratiladi. Ushbu shar’iy ajrimlar fiqh kitoblarida batafsil, ko‘p va xo‘b bayon qilingan. Qazoiy ajrimga to‘rt fiqhiy mazhablarga ko‘ra umumiy quyidagilar sabab bo‘ladi: nafaqa qilishdan ojizlik, er-xotindagi ayb, zarar, yomon oilaviy munosabatlar, erning g‘oyib bo‘lishi hamda qamoq. Ushbu masalalar qozining hukmiga bog‘liq bo‘ladi. 
    Nafaqadan ojiz bo‘lish. Hanafiy mazhabidan boshqa uch mazhab ya’ni Molikiy, Shofe’iy va Hanbaliy mazhablarida nafaqdan ojiz bo‘lish er-xotin ajratilishiga sabab bo‘ladi. Jumhur o‘zlariga quyidagi oyatni dalil qiladilar: 

 

فَإِمْسَاكٌ بِمَعْرُوفٍ أَوْ تَسْرِيحٌ بِإِحْسَانٍ 

 

    “So‘ngra (oilani) yaxshilik bilan saqlash yoki chiroyli suratda ajralish (mumkin)”. (Baqara, 229) 

 

    Abu Zannod aytadi: Sayid ibn Musayyibdan kishi ayoliga nafaqa qilishdan ojiz bo‘lib qolishini so‘rab, orasi ajratiladimi? deb so‘radim. “Ha” deb javob berdi. “Sunnat”mi dedim. “Nabiy sallollohu alayhi vasallamning sunnatlari dedi”. 
     Umar r.a. Ajnod amirlariga maktub yozib, ayollaridan uzoq bo‘lgan erkaklarni ayollariga nafaqa qilishga yoki taloq qilishga, taloq qilsalar o‘tgan muddatdagi nafaqani yuborishlariga buyuradilar. 
Ammo, Hanafiy mazhabiga ko‘ra, nafaqadan ojizlik sababli er xotin orasi ajratilmaydi. Chunki er goho boy, goho nochor holatda bo‘ladi. 
     Zero Alloh taolo quyidagicha aytgan: 

 

لِيُنْفِقْ ذُو سَعَةٍ مِنْ سَعَتِهِ وَمَنْ قُدِرَ عَلَيْهِ رِزْقُهُ فَلْيُنْفِقْ مِمَّا آَتَاهُ اللَّهُ لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا مَا آَتَاهَا سَيَجْعَلُ اللَّهُ بَعْدَ عُسْرٍ يُسْرًا 

 

     Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin! Alloh hech bir jonni O‘zi unga ato etgan (rizq)dan boshqa narsaga taklif qilmas. Alloh tanglik (kambag‘allik)dan keyin yengillik (boylik)ni ham paydo qilur. (Taloq, 7 oyat) 

 

     Agar er boy bo‘lib, nafaqa qilmayotgan bo‘lsa, ajrimdan boshqa yo‘llar qilinadi, masalan qamab qo‘yiladi yoki majburan moli nafaqa uchun sotiladi. Ayb va kasallik. Abu Hanifa va Imom Muhammad uch jinsiy kasallik sababidan er-xotin orasi ajratiladi, deyishgan. Ular: 

 

1. Majbub – erkak jinsiy a’zosi kesilgan bo‘lishi 

 

2. Unna – jinsiy ojiz bo‘lish 

 

3. Xosiy – bichilgan bo‘lish – mana shu holatlardagina xotin qoziga shikoyat qilib, ajrim talab qilishga haqli. Bunda qozining nikohni fasx – bekor qilishi boin taloq bo‘ladi. 

 

      Avvalo, erkak kishidagi bu uch holat oila bo‘lib yashash, oiladan ko‘zlangan maqsadga xalal beradi. Shunda xotin eri bichilgan yoxud jinsiy ojizligi sababli qoziga arz qilishga haqli bo‘ladi. Qozi erkak kishiga bir qamariy oy hisobida muddat beradi. Chunki, erkaklardagi ojizlik bir mavsumda paydo bo‘lib, boshqa bir mavsumda yo‘qolib, holat o‘nglanishi mumkin. Ko‘rinib turibdiki, muqaddas oila rishtasi behuda sabablar bilan uzib, baxt qasri esa buzib yuborilmaydi. 
     Hanafiy mazhabidan boshqa uch mazhab sohiblari ajrimga sabab bo‘luvchi boshqa ayblarni keltiradilar, xususan:

 

Molikiylarda 13 ayb e’tiborga olinadi: erkak kishida 7 ayb – jinnilik, moxov, pes, majbub, unna, xosiy bo‘lishi, yaqinlik paytida peshob yoki axlat chiqarib yuborishi; ayolda esa 5 ayb – rotaq (yaqinlik yo‘lini to‘suvchi go‘sht o‘sgan bo‘lishi), qorn (yaqinlik yo‘lini to‘suvchi suyak bo‘lishi), baxor (farjdan badbo‘y hid kelishi), g‘ofal (yaqinlik yoki lazzatni to‘suvchi bez chiqqan bo‘lishi), ifzo (peshob va axlat yo‘llarini birlashib ketishi) 

 

Shofe’iylarda 7 ayb e’tiborli: majbub, unna, jinnilik, moxov, pes, rotaq hamda qorn 

 

Hanbaliylarda esa 8 ta ayb e’tiborli: jinnilik, moxov, pes, majbub va unna. Ayolga tegishlilari: peshob va maniy yo‘llarining aralashib ketgan bo‘lishi, qorn, afal (suyak o‘sgan bo‘lishi). 

      Shofe’iy va Hanbaliylarda qozining ajratib qo‘yishi fasx – nikohni bekor qilinishi bo‘lib, taloq hisoblanmaydi va taloq adadlarini kamaytirmaydi. Ayb bilan ikki tomon orasi ajratilayotganda quyidagi shartlar bo‘lishi lozim: 

 

1. Ajrimni talab qilayotgan tomon nikoh aqdi payti yoki undan oldin aybdan bexabar bo‘lishi lozim. Chunki boxabarligi shu aybga roziligini anglatadi. 

 

2. Aqd tuzilgandan keyin aybdan xabar topsa, shu aybga rozi bo‘lmasligi. Agar rozi bo‘lib turgan bo‘lsa, da’vosi assosiz da’vo bo‘ladi. 

 

Ayb sababli ajratilganda mahr masalasi. 

 

      Hanafiylarda agar ajrim yaqinlik yoki xilvati sahihadan oldin bo‘lsa, ayolga mahrning yarmi beriladi, chunki ajralish er sababidan yuzagan chiqmoqda. (Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi ayblar erkak kishiga tegishli bo‘lib, bizning mazhabda ayollarga doir ayblar keltirilmagan.) agar ajralish yaqinlikdan yoki xilvati sahihadan keyin bo‘lsa ayolga idda vojib bo‘ladi, mahr to‘liq beriladi. 
     Jumhur fikriga ko‘ra ajratish yaqinlikdan oldin bo‘lsa, ayolga hech nima berilmaydi, agar ayb ayol sababli bo‘lsa. Chunki u o‘zidagi aybni berkitgani va yashirgani uchun. Ammo yaqinlikdan keyin bo‘lsa, ayol kishiga aytilgan mahrning barchasi beriladi, agar ayb yerkak kishi sababidan bo‘lsa. Chunki u o‘zidagi aybni xotinidan berkitib yashirdi. 
     

 

Janjal va zarar.

 

    Janjal – inson hurmatiga ta’na yetkazadigan darajadagi qattiq nizo. Zarar – erkak kishining xotiniga gap yoki xatti-harakat bilan aziyat yetkazishi. Xuddi, so‘kish, urish va harom ishlarga majburlashi kabi. Molikiylardan boshqa uch mazhab, agarchi nizo va zarar o‘ta darajada kuchli bo‘lsa ham, ajrimga sabab bo‘lolmaydi. Chunki ayoldagi zararni taloqsiz ham hal etish mumkin, masalan qozining erkakni odobga chaqirishi, jazolashi kabi. Molikiylarda esa, zarar va janjal sababidan tafriq joiz bo‘ladi, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning ushbu so‘zlariga ko‘ra: “Zarar berish ham yo‘q, zarar ko‘rish ham yo‘q”. (Ibni Moja rivoyati) Qozining bu holatdagi ajrimi – qozining boin taloq tushirishi bilan bo‘ladi. 

 

Erning yo‘q bo‘lib ketishi.

 

     Agar er g‘oyib bo‘lsa va u sababidan ayol zarar ko‘radigan, fitnaga yo‘liqishidan qo‘rqadigan bo‘lsa, Molikiy va Hanbaliylarga ko‘ra, “Zarar berish ham yo‘q, zarar ko‘rish ham yo‘q”, hadisiga muvofiq ajrimni talab qilib chiqishga haqli. Molikiylar nazdida er uzrli sabab bilan bo‘ladimi, xuddi ilm talab qilish, tijorat kabi, yoki uzrsiz yo‘q bo‘lib ketishing farqi yo‘q. Ular erni g‘oyib bo‘lishidagi eng uzoq muddatni bir yil deb belgilaganlar. Yana bir qavlga ko‘ra, erga yetib kelishi, yoki taloq qilishi yoxud nafaqa jo‘natishi haqida ogohlantirilgandan so‘ng 3 yil kutiladi. Molikiylarda boin taloq tushadi. 

    Hanbaliylar faqat uzr sababli tafriq joiz deydilar. G‘oyib bo‘lishning chegarasi Umar raziyallohu anhuning janglarda askarlarga vaqt belgilab berganlariga muvofiq 6 oy yoki undan ko‘proq. Agar ayol da’vosini isbotlay olsa, qozi ularni ajratadi va fasx – nikoh buzilishi deb e’tibor qilinadi, taloq emas. Hanbaliylarda ayol sababidan bo‘ladigan ajralish fasx deb hukm qilinadi. 
      Yuqoridagi holat ham qozining hukmi va ayolning talabi ila bo‘ladi. Ayol xohlamasa, hech qanday ajrim sodir bo‘lmaydi. Ammo, Hanafiy va Shofe’iy mazhabiga ko‘ra, garcha muddat uzun bo‘lsada, erning yo‘q bo‘lishi sababidan qozi ularning orasini ajratmaydi. Negaki, bu borada birorta shar’iy dalil sobit bo‘lmagan. 

 

Qamoq sababidan bo‘ladigan ajrim.

 

    Molikiy mazhabida agar er hibsda, qamoqda bo‘ladigan bo‘lsa, qamoq uzr bilan yoki uzrsiz bo‘lsin, ayol kishi erining bir yil yoki undan ko‘proq yo‘q bo‘lishi sababidan tafriqni talab qilishga haqli. Qozi erni kutmasdan, unga maktub yo‘llamasdan ham oldin ularning orasini ajratib qo‘yaveradi, bu boin taloq bo‘ladi. Qamoq xuddi erning g‘oyib bo‘lishiga qiyos qilinadi. 
    Ammo, Hanafiy, Shofe’iy hamda Hanbaliy mazhablari erning qamoqda bo‘lishi, asir tushishi sababidan ajrimga ruxsat bermaganlar. Chunki, bu borada shar’iy dalil vorid bo‘lmagan. 

 

Umumiy xulosalarga to‘xtalsak: 

 

1. Hanafiylik mazhabida erkak kishidagi jinsiy ojizlik sababidan xotin qoziga shikoyat qilishi mumkin. Shunday bo‘lsada qozi erkakni o‘zini o‘nglab olishi, davolanishi, jismoniy imkoniyatlarini to‘liq ishga solishi uchun bir yil muddat beradi. Erkaklardagi bunday holat sababidan ayolga zulm ham qilinmaydi, erkakka ham muddat belgilanmay oralari ajratib yuborilmaydi. Bundan tashqari, mazhabimizga ko‘ra insonning boy va kambag‘al bo‘lishi, yoxud ilm, kasbu kor talabida ayoli yonida bir muddat bo‘lmasligi, ba’zi sabablar ila hibsga tushishi erkakka ayb yetkazmaydi. Farazan, shu holatlar bilan ayolga ajrim so‘rab qoziga murojaat qilish huquqi berilsa, qanchadan-qancha oilalar ajralib, parokanda bo‘lishiga sabab bo‘lib qoladi. Shariatimizda ayollardagi jinsiy mone’liklar ham ajrimga sabab bo‘la olmaydi, buning boshqa yechimlari mavjud bo‘lgani uchun. Hanafiylik mo‘tadil mazhab bo‘lgani, insonlar holati, turmush tarzi, sharoiti va urf odatlarini e’tiborga olganidan uning ergashuvchilari ko‘pchilikni tashkil etadi. 

 

2. Hozirgi kunimizga nazar solsak: ajrimlar ko‘paymoqda, oilaviy janjallar avj olmoqda. Har 4-5 oiladan biri sudga shikoyat bilan ajrim so‘rab chiqmoqda. Mutaxassislar va yarashtiruv komissiyalari shikoyat sababini o‘rganib chiqishganda, ajrimga asosli sabablar deyarli topilmaydi. Kelinga qarshi shikoyatlar: “Tagi past...”, “Mebeli xorijniki emas...”, “Kulib yurmaydi...”, “Dangasa...”, “Onasi beshik qilib, toy obkelmagan...”, “Uy ishlariga uquvi yo‘q...”, “Bir yildan beri tug‘mayapti...”, “Bitta bolani eplolmaydi...”, “Qachon qarasa kasal, yugurib-yelib xizmat qilmaydi...”, “Onasi qudachilikni o‘rniga qo‘ymaydi...” va hakazo iddaolar. Kasalni davolatsa, dangansa, xulqi yomonga nasihat qilsa, toysiz ham nabira katta qilsa, tagi past bo‘lsada, odobi yaxshi kelin bilan murosa qilib yashasa bo‘ladi. Ammo arzimas sabablar bilan er-xotin orasiga nizo solish, janjal ko‘tarish, xotinga aziyat yetkazish Islom shariatida ma’n etilgan. Yuqorida mazhabimizda ayb erkakda bo‘lsagina, ajrim uchun qoziga murojaat qilish joizligi bildik. Ammo ko‘p qaynona-qaynotalar ayb o‘g‘illarida ekanligini bilib tursalar ham hamma aybni kelindan ko‘rib, oila negiziga o‘zlari bilmagan holatda bolta urib qo‘yadilar. Buning aksi o‘laroq, erkak kishiga ham ba’zi asossiz ayblarni ro‘kach qilishadi: “Landovur...”, “Oilani boqolmaydi...”, “Xotini talablarini qondirolmaydi...”, “Bir ish qo‘lidan kelmaydi...”, “O‘ziga to‘q deb o‘ylabman, kambag‘al bo‘lib chiqdi...”, “Institutni tugatmagan...”, “Moshinasi yo‘q...”, “Kasalmand...” kabi iddaolar. Asosiy erga yuklanadigan ayb, maoshining kam bo‘lishi, katta-katta daromadi yo‘qligi. Lekin boylik va kambag‘allik ham Allohdan yetadigan qazoi qadardir. Ayrim ayollar erlari yaxshi topib-tutganda chiroyli muomalar qiladilar, ishi orqaga ketganda, biror musibatga yetganda yolg‘iz tashlab ketadilar. Xalqimizda bejizga “Er-xotin qo‘sh ho‘kiz” deyilmagan. 

 

3. Yurtdoshlarimiz, xususan ayollar orasida agar er xorijga ishlagani ketsa, yoki uzoq muddat qamoqda o‘tirgan bo‘lsa, “Er-xotin orasiga taloq tushadi”, degan “fatvo” tarqab ketgan va buni amalda qo‘llashmoqda ham. Islom shariatiga binoan er qancha uzoq yo‘q bo‘lib ketsada, oralariga taloq tushmaydi, mazhabimizga ko‘ra, bu sabab ila qozi oralarini ajratmaydi ham. Ammo, er bedarak yo‘qolgan, vafot etgan deya hukm chiqarsa, bundan mustasno. Zero, Alloh taolo eri bo‘la turib, boshqa erga tegib ketishni, hali iddasi chiqmay turib, boshqa birovga nikohlanib olishni harom va buzuq ish deb e’lon qilgan. 

 

      Alloh taolo barchamizga chiroyli va O‘zi rozi bo‘ladigan turmush kechirishni nasib aylasin! 

 

Vahba Zuhaylining “Al-vajiz fiy fiqhil islamiy” kitobi asosida Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi Faxriddin Muhammad Nosir 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216380
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19010
  • 12794
  • 15757