Duolar qachon qabul bo‘ladi?
21.1.2017 12115

   Gohida ayrimlarning yozg‘irganini eshitib qolamiz: “Duo qilaveramiz, birortasining qabulini ko‘rmadik!” Axir, qonun-qoidasiga muvofiq yozilmagan birgina ariza ham qabul qilinmas ekan, shartlariga rioya etilmagan duo qanday ijobat bo‘lsin?! Oddiy bandadan nimadir so‘rashning o‘ziga xos yo‘li, odobi bo‘lganida, olamlar Parvardigoridan so‘rashning odobi bo‘lmasinmi? 
  Duo, ta’bir joiz bo‘lsa, huzuri ilohiyga yuborilgan arznoma. Insonning o‘z ojizligini e’tirof etishi. Odamning o‘zi-o‘ziga kifoya bo‘lolmasligini bilishi. Bandaning borlig‘i bitta yurakka aylanib ilohiy Dargohga yukunishi. Bor kuchi, butun imkoniyatini ishga solib ham maqsadiga yetolmagan odamning Parvardigoridan madad so‘rab qilgan nidosidir. 
   Ko‘pchilikning duolari xuddi maktubsiz xatjildga o‘xshaydi. Buni boshqachasiga ifodalasak, jasad boru, ruh yo‘q, po‘sti boru, mag‘zi yo‘q. 
   Yoshlanmagan ko‘z, qizarmagan yuz, his qilinmagan ming bir so‘z bilan aytilgan duolar ilohiy Dargohga qanday ham yuksalsin? Yonmaydigan, sirqiramaydigan, sog‘inmaydigan, ingramaydigan yurakning faryodi bo‘ladimi o‘zi? Tosh qotgan qalblar DUOdek ulug‘ murojaatnomani qaysi kuch bilan manziliga eltsin? Ovozini o‘z egasiga ham yetkaza olmaydigan, o‘zi sohibining sasini eshitishdan ojiz bo‘lgan yurak yuksaklarni larzaga solib qanday hayqira olsin? 
    Buni tushungan odam, bola onasidan bir nimani oyoq tirab so‘raganidek, qat’iyat bilan duo qiladi. Xuddi “Fotiha” surasini har kuni o‘nlab marta o‘qigani kabi qayta-qayta iltijo qiladi. 
   Duo bamisoli huzuri ilohiyga yuborilgan taklifnoma. Unda taklifnoma egasining manzili yozilgan bo‘lishi kerakki, ijobat etuvchi uni topsin. Bu esa insonning Yaratgan huzurida qoim turishidir. Haq huzurida turish qoidasini buzgan yoki uni bilmagan kishi odamlarni uyiga taklif qilib, o‘zi uyidan ketib qolgan mas’uliyatsiz kimsaga o‘xshaydi. Shu ahvolda uning duosini samimiy deb bo‘ladimi? 
   Aytaylik, manzil ham topildi. Endi da’vatiga javob beruvchi va inoyati bilan ijobat etuvchi Alloh taologa peshkash qilgani ko‘ngil kerak bo‘ladi. Lomakon (makoni yo‘q) Zotga yurakdan boshqa nazargoh bormi? Biroq U Zot hirsu havas dengiziga g‘arq bo‘lgan, dunyoga muhabbatni o‘ziga jo qilgan yurakka mehmon bo‘larmikin? Shoir aytganidek: 

 

 Sur, chiqar ag‘yorni dildan Haq tajalliy aylasun, 


Podishoh kirmas saroyga xona ma’mur o‘lmasa. 

 

   Bandaning bardoshi tugagan zahoti Alloh taolo yordamga yetishadi. Siz kuchingiz tugagan nuqtada ekaningizga aminmisiz? Agar hali kuchingiz bo‘lsa, u bitgunicha tavakkulni tugal qilib, harakatdan to‘xtamang. Madoringiz qolmay, ilojsizlangan paytingiz esa kutmagan joyingizdan najot eshiklarini ochuvchi Egamning qudratiga guvoh bo‘lasiz! 

   Toif safaridan qaytishda Rasulullohning (a.s.) so‘nggi umidlari ham puchga chiqib, gumrohlar otgan toshlardan pokiza vujudlari qonga belanib, horib-charchab bir devor panasiga cho‘kdilar. Aqlning chorasi qolmagan, kamsitilgan, horg‘in va g‘amnok holda o‘zlarini muhabbatullohning mushfiq bag‘riga tashladilar. Keyin muborak dudoqlardan nido otilib chiqdi va ilohiy Dargohga o‘sha zahoti yuksaldi. Payg‘ambarlik davrning burilish nuqtasi bo‘ldi bu duo: 

“Ilohim! Madorim tugaganini, chorasiz qolganimni va odamlar orasida xor bo‘lganimni faqat O‘zingga arz qilaman. Ey rahmlilarning eng marhamatlisi! Sen Parvardigorimsan, ezilganlarning madadkorisan. Meni kimlarning ixtiyoriga tashlab qo‘yding? Menga g‘addorlik qilganlar qo‘ligami?.. 

...Mayli, Sen mendan g‘azablanmasang bo‘lgani, boshqasiga parvo qilmayman. Ammo marhamatingdan umidvorman. Sening nuringga yukunaman, zulmatlarni yoritguvchi nuringga... 

Kelishi mumkin bo‘lgan azobing, menga yetishi ehtimoli bo‘lgan qahringdan qochib qutulish imkoni bo‘lgan boshpana qidirmoqdaman. Senga sig‘inaman, mendan rozi bo‘lsang, bas. Barcha kuch-qudrat Sendadir, yolg‘iz O‘zingda!..” (Ibn Hishom, “Siyra”). 

 

Sodiq Nosir

 

Manba: www.irfon.uz 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216397
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19011
  • 12794
  • 15758