Doim tahorat bilan yurish va tahoratni yangilash fazilati
5.1.2018 7480

20 – Savbon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Sobitqadam bo‘linglar, zinhor toqat qila olmaysizlar (yoki hisoblay olmaysizlar). Bilinglarki, albatta amallaringiz ichida eng yaxshisi namozdir. Tahoratni faqat mo‘mingina saqlaydi”(Molik, Dorimiy, Ibn Moja, Ahmad, Hokim, Ibn Hibbon, Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih).

Dinda sobitqadam bo‘lish, Allohning amrini mahkam ushlab, sabot bilan turish nafsga og‘ir keladi. Bu ishni faqat qalbi ochiq, Allohning hidoyatiga noil bo‘lgan ixlosli bandalargina eplay oladi.

Bilinglarki, albatta amallaringiz ichida eng yaxshisi namozdir”.

Ya’ni, agar dinda sobitqadam bo‘la olmasangiz yoki bu ishda sustkashlikka yo‘l qo‘ysangiz, unda dinning asosi namozni mahkam ushlanglar. Zero u eng ulug‘ va ajri ko‘p amaldir.

Tahoratni faqat mo‘mingina saqlaydi”.

Faqat mo‘min bandagina tahorat qiladi. Faqat mo‘mingina tahoratini saqlaydi, uni mukammal amalga oshiradi. Faqat mo‘mingina doim tahorat bilan yuradi.

 

21 – Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Agar ummatimga qiyin qilib qo‘y(ishni o‘yla)maganimda, ularni har bir namoz uchun tahorat olish yoki har bir tahoratda misvok ishlatishga va xufton namozini tunning uchdan birigacha kechiktirishga, albatta buyurgan bo‘lar edim”(Nasoiy “As-sunanul kubro”da va Ahmad “Musnad”da rivoyat qilgan. Hadis lafzi Ahmadga tegishli va uning rivoyati sanadi hasan).

Bu yerda targ‘ib qilinayotgan amallar mustahab sanaladi. Har bir namozga alohida tahorat qilish, har tahoratda misvok ishlatish va xufton namozini tunning uchdan birigacha kechiktirib o‘qish yaxshi va fazilatli amal bo‘lganidan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ummatlarini bu ishga targ‘ib qilmoqdalar. Ammo bu amallar nafsga biroz og‘ir kelishi ehtimolidan bu amalga jazm bilan buyurmayaptilar. Ko‘proq ajr olish va oliy maqomga erishishni istaganlar bu amallarni mahkam ushlaydilar.

 

22 – Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi:“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Bilolni chaqirib, “ey Bilol, jannatga mendan nima (amaling) sabab o‘zib ketding. Men bugun kechasi jannatga kirib, oldimda poyafzaling ovozini eshitdim”, degan edilar, Bilol: “Ey Rasululloh, agar azon aytsam ketidan ikki rak’at namoz o‘qiyman va agar tahoratim buzilsa, yangi tahorat olaman”, deb javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Shu sababdan ekan-da”, dedilar” (Termiziy, Ahmad, Ibn Xuzayma, Hokim, Bayhaqiy “Shua’bul iyman”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bomdod namozidan so‘ng Bilol roziyallohu anhuni huzurlariga chaqirib, “ey Bilol, bugun kechasi tushumda seni jannatda ko‘rdim. Qaysi amaling bilan bunday maqomga erishding?” deb so‘raganlarida, Bilol: “Qachon azon aytsam, iqomatdan oldin namoz o‘qiyman. Agar tahoratim buzilsa, yangi tahorat olaman va ikki rak’at namoz o‘qiyman” deb javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Mana shu amallaring bilan jannatga kirgan ekansan-da”, dedilar. Bu rivoyatdan azondan keyin namoz o‘qish va doim tahorat bilan yurish qanchalik fazilatli amal ekanini bilib olamiz.

 

23 – Ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Kim tahorat ustiga tahorat qilsa, Alloh unga o‘sha (tahorat) sababidan o‘nta hasana (yaxshilik) yozadi”(Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, Ibn Jarir Tabariy, Ibn Abu Shayba, Abd ibn Humayd rivoyati. Hadis sanadi zaif).

Ushbu hadisda tahorati bo‘la turib yana tahorat qilish bilan banda o‘nta ajr-savob va yaxshilikka erishishi aytilmoqda.

Ulamolar tahorat ustiga tahorat qilish mustahabligini aytishgan. Bunda avvalgi tahorat bilan namoz o‘qilgan bo‘lishi kerak. Tiybiy avvalgi tahorat bilan namoz o‘qimay yana tahorat qilishni makrux sanagan. Sababi bunda suv isrof bo‘ladi.

Rivoyatlarning birida: “Tahorat ustiga tahorat qilish nur ustiga nurdir”, deyilgan. Ko‘pchilik ulamolar bu qavl salaflarga tegishli ekanini aytishgan.

 

24 – Abu G‘utayf al-Huzaliy rivoyat qiladi:“Men Abdulloh ibn Umar ibn Xattobning masjidda bo‘lgan masjlisida hozir bo‘ldim. Namoz vaqti bo‘lganida, u turib tahorat qildi va namoz o‘qidi. So‘ngra joyiga qaytib keldi. Asr vaqti bo‘lganida, turib tahorat qildi va namoz o‘qidi. Keyin joyiga qaytib keldi. Shom vaqti kirganida yana tahorat qilib namoz o‘qidi. Keyin joyiga qaytib keldi. Shunda men: “Alloh seni saodatli qilsin! Har bir namoz vaqtida tahorat qilish farzmi yoki sunnatmi?” deb so‘ragan edim, u: “Meni kuzatib turganmiding?” dedi. Men: “Ha”, dedim. U: “Yo‘q, (har bir namoz vaqtida tahorat qilish farz emas). Agar bomdod namoziga tahorat qilsam va tahoratim sinmasa, o‘sha tahorat bilan qolgan namozlarni ham o‘qiyman. Lekin men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim tahorat ustiga tahorat qilsa, unga o‘nta savob yoziladi”, deb aytganlarini eshitganman va men bu bilan faqat savob ishlash umididaman”, deb javob berdi”(Ibn Moja rivoyati. Rivoyat sanadi zaif).

Bu rivoyat orqali yuqorida kelgan hadisni kengroq tushunib olishimiz mumkin.

Abu G‘utayf al-Huzaliy rivoyat qiladi: “Men Abdulloh ibn Umarning oldida edim. Peshinga azon aytilganida, u tahorat qilib namoz o‘qidi. Asrga azon aytilganida ham tahorat qilganida, men undan buning sababini so‘ragan edim, u: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim tahorat ustiga tahorat qilsa, unga o‘nta savob yoziladi”, deb aytar edilar”, deb javob berdi” (Abu Dovud va Bayhaqiy rivoyati. Rivoyat sanadi zaif).

Yuqorida aytilganidek, har bir namoz vaqtida tahorat qilish mustahab. Kim xohlasa, shunday qiladi va buning evaziga savobga erishadi. Lekin buni farz deb bilmaslik lozim. Bir tahorat bilan bir necha vaqt namozlarni o‘qish mumkin. Quyidagi rivoyatlar shunga dalolat qiladi.

 

25 – Muhammad (Abu Asad ibn Amr) aytadi:“Men Anas ibn Molikdan tahorat haqida so‘radim. U: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam har bir namozga1 tahorat qilar edilar. Biz namozlarni bir tahorat bilan o‘qir edik”, deb javob berdi”(Abu Dovud, Dorimiy, Ibn Moja va Abu Ya’lo rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tahoratlari bo‘lsa ham, har bir namoz vaqtida tahorat qilar edilar. Ulamolar u zotning bu ishlarini turlicha izohlashgan. Jumladan:

– Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ko‘p hollarda har bir namoz vaqti uchun tahorat qilar edilar, doim emas;

– u zotning o‘zlariga har bir namoz vaqti uchun tahorat qilish vojib bo‘lgan. Makka fath qilingan kun bu amal nash qilingan;

– u zot bu ishni mustahab sifatida amalga oshirganlar. So‘ngra vojib bo‘lib qolishi ehtimolidan uni tark qilganlar.

Mana shu uchinchi fikr haqiqatga yaqinroq. Vallohu a’lamu bis-sovab!

 

26 – Sulaymon ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha,Nabiy sollallohu alayhi va sallam Fath kuni barcha namozlarni bir tahorat bilan o‘qiganlar va maxsilariga mash tortganlar. Shunda Umar: “Siz bugun oldin qilib yurmagan ishni qildingiz?” deb so‘raganida, u zot: “Ey Umar, atayin qildim”, deganlar (Muslim, Sunan sohiblari, Dorimiy, Hokim, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon va Abdurazzoq rivoyati).

Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qilayotgan har bir harakatni sinchkovlik bilan kuzatib borar edilar. Jumladan, u zot qanday tahorat qildilar, qaysi namozga tahorat qildilar, hamma-hammasini diqqat bilan kuzatishardi.

Makka shahri fath qilingan kun Nabiy sollallohu alayhi va sallam bir necha vaqt namozlarni bir tahorat bilan o‘qiganlarini ko‘rgan Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unutmaganmikanlar, degan fikrda, u zotga savol berganida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam buni atayin qilganlari, har bir farz namoziga tahorat qilish lozim emasligini2 bildirish uchun shunday qilganlarini aytib o‘tdilar.

Makka fath qilingan kun Nabiy sollallohu alayhi va sallam qaysi namozlarni bir tahorat bilan o‘qiganlari boshqa rivoyatlarda aytilgan.

Burayda otasidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam har bir namoz vaqti uchun tahorat qilar edilar. Faqat Makka fath qilingan kun bunday qilmadilar. O‘sha kuni u zot band bo‘lib, peshin va asrni bir tahorat bilan o‘qidilar” (Ibn Xuzayma rivoyati).

Yana Ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makka fath qilingunga qadar har bir namoz vaqti uchun tahorat qilar edilar. Fath kuni u zot peshin, asr va shom namozlarini bir tahorat bilan o‘qidilar” (Abdurazzoq rivoyati).

Demak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makka fath qilingan kun peshin, asr va shom namozlarini bir tahorat bilan o‘qiganlar. Peshinda tahorat qilgan bo‘lsalar, asr va shomda tahoratni yangilamaganlar. O‘z navbatida bu bilan har bir namoz vaqti uchun tahorat qilish shart emasligini bayon qilganlar.

 

27 – Anas ibn Molik roziyallohu anhu:“Nabiy sollallohu alayhi va sallam har bir namoz uchun tahorat qilar edilar”, dedi. Men (Amr ibn Omir) Anasga: “Sizlar qanday qilar edingiz?” degan edim, u: “Agar birontamizning tahorati buzilmasa, bir marta qilingan tahorat kifoya qilar edi”, dedi”(Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).

Bu bobda kelgan rivoyatlarni dalil qilib, ba’zi zohiriylar har bir namoz vaqtida tahorat qilish vojibligini aytishgan. Lekin aksar ulamolar bu ish mustahab ekanini ta’kidlashgan.

1 Bu yerda “har bir namozga” iborasini “har bir farz namoziga” deb tushunish lozim. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tahorat qilib, asrni o‘qiganlar. Shom namozi uchun yangi tahorat qilganlar.

2Ba’zilar Alloh taoloning: “Ey imon keltirganlar, qachon namozga tursangiz yuzlaringizni va qo‘llaringizni tirsaklarigacha yuvingiz, boshlaringizga mash tortingiz va oyoqlaringizni ham to‘piqlarigacha (yuvingiz)!” (Moida, 6) oyatini dalil qilib, “har bir namoz vaqti uchun tahorat qilish shart”, deb aytishgan. Lekin muhaqqiq ulamolar bu oyatni “namoz vaqti kirganida tahoratsiz bo‘lsangiz...” deb tafsir qilishgan.

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 207423
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24148
  • 18582
  • 12536
  • 15453