Bani Isroilning buzoqqa sig‘inishi
16.9.2015 6419

    Toha surasida Bani Isroil buzoqqa sig‘inganlari aytilgan. Bu ularning basirat ko‘zlari ko‘r, ma’naviy so‘qir bo‘lganlaridan darak beradi:
    “(Alloh dedi:) “Qavmdan munchalar ilgarilab ketding, ey Muso!” U aytdi: “Ular ana – izimdan kelurlar. Men esa Sen rozi bo‘lishing uchun oldingga shoshildim, Parvardigorim! (Alloh) dedi: “Haqiqatan, Biz Sening ortingdan qavmingni imtihon qildik va Somiriy ularni yo‘ldan ozdirdi”. Bas, Muso qavmiga g‘azablangan va g‘amga botgan holda qaytib kelib dedi: “Ey qavmim, Parvardigoringiz sizlarga chiroyli va’da qilmaganmidi?! Sizlarga (o‘tgan) vaqt uzun (ko‘rinib) ketdimi yoki ustingizga Parvardigoringiz tomonidan g‘azab tushishini istab menga bergan va’dangizni unutdingizmi?! Ular aytdilar: “Bizlar senga bergan va’dani o‘z inon-ixtiyorimiz bilan buzganimiz yo‘q. Lekin bizlar qavmning zeb-ziynatlaridan iborat narsalarni ko‘tarib chiqqan edik, ularni olovga tashladik. So‘ng Somiriy ham tashladi. So‘ng ularga ovozi bor haykal-buzoq chiqarib berdi. So‘ng dedilar: “Sizlarning ham, Musoning ham ilohi shu edi, (Muso) unutdi”. Axir ular uning o‘zlariga biron so‘z qaytara olmayotganini va biron ziyon ham, foyda ham yetkazishga qodir emasligini ko‘rmaydilarmi?!” (Toha surasi, 83-89-oyatlar).
    Alloh taolo Fir’avn va qo‘shinini halok qilgach, Muso alayhissalom Tur tog‘i tomon yo‘l oldi. Qolganlarga Horun alayhissalomni rahbar qilib qoldirib, o‘zi yetmish nafar kishi bilan Parvardigori ila munojat qilishga ketdi. Muso alayhissalom Alloh bilan ko‘rishish shavqida o‘zi bilan birga bo‘lganlardan ancha ilgarilab ketdi. Yuqoridagi oyati karimalarda Muso alayhissalom yo‘qligida Bani Isroil qanday ishlarni o‘ylab topganlari bayon etilmoqda. Keling, bu voqealarni batafsilroq ko‘rib chiqamiz.

   “Qavmdan munchalar ilgarilab ketding, ey Muso!” Ya’ni, ey Muso, bu yerga kelishda qavmingni ortda qoldirib, nima sababdan ulardan ilgarilab ketding? Vaholanki, qavm boshlig‘i safar chog‘ida orqada yurishi, ularni himoya qilib, holidan xabardor bo‘lishi kerak edi?
   “U aytdi: “Ular ana – izimdan kelurlar. Men esa Sen rozi bo‘lishing uchun oldingga shoshildim, Parvardigorim!”  Ya’ni, Muso alayhissalom uzrini quyidagicha bayon qildi:

– Qavmim ortimdan kelmoqda, hademay menga yetib olishadi. Ey Parvardigorim, Sen bilan gaplashish va rozilingizni olish maqsadida ulardan oldinroq kelgandim!

   “Haqiqatan, Biz Sening ortingdan qavmingni imtihon qildik va Somiriy ularni yo‘ldan ozdirdi”. Bu yerda Muso alayhissalom ketgach, Bani Isroil qilgan ishlar haqida xabar berilmoqda. “Somiriy” Bani Isroil zalolatiga sabab bo‘lgan odamning ismi. Aytilishicha, u Bani Isroil boshliqlaridan edi. O‘sha kishi “Somira” nomi bilan tanilgan qabilaga mansub bo‘lgan .
Oyatning ma’nosi quyidagicha: Alloh taolo Muso alayhissalomga:
– Biz sen ketganingdan keyin qavmingni imtihon qildik. Somiriy ularni buzoqqa ibodat qilishga chaqirdi. Ular Somiriyning so‘zini ikki qilmadilar. “Muso qavmiga g‘azablangan va g‘amga botgan holda qaytib keldi”. Ya’ni, Muso alayhissalom Parvardigori bilan munojat qilib, Tavrotni qabul qilganidan keyin qattiq g‘azablangan va g‘am-g‘ussaga botgan holda ortiga qaytib keldi.
    Muso g‘azabnok holda kelib qavmiga aytgan gaplari quyidagi oyatda keltiriladi: “Ey qavmim, Parvardigoringiz sizlarga chiroyli va’da qilmaganmidi?!”
Ya’ni, ey qavmim, Parvardigoringiz sizlarga Tavrot nozil qilib, u bilan sizlarni hidoyatga boshlash, dushmanlaringizni ko‘z oldingizda halok qilishini va’da bermaganmidi?! Sizlar Uning ne’matlaridan foydalana turib yana nega Unga itoat etishdan bosh tortasizlar?!
    “Sizlarga (o‘tgan) vaqt uzun (ko‘rinib) ketdimi yoki ustingizga Parvardigoringiz tomonidan g‘azab tushishini istab menga bergan va’dangizni unutdingizmi?!”  Ya’ni, men ketganimdan beri o‘tgan vaqt sizlarga uzunlik qildimi? Yo‘q, aslida bu qisqa vaqt edi. Bu muddat ichida sizlarga amr qilingan narsalarni unutib yuborgan bo‘lishingiz mumkinmas. Balki sizlar ustingizga Allohning g‘azabi yog‘ilishini istaysizlar! Ha, sizlar menga bergan va’dangizga, Yolg‘iz Allohgagina ibodat qilish haqidagi ahdnomaga xilof ish qildingiz!
    Qissa davomida ularning asossiz bahonalari keltiriladi. Bu Bani Isroil qavmining aqldan ozgani, tabiatlari nopok, shaxsiyatlari nosog‘lom ekanidan dalolat qiladi. Ular aytdilar: “Bizlar senga bergan va’dani o‘z inon-ixtiyorimiz bilan buzganimiz yo‘q”.  Ya’ni, biz sening va’dangga xilof qilib, o‘z xohish-irodamiz bilan buzoqqa sig‘inganimiz yo‘q. Bunda ixtiyorimiz o‘z qo‘limizda emasdi. Bizni Somiriy yo‘ldan urdi.
    “Lekin bizlar qavmning zeb-ziynatlaridan iborat narsalarni ko‘tarib chiqqan edik, ularni olovga tashladik. So‘ng Somiriy ham tashladi”.  Ya’ni, biz ahdni o‘z istagimiz bilan buzmadik. Qibtiylardan nohaq yo‘l bilan tortib olingan ziynatlarni Somiriyning buyrug‘iga binoan olovga tashladik. Somiriy ham o‘zida bor zeb-ziynatlarni olovga tashladi.
    Ibn Kasir aytadi: “Bu johil qavm qibtiylar ziynatidan “taqvo” qilib, uni olovga tashladi va buzoqqa sig‘indi. Ha, ular kichik narsadan chetlanish uchun katta bir jinoyatga qo‘l urishdi ”.  Shundan so‘ng Somiriy o‘sha ziynatlarni nima qilgani aytiladi: “So‘ng ularga ovozi bor haykal-buzoq chiqarib berdi. So‘ng dedilar: “Sizlarning ham, Musoning ham ilohi shu edi, (Muso) unutdi”.
    Somiriy olovga tashlangan ziynatlardan Bani Isroil uchun ovoz chiqaradigan bir buzoq yasab berdi. Shunda Bani Isroil: – Mana shu sizlarning Rabbingiz. Musoning Rabbisi ham shu. Unga ibodat qilinglar! Muso bu yerdagi ilohini unutib, uni boshqa joydan qidirib ketdi, – dedilar.
    Bani Isroil qavmining bu gapi ularning payg‘ambarlariga nisbatan naqadar odobsiz bo‘lganlarini ko‘rsatib turibdi. Ular buzoqqa sig‘inishga o‘tib, ularni Yolg‘iz Allohga ibodat qilishga chaqirgan payg‘ambarni adashganga, buzoqqa sig‘inganga chiqarib qo‘yishdi.
    “Axir ular uning o‘zlariga biron so‘z qaytara olmayotganini va biron ziyon ham, foyda ham yetkazishga qodir emasligini ko‘rmaydilarmi?!” Ya’ni, ularning so‘qirligi shu darajaga yetdiki, o‘zlari iloh qilib olgan buzoq so‘rasalar yoki xitob qilsalar, ularga ijobat qila olmasligi, savolga javob berolmasligi, biron ziyon ham, foyda ham keltira olmasligini xayollariga keltirmadilar.
    Qissa davomida Horun alayhissalom buzoqqa topingan bu sarkash qavmga qanday munosabatda bo‘lgani bayon etiladi: “Holbuki, ilgari Horun ularga: “Ey qavmim, sizlar bu bilan faqat imtihon qilingdinglar, xolos. Shak-shubha yo‘qki, sizlarning Parvardigoringiz Yolg‘iz Rahmon – marhamatli Allohdir. Bas, menga ergashinglar va amrimga itoat etinglar!” deganda, ular: “To bizlarga Muso qaytmagunicha, unga ibodat qilib – sig‘inishdan hargiz ajralmaymiz”, degan edilar” (Toha surasi, 90-91-oyatlar). Ya’ni, Allohga qasamki, Muso alayhissalom qaytib kelishidan oldin Horun alayhissalom buzoqqa sig‘inayotganlarga nasihat qilib: – Ey qavmim, sizlarning zalolatga ketishingiz, kufroni ne’mat qilishingizga mana shu buzoq sabab. Vaholanki, sizlarning Parvardigoringiz Alloh ibodat qilishga eng munosib Zotdir, – dedi. Bu yerda “Parvardigor” so‘ziga “Rahmon” qo‘shilishidan maqsad, ularni haq tomon burish, ogohlantirish va Alloh mehribon Zot ekani, bandasi qachon tavba qilsa, kechirishini eslatishdir.
     “Bas, menga ergashinglar va amrimga itoat etinglar!” Ya’ni, shunday ekan, haq yo‘lda mustahkam turing, buzoqqa topinishdan voz keching va Muso alayhissalom bilan ahdlashilgan narsani saqlash ila menga itoat etinglar!
    Horun alayhissalom kuyunchaklik bilan qilgan nasihati besamar ketdi. Bu hikmatli so‘zlar ularning qalbiga yetib bormadi. Purhikmat nasihatlarni eshituvchi quloq topilmadi. Ular buning o‘rniga quyidagicha javob qaytarishdi: – To bizlarga Muso qaytmagunicha, unga ibodat qilib – sig‘inishdan hargiz ajralmaymiz. Ya’ni, biz Muso alayhissalom kelgunicha buzoqqa sig‘inishdan to‘xtamaymiz. Ko‘ramiz, Muso kelganidan keyin nima bo‘lar ekan!
   Horun alayhissalom qilgan sa’y-harakati biron natija bergani yo‘q. Bani Isroil uni nasihatgo‘y sifatida tan olmadilar: Muso alayhissalomni kutishlarini ma’lum qilishdi. Ular o‘zlarini go‘yo Muso alayhissalom qaytib kelgach, uning gaplarini yerda qoldirmaydigandek tutayotgan edilar. Shundan keyin qavmining zalolatga botganini ko‘rgan Muso alayhissalom darg‘azab holda birodari Horunga qanday xitob qilgani keltiriladi: “Ey Horun, ularning yo‘ldan ozganlarini ko‘rgan paytingda mening ortimdan borishingdan seni nima to‘sdi?! Mening amrimga itoatsizlik qildingmi?!” (Shunda Horun): “Ey onamning o‘g‘li, sen mening soch-soqolimdan tortmagin. Men: “Mening so‘zimni kutmay, Bani Isroilni bo‘lib yuboribsan”, deyishingdan qo‘rqdim”, dedi (Toha surasi, 92-94-oyatlar).  Ya’ni, Muso birodari Horunga malomat ohangida: – Ey Horun, ular buzoqqa sig‘inganlarini ko‘rgan vaqtingda qarshilik qilishingga nima to‘siq bo‘ldi. Nega bunday ishga rozi bo‘lding, Alloh uchun g‘azablanmading. Yoki amrimga itoatsizlik qildingmi?! Vaholanki men senga: “Mening o‘rnimga o‘rinbosar bo‘l, ularni isloh qil, lekin bu buzg‘unchilarning yo‘liga ergashma”, demaganmidim!? Ular Allohdan o‘zgaga sinishsa-da bunga indamay qarab turibsan-a! – dedi.
     Bu gaplardan, Muso Horundan johillarga nisbatan qattiqqo‘llik bilan munosabatda bo‘lishni, bo‘sh kelmaslikni talab qilgani ma’lum bo‘ladi. Horun alayhissalom birodari Muso alayhissalomga muloyimlik bilan quyidagicha javob qaytardi: – Ey onamning o‘g‘li, sen mening soch-soqolimdan tortmagin. Men: “Mening so‘zimni kutmay, Bani Isroilni bo‘lib yuboribsan”, deyishingdan qo‘rqdim. Ya’ni, Horun Musoning g‘azabini bosib, qalbida mehr hisini uyg‘otish uchun: – Ey birodarim, meni qattiq malomat qilma! Amringga osiylik qilganim yo‘q. Senga itoat etishdan bosh tortmadim. Ular buzoqqa ibodat qilganlarini ko‘rganimda, “mening buyrug‘imni kutmay, men bilan bo‘lgan mo‘minlarni talashib-tortishadigan ikki guruhga bo‘lib yuboribsan”, deyishingdan qo‘rqdim. Sening nasihatingga amal qildim, ularga qattiqqo‘llik qilmadim. Ularni ogohlantirish bilan cheklandim, – dedi.
      Muso alayhissalom birodari Horunning uzrini eshitgach, fitnaning sababchisi bo‘lgan Somiriyga g‘azab bilan murojaat qildi. Alloh taolo buni quyidagicha bayon qilgan: “(So‘ngra Muso Somiriyga qarab:) “Bu nima qilganing, ey Somiriy?” dedi. U aytdi: “Men ular ko‘rmagan narsani ko‘rdim. Bas, elchi – Jabroilning bosgan izidan bir siqim olib, uni sochdim. Menga nafsim ana shunday qilishni chiroyli ko‘rsatdi”. (Muso) dedi: “Bas, yo‘qol! Endi sen uchun hayotda “Tegingmanglar” deyishgina bordir. Sen uchun hargiz xilof qilinmaydigan bir va’da – azob bordir. Sen ustidan jilmay ibodat qilgan “ilohing”ni ko‘rib qo‘y! Biz, albatta, uni yondirib, so‘ngra dengizga sochib yuboramiz”. (Ey insonlar,) ilohingiz yolg‘iz Allohdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U barcha narsani o‘z ilmi bilan qamrab olgan” (Toha surasi, 95-98-oyatlar).
     Hammasiga Somiriy aybdor ekanini bilgan Muso darg‘azab holda: – Buni nima qilganing, ey Somiriy?! – dedi. Ya’ni, seni bunday qilishga nima undadi? Shunda Somiriy quyidagicha javob qildi: – Men ular ko‘rmagan narsani ko‘rdim. Bas, elchi – Jabroilning bosgan izidan bir siqim olib, uni sochdim.  Ya’ni, men Bani Isroil bilmagan narsani bildim, ular ilg‘amagan narsani ko‘rdim.
     Ko‘pchilik mufassirlar ittifoqiga ko‘ra, bu yerdagi “rasul”dan murod Jabroil alayhissalom, “izidan” murod esa, Jabroil mingan otning qadami tekkan joydir. Rivoyat qilinishicha, Jabroil Muso alayhissalom oldiga kelgan. Shunda Muso uning hamrohligida Allohdan Tavrotni qabul qilish uchun ketgan. Buni Muso alayhissalom qavmidan yolg‘iz Somiriy ko‘rib qolgan. Somiriy qarasa, Jabroil mingan otning tuyog‘i tekkan yer yashil tusga kirar, bundagi tuproq o‘zgacha ko‘rinish olardi. Shunda Somiriy Jabroil alayhissalom otining tuyog‘i tekkan tuproqdan bir siqim olib, erib turgan zeb-ziynatlar ustiga tashladi va xuddi tirik buzoq kabi ovoz chiqaradigan haykal paydo bo‘ldi.
      “Menga nafsim ana shunday qilishni chiroyli ko‘rsatdi”.  Ya’ni, Somiriy qilmishiga sabab axtarar ekan, so‘zida davom etdi: – Nafsim menga Bani Isroil Allohni qo‘yib, qo‘llarim bilan yasab berganim mana shu buzoqqa sig‘inishlarini chiroyli qilib ko‘rsatdi.  Bunga javoban Muso alayhissalom shunday dedi: – Bas, yo‘qol! Endi sen uchun hayotda “Tegingmanglar” deyishgina bordir.  Ya’ni, ey Somiriy, shunday qilgan ekansan, endi ket, qorangni ko‘rsatma! To tirik ekansan, odamlar tomonidan senga malomat toshlari otiladi. Bu ish shu darajaga yetadiki, agar biron kishi senga yaqinlashsa, “Menga tegingmanglar, tinch qo‘yinglar!” deb yalinasan. Aytilishicha, bu oyatda ahli bid’at va ma’siyat egalari tanqid ostiga olinib, ulardan uzoq yurishga, ularni odamlardan ayro qilishga dalolat qilinmoqda.
     Somiriy qilmishiga yarasha dunyoda qanday jazoga loyiq ko‘rilgani aytilgach, endi oxiratda qanday azobga giriftor bo‘lishi ham bayon etiladi: “Sen uchun hargiz xilof qilinmaydigan bir va’da – azob bordir”.  Ya’ni, ey Somiriy, senga oxiratda Allohning shunday va’dasi borki, Alloh unga zinhor xilof qilmaydi, uni albatta amalga oshiradi. Sen o‘zing noto‘g‘ri yo‘lga yurganing yetmaganiday o‘zgalarni ham zalolatga boshlaganing uchun eng munosib va adolatga jazoni olasan. Dunyoda odamlarning malomati va nafratiga yo‘liqsang, oxiratda alamli azob-uqubatlarga duchor bo‘lasan.
   Somiriy ustidan hukm chiqarilgach, endi odamlarni adashtirish maqsadida yasalgan soxta iloh – buzoq Muso alayhissalom tomonidan qay ko‘yga solingani bayon qilinadi: “Sen ustidan jilmay ibodat qilgan “ilohing”ni ko‘rib qo‘y! Biz, albatta, uni yondirib, so‘ngra dengizga sochib yuboramiz”.  Ya’ni, ey Somiriy, yo‘g‘imda sen yasab olgan, o‘zing va manavi johillar topingan butning holini ko‘rib qo‘y. Sizlarning ko‘z oldingizda uni o‘tda yoqib, dengizga sochib yuboramiz. Undan biron zarra ham qolmaydi.
    Ma’nan so‘qir johillardan ustun kelish uchun soxta iloh yondirilib, uning kuli dengizga sochib yuborildi. Sababi bu buzoq haykali ilohlikka munosib emasdi. Balki yondirib, sochib yuborilsa, biron bo‘lagi ham qolmaydigan bir modda edi xolos. Mana shunday sifatga ega, nuqsonga to‘lib-toshgan narsaga topingan qavm o‘ta ketgan johil, ma’naviy olami tuban holatda ekaniga shubha yo‘q.
     “(Ey insonlar,) ilohingiz yolg‘iz Allohdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U barcha narsani o‘z ilmi bilan qamrab olgandir”.  Ibodat qilishga munosib zot Ulug‘ Allohdir. U hamma narsani O‘z ilmi bilan qamrab olgan. Yerda ham, ko‘kda ham biron narsa Unga maxfiy emas, U Zot barcha narsani biladi.

 

Muhammad Sayyid Tantoviyning “Payg‘ambarlar tarixi” kitobidan

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216397
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19012
  • 12794
  • 15758