Ayol – Yerdagi Quyosh
2.8.2015 7591

      Quyosh. U xuddi tirik mavjudotdek. Unda ham insonlarniki kabi ko‘ngil bor, nazarimda. Uning mehri olamga sig‘maydi go‘yo. Quyosh. Agar Tangri unga jon ato etib, odam qiyofasida yaratmoq istaganida kimni yaratgan bo‘lardi? Shubhasiz, dilbar bir ayolni!.. Kamtarlikka zid bo‘lsa-da, men ayollarni “yerdagi quyoshlar”, degim keladi. Ayol. Bir qo‘lida suv to‘la chelak, bir qo‘lida supurgi bilan hovlisini ozoda qilib, sadaf ichidagi dur misoli tongni qarshi olayotgan u. Olam tun zulmatiga cho‘mib, uyqu hammani o‘z og‘ushiga olganida otashin orzularini ohangga solib beshik boshida alla aytayotgan u. Nahot onaning uzun tunlar alla kuylashidan maqsadi faqat go‘dagini uxlatish bo‘lsa?! Yomg‘ir tuprokqa singgani kabi ona mehri alla orqali bolaning murg‘ak vujudiga oqib kiradi, tomiridagi qoniga taft beradi. Ana shu mehrning qaynoq tafti uni umr bo‘yi tark etmaydi, yuragining har bir zarbida, olgan xar bir nafasida yashayveradi. Allani beixtiyor katta yoshdagi odam eshitib qolsa, xayolga cho‘madi, lekin uni uyqu elitmaydi, aksincha, xotirida uchib borayozgan taassurotlar, unutilay deb qolgan xislar, umrining jonli lavhalari, bolaligi esiga tushadi.

Qo‘limdan kelsaydi agar, onajon,
Allangdan yaratib olmosday shamshir,
Eng asil toshlarni tanlab birma-bir,
Yo‘nardim, yo‘nardim, tinmay yo‘nardim,
Allangga ajoyib haykal qo‘yardim,

deya to‘lqinlanib yozadi A.Abdurazzoq. Allaning sehri, qudrati naqadar ulug‘vor ekani shu misralarda ham aks etib turibdi. Afsuski, bugun kelinlarimiz ichida alla aytishni biladiganlaridan ko‘ra bilmaydiganlari ko‘proq. Kezi kelganda zamonaviy estrada “yulduzcha”larining ma’no-mazmundan mutloq begona qo‘shiqlarini jo‘r bo‘lib xonish qiladigan qizlarimizda oddiy allaning so‘zlarini yod olishga xafsala ham, xohish ham yo‘q. Buni qarangki, bir voqeaga ko‘p bor guvoh bo‘lyapman. Ayrim joylarga mehmonga borsak, xayron qolaman: beshikka belangan bolani hamma o‘tirib televizor ko‘radigan xonaga olib kirib qo‘yishadi. Hech kim e’tibor ham bermaydi, parvoyiga ham ilmaydi. Nima bo‘pti shunga, deysizmi? Beshikka yaqinlashib endi to‘rt-beshtagina tishi chiqib ulgurgan go‘dakning o‘rganayotgan ilk so‘zlariga bir quloq tuting. Televizordagi reklama shiorlarini takrorlayotganiga guvoh bo‘lasiz va hayratdan yoqa ushlaysiz. Ayni “ona” so‘zini o‘rganadigan yoshdagi bolakayning tanglayini televizor ko‘tarsa-ya?!
     Aytmoqchimanki, ta’lim-tarbiyani beshikdan boshlash kerak. Alla ham tarbiyaning ilk bosqichi. O‘tmishda o‘tgan mashhur olimning oldiga bir odam bolasini yetaklab kelib, “o‘g‘limga necha yoshidan ilm o‘rgatganim ma’qul?” deb so‘rabdi. Olim: “Farzandingiz necha yoshda?” deya murojaat qilibdi. Xaligi odam: “Besh yoshda”, debdi. Shunda olim: “Birodar, siz kechikibsiz”, degan ekan. Bu purhikmat javobning xaqiqatga naqadar yaqinligi bugungi kunda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Jahon olimlarining ilmiy izlanishlari natijasida ma’lum bo‘lishicha, bola uch yoshiga qadar olam va hayot to‘g‘risidagi umumiy tushunchalarning hammasini o‘zlashtirib bo‘lar ekan. Demak, ona hali farzandi dunyoga kelmasidanoq u xaqida qayg‘ura boshlashi lozim. Onaning muqaddas burchi farzand tug‘ish emas, balki farzandni risoladagidek tarbiyalashdir.
     Islom olamining yetuk namoyondalari hayotiga nazar tashlasak, ularni aynan onalari tarbiyalaganlari, olim bo‘lishlarida ham aynan onalarining o‘rni katta bo‘lganiga shohid bo‘lamiz. Zubayr ibn Avvomning ilk ustozi onasi Sofiya binti Abdulmutallib roziyallohu anhu edi. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning tarbiyalari ortida Fotima binti Asad, so‘ng esa mo‘minlar onasi Xadicha binti Xuvaylid turadi. Umar ibn Abdulazizga onasi Ummu Osim ustozlik qilgan bo‘lsa, “fiqh dengizi” Muhammad ibn Idris Shofe’iy emizikli paytlaridayoq otasi vafot etib, onasi qo‘lida qolgan edi. Shuningdek, milliy adabiyotimiz o‘tmishiga ham nazar solsak, bunday misollarga ko‘plab duch kelamiz: Muqimiy onasi Oyshabibidan, Munavvar qori onasi Xosiyat otindan, Fitrat onasi Bibijondan tarbiya va ilm sirlarini o‘rganishgan.
     Zikr etilgan tarixiy dalillardan ko‘rinib turibdiki, onalarimiz qadimdan farzand tarbiyasiga millat tarbiyasi sifatida qaraganlar. Hozirgi kunda ham ta’lim-tarbiya borasidagi mezon xuddi shunday bo‘lishi zarur. Buning uchun yosh onalar qalbida millat taqdiriga mas’uliyat hissini uyg‘otish lozim. Yaqinda bekatda bir juvon bilan suhbatlashim qoldim. Yonida 7-8 yoshlardagi kizchasi ham bor, qo‘lidan telefon tushmaydi, tugmalarini birin-ketin bosib allaqanday o‘yin o‘ynab o‘tiribdi. Axiyri sabrim to‘ldi, onasiga:

– Shuncha paytdan buyon qizingiz “sotka”dan bosh ko‘tarmaydi. Qo‘l telefoni degan bu dardisarning sog‘liqqa zarari bor, ayniqsa, yosh bolalarga. Gapirsangiz bo‘lmaydimi? – dedim.

– E, gapirganman, baribir ta’sir qilmaydi. Qulog‘im tinch turishi uchun ham indamayman. Qo‘lingdagini ber, deb ko‘ring qani, yig‘lab-dodlab boshingizda yong‘oq chaqadi. Shu “sotka”niyam xarxasha qilmasin, jim yursin, deb o‘zimiz olib berganmiz, – dedi juvon e’tiborsizlik bilan.

Undan qayerda ishlashini so‘radim.

– Uydaman. Lekin o‘zingiz bilasiz, supur-sidir, qozon-tovoq qo‘ni-qo‘shnidan ortmaydi odam. Kechqurun hamma qatori serial ko‘ramiz, – dedi kulimsirab.

– Bolangiz bilan shug‘ullanish uchun vaqt ajratmaysizmi? – so‘radim men.

– Voy, maktabga bekorga boryaptimi, o‘qituvchilari o‘rgatar, axir bu ularning vazifasi-ku, – deya o‘pkalanganday nigohini menga qadadi...

Eh, bu ko‘zlar! Oyshabibining ham, Xosiyat otinning ham ko‘zlariga o‘xshamaydi ular. Atrofimizda hayotga shunaqa befarq nazar tashlaydigan ko‘zlardan yana qancha?! Millat taqdirini ishonib topshirsa bo‘ladimi bu onalarga?! Endi bir tasavvur qiling, sakkiz yashar qizcha ertaga ulg‘aygach, qanday farzandlarni voyaga yetkazadi?! Eng achinarlisi, bunday ayanchli muammolar loqaydlik tufayli paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, o‘sha ayolning “ta’lim-tarbiya berish maktabdagi ustozlarning vazifasi-ku”, degan gapi menga ta’sir qildi. Bugun ayollarimiz farzand tarbiyasiga boщqa birovlarni javobgar, deb bilar ekanlar, buni fojea sifatida qabul qilishimiz kerak. Bola onadan tarbiya olmas ekan, uni hech bir muallim yo‘lga sololmaydi.

Botir bo‘lar kishini
Muchasidan taniysan,
Odam bo‘lar kishini
Onasidan taniysan.

     Mazkur maqolda xalqimizning necha ming yillik zakovati, teran tafakkuri, hayotiy xulosalari mujassamlashgan. Bu asriy falsafa Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” nomli rivojlanishning milliy modelida ham o‘z ifodasini topgan.
      Darvoqe’, farzandini ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom qilib tarbiyalashi uchun birinchi navbatda onaning o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak. “Ilm o‘rganish har bir muslim va muslima uchun farzdir” hadisi bejiz aytilmagan. Hozir balog‘at yoshiga yetgan qizlarni turli o‘quv markazlarida o‘qitish odat tusiga aylangan. Onalar qizlarining qo‘li gul bo‘lishini, parda tikish, tort pishirish, soch turmaklash kabi xunarlarni egallashini istashadi. Ertaga yangi xonadonga beka bo‘lsa, uyalib qolmasin, deyishadi. Bo‘lajak ona uchun bu xislatlar kamlik qiladi. To‘g‘ri, hunar ham kerak albatta, u qiz bolaning ko‘rki. Lekin hunarning erta-kechi yuq, uni istagan yoshda o‘rganib olish mumkin. Tarbiya uchun esa boy berilgan har bir kun oltinga teng. Avloniy bobomiz ta’kidlaganlariday, bu “yo hayot, yo mamot masalasi”dir. Shu bois qizlarning – bo‘lajak onalarning ko‘nglida kitobga muhabbatni ertaroq uyg‘otish lozim. Kitob mutolaa qilgan qiz nafaqat ilm o‘rganadi, eng muhimi, qalbi tarbiyalanadi, yuragi yorug‘ tuyg‘ulardan bahra oladi. Ertaga u mana shunday yuksak ma’naviy sifatlari, go‘zal axloqi bilan farzandiga ibrat bo‘ladi. Dunyoqarashi keng, shirinsuxan, hushmuoamala, mehnatsevar, kamtar onalarning farzandlari ayni shu xislatlarga ega bo‘ladilar.
      Ayolning oiladagi xizmatini hech narsa bilan o‘lchab ham, baholab ham bo‘lmaydi. U uyning tayanchi, hayotning bezagi, farzandlarning panohi. Ona mehri – suvda cho‘kmaydigan, o‘tda kuymaydigan muqaddas tuyg‘u. Ayol misli farishtaday yonidagi odamlarni poklikka, ezgulikka, vafo va sadoqatga yetaklaydi. Ayol ko‘ngli guldan-da nozik, shamolning salgina epkini ham yaproklarini to‘kib yuboradi.
Kitoblarda bayon qilinishicha, onaning farzandiga nisbatan 80 ta haqqi bor. Ularning qirqtasi tiriklik vaqtida va qolgan qirqtasi o‘lgandan keyin amalga oshiriladi. Tiriklik chog‘idagi qirqta haqqining o‘ntasi tanga, o‘ntasi dilga, o‘ntasi tilga va o‘ntasi molga taalluqlidir. Onasini Ka’bagacha yelkasida ko‘tarib kelgan bir kosib volidasining bir tomchi suti haqini-da uzolmaganiday, biz ham onamiz oldidagi qarzimizni hech narsa bilan ado qilolmaymiz. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir hadisi shariflarida: “Jannat – onalar oyog‘i ostidadir”, deganlar. Bu hadisga majoziy ma’no yashirilgan. Payg‘ambarimiz ma’noni ummatga ramzli, qisqa, badiiy va go‘zal bir tarzda yetkazmoqdalarki, zehnli odam buni anglaydi. Oyoqdan murod onaning roziligii, jannatdan murod Allohning roziligidir. Boshqacharoq aytganda “onaning roziligini olsang, Alloh rizoligi (jannat)ga kirasan!”
      Demak, jannatga kirishga loyiq bo‘lish uchun onaning roziligini olish – uni xursand qilish zarur. Ona qachon xursand bo‘ladi? Qachonki, tuyg‘ulariga hamohang tuyg‘ularni his qilsa! Qachonki otashin qalbiga o‘zi sevganchalik o‘tli muhabbat bilan javob qaytsa! Amin bo‘lganingizdek, onaga – ayolga muhabbat insonni ikki dunyo saodatiga musharraf qilar ekan. Donolardan biri: “Yer yuzidagi jamiki go‘zalliklar ayolga bo‘lgan muhabbat tufayli yuzaga kelgan”, deganida naqadar xaq edi.
      Inson yaratilibdiki, xox u erkak, xox ayol bo‘lsin, xamisha erkin, ozod hayot kechirishni, yaratish, ijod qilishni risoladagidek hayot tarzi sifatida qadrlab kelgan. Bugun yurtimiz bo‘ylab ana shunday jonbaxsh ozodlik shabadalari esmoqda ekan, opa-singillarimizning faoliyat maydonlari yana ham kengayib bormokda. Ular endi katta ishlar boshidagi ishbilarmon, tadbirkor. Ular endi ming bir rishtalar orqali jamiyatning quvonch va tashvishlariga bog‘langan, el yukiga yelka tutgan yurt xizmatchisi. Shunday ekan, hukumatimiz tomonidan ayolga ko‘rsatilayotgan e’tibor yolg‘iz uning o‘ziga emas, farzandlariga, oilasiga, qolaversa, butun millatga ko‘rsatilayotgan ehtiromdir. Men ayollari baxtli yurtning iqboli yorug‘ bo‘lishiga ishonaman!

Orzigul Ne’matova

Shayxontohur tuman otinoyisi 

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216268
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24538
  • 18999
  • 12789
  • 15753