Aqiqa haqida muhim 5 savolga javob
10.11.2016 35366

Aqiqani so‘yish vaqti 

 

Savol: Farzand uchun qilinadigan aqiqani qachon so‘yish kerak? Men bu haqida ikki xil ma’lumot eshitdim. Ularning qay biri to‘g‘riligini bilolmadim: ba’zilar 21 kun ichida aqiqa qilsa bo‘ladi deyishdi. Yana ba’zilar, 7-chi, 14-chi va 21-chi kunlarida so‘yiladi, deb aytishdi. Bu ma’lumotlarning qay biri to‘g‘ri? 

 

Javob: Bismillah, valhamdulillah. Sunnatga muvofiq, farzand tug‘ilganining yettinchi yoki o‘n to‘rtinchi, yo bo‘lmasa, yigirma birinchi kuni aqiqa jonlig‘i so‘yiladi. 

 

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ بُرَيْدَةَ عَنْ أَبِيهِ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْعَقِيقَةُ تُذْبَحُ لِسَبْعٍ أَوْ لأَرْبَع عَشَرَةَ أَوْ لإِحْدَى وَعِشْرِينَ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ فِي السُّنَنِ الْكُبْرَى وَالطَّبَرَانِيُّ فِي الأَوْسَطِ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ. 

 

   Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Aqiqa yettinchi yoki o‘n to‘rtinchi yoki yigirma birinchi kuni so‘yiladi”, deganlar (Bayhaqiy “As-sunanul kubro”da, Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih). Termiziy ahli ilmlardan naql qilishicha, aqiqani yettinchi kuni so‘yish mustahabdir. Agar o‘sha kuni so‘ya olmasa, o‘n to‘rtinchi kuni, u kunda ham so‘ymasa, yigirma birinchi kuni so‘yadi (Obodiy, “Avnul ma’bud”). 
    Hadisi shariflarda aytilganidek, aqiqani yettinchi, o‘n to‘rtinchi yoki yigirma birinchi kuni qilish afzal. Ammo bu qo‘yni faqat o‘sha kunlardagina so‘yish kerak degani emas. Chunonchi, xohlaganlar bola tug‘ilganidan bir kun o‘tib ham aqiqa qilishi yoki imkoni topilmaganlar keyinchalik – yigirma birinchi kunidan keyin ham aqiqa qilishlari mumkin. Bunda bandaning imkoniga qaraladi. Agar u safarga ketishi kerak bo‘lib qolsa yoki boshqa ishlari shoshilinch bo‘lsa, bola yetti kunlik bo‘lgunicha ham aqiqa qilaveradi. Qurbi yetmasa, qachon imkonini topsa, o‘shanda aqiqa qiladi. Bunda yoshning ahamiyati yo‘q. Masalan, bir inson yoshi qirqqa kirganida musulmon bo‘ldi yoki Islom mohiyatini anglab yetdi. U o‘g‘illariga, katta yoshda bo‘lsalar ham, aqiqa qilishi yaxshidir. Sababi qilinmagan ishni to umrning oxirigacha qilib qo‘yish kerak bo‘ladi. Demak, aqiqada bandaning moliyaviy holati inobatga olinadi. Qarz olib aqiqa qilish yoki o‘zi qarzdor, qiyin ahvolda bo‘la turib aqiqa qilishi mumkin emas. Yana Alloh bilguvchiroqdir!

 

Aqiqa go‘shtini muhtojlarga tarqatish 

 

Savol: Assalomu alaykum. Men bir masala yuzasidan sizlardan maslahat olmoqchi edim. Allohga shukr, yaqinda o‘g‘il farzandli bo‘ldim va unga yaxshi niyatda “Bilol” deb ism qo‘ydim. Dinimizda chaqaloq tug‘ilganidan keyin qilinadigan amallardan biri bo‘lgan aqiqani moddiy holatimga qarab qilmoqchi edim. Ushbu marosimni qanday o‘tkazish tartibini bilmayman. Bir yoki ikki jonliqni so‘yib bechoralarga tarqatish kifoyami yoki yana boshqa amallarni ham bajarish kerakmi? Iltimos, shu haqida tushuncha bering? 

 

Javob: Va alaykum assalom. Imkoni bor odam farzandi nomidan aqiqa qilsa yaxshi bo‘ladi. Imkonini topolmaganlar aqiqa so‘ymasalar ham zarari yo‘q. Zero, shariatimizda moliyaviy ibodatlar bandaning holatiga qarab bo‘ladi. Aqiqa qilishga qudrati yetmagan odam qarz olib bo‘lsa ham aqiqa qilishi kerak, degan gap yo‘q shariatimizda.Aqiqa jonlig‘ini so‘ygandan keyin tadbir uyushtirib odamlarga tarqatish shart emas, balki bunda muhimi jonliqning so‘yilishidir. Uni qay tartibda tarqatish odamning o‘ziga bog‘liq: xohlasa, go‘shtini qo‘ni-qo‘shni va qarindosh-urug‘larga, yana kambag‘al-bechoralarga tarqatsin, xohlasa, dasturxon yozib, odamlarni mehmonga chaqirish ham mumkin. Ammo bundan ko‘ra eng haqdor odamlarga tarqatish afzal. Sababi oshga qorni to‘q va boy kishilar ham keladi. Nochorlar esa doim ham tadbirlarga taklif etilavermaydi. Masalaning shu tomonini inobatga olish kerak. “Muxlis.uz” saytining “Oila va nikoh” bo‘limidagi “Bolaga aqiqa qilish” maqolasini o‘qish orqali aqiqa haqida qo‘shimcha ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin. 

 

Qarzdor odam ham aqiqa qilishi kerakmi? 

 

Savol: Assalomu alaykum, qori aka. Menda ikkita savol bor edi: mening odamlardan ozgina qarzim bor. Shuni to‘lab kelmoqdaman. Nasib qilsa, tez kunlarda qarzimdan qutulaman. Yaqinda qiz farzandli bo‘ldim. Odamlar, “Aqiqa qilib osh berishing kerak”, deb maslahat berishdi. Men esa, “Qarzim bo‘la turib qanday aqiqa qilaman, aqiqa qilib qo‘y so‘yishga qurbim etsa ham qarzim bor-ku, odamlar nima deb o‘ylaydi”, desam “Unda bitta qo‘y so‘yib nochorlarga tarqatib, aqiqani niyat qilib qo‘ygin”, deyishyapti. Shunga nima deysiz. Shu ish to‘g‘ri bo‘ladimi? Ikkinchi savolim: aqiqa necha yoshgacha qilinadi? Oldindan rahmat! 

 

Javob: Va alaykum assalom. Jumhur ulamolar, aqiqa qilishni mustahab bo‘lgan sunnatlardan ekanligini aytishgan. Bizning hanafiy mazhabimiz ulamolari bu amalni ba’zi o‘rinda muboh, ba’zida “tatovvu’” deb ataydilar. Keyingi so‘z mustahab ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Aqiqani 7, 14 yoki 21 kunlikda qilsa, yaxshi. Ammo bu muddatda qila olmasa, qachon qudrati yetsa, o‘shanda qiladi. Aqiqa qilishga hech kim majburlanmaydi. Ammo ilojini topgan zahoti qilish afzal. Sababi bolaning ma’lum ishlari aqiqaga bog‘liq bo‘ladi. 

 

Nazr qurbonligi va aqiqani jamlash mumkinmi? 

 

Savol: Assalom alaykum. Bir holatni to‘g‘ri tushunishda maslahatingiz kerak edi. Bir necha yil ilgari “agar Alloh o‘g‘il, qiz farzand bersa, Uning yo‘lida bir qurbonlik qilaman” deb niyat qilgandim. Shukrki, bu niyatim amalga oshdi. Men qilgan bu niyatim “nazr qurbonligi” deb o‘ylab yurardim. Yaqinda Sayfiddin Sayfulloh tomonidan tarjima qilingan “Qurbonlik risolasi” kitobini varaqlaganimda u yerda shukrona qurbonligi haqida o‘qib qoldim. Hozirda farzandlarim borligi uchun shukrona qilib qurbonlik qilishdan ilgari nazr qurbonlikni qilishim lozimmi? 

 

Javob: Vva alaykum assalom. Nazrga vafo qilish vojibdir. Bu Qur’oni karim va hadisi shariflar bilan sobit bo‘lgan. Alloh taolo aytadi: “Va nazrlarini to‘la ado qilsinlar!” (Haj, 29). Boshqa oyatda Alloh O‘zining abror bandalarining dunyodagi hayotlari haqida xabar qilib, ular nazrlariga vafo qilishlari, qiyomat kunidan qo‘rqib turishlarini aytgan. 
Nazrga vafo qilish lozimligiga hadislarda ham hujjat bor. 


عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ نَذَرَ أَنْ يُطِيعَ اللهَ فَلْيُطِعْهُ وَمَنْ نَذَرَ أَنْ يَعْصِيَهُ فَلاَ يَعْصِهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَصْجَابُ السُّنَنِ وَالدَّارِمِيُّ وَمَالِكٌ وَأَحْمَدُ وَابْنُ خُزَيْمَةَ وَابْنُ حِبَّانَ. 


    Oisha roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kim Allohga itoat etishni nazr qilgan bo‘lsa, bas, U Zotga itoat etsin! Kim U Zotga osiy bo‘lishni nazr qilgan bo‘lsa, bas, osiylik qilmasin!” (Buxoriy, Sunan sohiblari, Dorimiy, Molik, Ahmad, Ibn Xuzayma va Ibn Hibbon rivoyati). Ushbu rivoyatda toatga qilingan nazrga vafo qilish vojib ekani, ma’siyatga qilingan nazrni tark qilish lozimligi aytilmoqda. 
    Nazr qurbonligi va aqiqani jamlash imkoni yo‘q. Sababi ular ikkovi alohida ibodatdir. Nazr qurbonlik qilishni nazr qilish bilan bo‘lsa, aqiqa farzand tug‘ilishi bilan bo‘ladi. Nazr qurbonligi va aqiqaning hukmi ham ikki xildir. Nazrga vafo qilish vojib. Farzand tug‘ilganida uning nomidan aqiqa qilish esa sunnatdir. Nazrga boy ham, kambag‘al ham vafo qilishi kerak. Aqiqani imkoni yo‘q kambag‘al odam qilmasa ham zarari yo‘q. 
   Nazr qurbonligining go‘shtidan sohibi yemaydi, balki hammasini kambag‘al va bechoralarga tarqatadi. Aqiqa qurbonligining go‘shti o‘zgalarga tarqatilishi bilan birga undan xonadon sohiblari ham yeyishlari mumkin. 
   Umumiy qoida shuki, agar ikki ibodatning asosi bir bo‘lsa, ularda niyatni jamlash joiz. Masalan, junublikdan va juma kuni qilinadigan g‘uslni jamlasa bo‘ladi. Shuningdek, juma kungi va iyd kunining g‘uslini, junublikdan yoki hayzdan qilinadigan g‘uslni ham ham jamlash mumkin. Ammo ikki mustaqil ibodatda alohida-alohida niyat qilish lozim. 
    Demak, siz avvalo nazr qurbonligini qilasiz. Undan keyin qodir bo‘lsangiz, aqiqa qilasiz. Vallohu a’lam! 

 

Ramazonda aqiqa qilish mumkinmi? 

 

Savol: Assalomu alaykum. Ro‘za oyida ikki o‘g‘limni xatna qildirib, keyin qo‘y suyib iftorlik qilmoqchiman. Ikkala o‘g‘limga ham hali aqiqa qilmaganman. Ro‘za oyida shu ishlarni kilish mumkinmi? Javobingiz uchun oldindan rahmat! 

 

Javob: Aqiqani yilning istalgan vaqtida qilish mumkin. Jumladan, Ramazon oyida ham aqiqa qilsa bo‘ladi. Faqat bu ishlar ro‘za tutishga xalal bermasligi kerak. Keyin mehmondorchilik saharlik yoki iftorlik paytida bo‘ladi. Ma’lumki, Ramazonda kun davomida taom iste’mol qilinmaydi. 
    Yana bir narsa borki, aqiqa qilaman, deb farz bo‘lgan Ramazon oyi ro‘zasini tutishda kamchilikka yo‘l qo‘yish yaxshi emas. Shu sabab ko‘pchilik aqiqa va nikoh to‘ylarini Ramazondan tashqari vaqtlarda o‘tkazadilar. Ramazon oyi yilda bir marta keladi. Uni ibodat, zikr, tasbeh va Qur’on tilovati bilan o‘tkazish yaxshi. Turli tadbirlar esa bandani ibodat lazzatidan to‘sadi. 



Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216418
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24554
  • 19012
  • 12795
  • 15758