SO‘FI ALLOHYoR SIYMOSI
11.8.2015 9973

    Moturidiya mazhabining shakllanishi va rivojlanishida Movarounnahr ulamolarining, xususan, O‘zbekiston olimlarining alohida o‘rinlari borligi hech kimga sir emas. Bu yurtdan yetishib chiqqan allomalar barcha sohalarda butun dunyoga ustoz bo‘lganlar. Ularning kitoblari ham dunyogamashhur. Ana shunday ulug‘ ustozlardan biri So‘fi Allohyor bobomizdir.
    So‘fi Ollohyorning tug‘ilgan sanalari aniq emas. Ba’zi tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, u kishi 1630-1650 yillar oralig‘ida Samarqandning Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli Minglar qishlog‘ida tavallud topgan. So‘fi Ollohyor dastlab o‘z qishlog‘ida savod chiqaradi. Olti yoshida Qur’oni karimni o‘qib tushiradi.
     Dastlab Shayxlar qishlog‘ida ta’lim olib, so‘ngra 12 yoshida Buxoroga borib Jo‘ybor madrasasida o‘qishni davom ettiradi. So‘fi Ollohyor o‘zining iqtidori, qobiliyati, donoligi tufayli madrasani imtiyozli tugatib, Buxoro xonining e’tiboriga tushadi, maqtov yorlig‘i bilan mukofotlanib, 25 yoshida xonlikning bojxona-soliq to‘raligi lavozimiga tayinlanadi. Bu lavozimda halollik va fidoiylik bilan ishlab xonlik xazinasini boyitishga munosib hissa qo‘shadi. Xonning maqtov va mukofotlariga sazovor bo‘ladi, lekin oddiy fuqarolarning qiyinchiliklarini, xonlikdagi ba’zi mansab ahlining nohaqliklarini ko‘rib o‘z vazifasidan voz kechib, taqvo yo‘lini tutishga ahd qiladi. Nihoyat tasavvuf yo‘lini tanlab, zuhdu ibodatga berilib ketadi. O‘sha davrning ulug‘ olimi, shayx Habibulloh qo‘lida 12 yil tahsil olib, tariqat sirlarini o‘rganib, o‘zi ham shayxlik (murshidlik) darajasiga yetadi. Xalqqa shariat va tasavvuf ta’limotini tushuntirish maqsadida (Panjikent, Urgut, Shahrisabz, G‘uzor, Dexqonobod, Boysun, Sherobod, Qabadiyon, Qorategin, Hisor, Dehnov va boshqa shaharu qishloqlarga) safar qilib, u yerlarda bir necha yillar yashab, tolibi ilmlarga shariat va tariqat ahkomlaridan ta’lim beradi.
    So‘fi Ollohyor ko‘plab ilmlar bo‘yicha yetuk olim hamda fors tilida ham, turkiy tilda ham mahorat bilan ijod etgan ulamolardan hisoblanadi. Asarlarida kelgan ma’lumotlarga ko‘ra bu zot Shayx Habibulloh, So‘fi Navro‘z Buxoriy va Xo‘ja Mo‘min singari ustozlardan ta’lim olgan.
   So‘fi Ollohyorning vafot etgan sanasi, ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikrlariga ko‘ra, 1721 yilga to‘g‘ri keladi. Qabri Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumaniga qarashli Katta Vaxshivor qishlog‘idadir. So‘fi Ollohyorning ko‘plab avlodlari hozirda ushbu qishloqda yashaydilar.
     So‘fi Ollohyor zabardast shoirgina emas, ayni paytda yirik mutafakkir, olim hamdir. U «Maxzanul mutein» asarini arab tilida, «Maslakul muttaqin» va «Murodul orifin» asarlarini fors tilida, «Sabotul ojizin» kitobini turkiy tilida yozib, Islom olamiga ulug‘ meros qoldirib ketgan.
    So‘fi Ollohyor kitoblari o‘z davrida ham, keyingi davrlarda ham madrasalarda va xalq orasida keng o‘qitilganligi uchun ham uning nomi va kitoblari mashhur bo‘lib ketgan. So‘fi Ollohyorning «Sabotul ojizin» kitobi odamlar orasida «Mag‘zi Qur’on» sifatida e’tirof etilgan va bu asarni ba’zilar yoddan bilgan. So‘fi Ollohyor asarlari juda ko‘p marta qo‘lyozma sifatida ko‘chirilgan va nashr qilingan.
     So‘fi Ollohyor adabiy merosi o‘zbek mumtoz adabiyoti va tasavvuf tarixida alohida o‘rin tutadi. Xoja Ahror Valiy, Mahdumi A’zam kabi bobokalonlarimiz Naqshbandiya ta’limotini ijtimoiy hayotga tadbiq etishda namuna bo‘lganlar. So‘fi Allohyorga bu tariqatning ta’lim tizimini madrasalarga ham olib kirdi. Allomaning «Maslakul muttaqin» asari Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Tatariston va boshqa o‘lkalarda bir necha bor chop etilgan. So‘fi Ollohyor Markaziy Osiyoda yashovchi turkiy va forsiy tilli xalqlarni o‘z asarlari bilan bahramand etib, ularni yagona islomiy va axloqiy hamda falsafiy-estetik mafkura yalovi ostida birlashtirdi. Natijada kurrai zaminning turli mintaqalarida yashovchi xalqlar bir-birlari bilan ma’nan yaqinlashdilar va bir-birlarining ma’rifatparvarlik g‘oyalaridan xabardor bo‘ldilar. U zot o‘zining ana shunday xizmatlari bilan millionlab kishilarning muallimi va murabbiysiga aylandi.
     Prezidentimizning tashabbusi va bevosita rahbarligida muqaddas tuprog‘imizda tug‘ilib voyaga yetgan ulug‘ siymolar – Bahouddin Naqshband, Imom Ismoil Buxoriy, Abduxoliq G‘ijduvoniy maqbaralari va boshqa o‘nlab tarixiy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarni obod etishdek qutlug‘ ishlar amalga oshirildi. 2005 yilda esa So‘fi Allohyor hazratlari mangu qo‘nim topgan maskanni obod etish maqsadida «So‘fi Allohyor» jamg‘armasi tashkil etildi.

 

Sobirjon RUSTAMOV,

Toshkent shahridagi “Minovar qori”  jome masjidi imom-xatibi / www.muslim.uz 

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 215933
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24508
  • 18969
  • 12769
  • 15733