Baxillik va badnafslik
21.1.2017 4687

   Baxillik, xasislik, ochko‘zlik va badnafslik eng tuban ma’naviy illatlardan hisoblanadi. Inson o‘zini o‘zi taftish qilib yurmasa, o‘z nafsini qiynab bo‘lsa ham saxiylikka, oliyjanoblikka odatlantirmasa bunday ilatlarga mag‘lub bo‘lishi hech gap emas.
    Qur’oni karim va hadisi shariflarda qoralangan yomon xulqlardan biri baxillikdir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

 

“وَلاَ يَحْسَبَنَّ الَّذِينَ يَبْخَلُونَ بِمَا آتَاهُمُ اللّهُ مِن فَضْلِهِ هُوَ خَيْرًا لَّهُمْ بَلْ هُوَ شَرٌّ لَّهُمْ سَيُطَوَّقُونَ مَا بَخِلُواْ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ ”

 

    Ma’nosi: “Alloh ularga O‘z fazlidan ato qilib qo‘ygan narsalarda baxillik qiluvchi kimsalar bu ishlarini o‘zlari uchun yaxshilik deb o‘ylamay qo‘ya qolsinlar. Balki, bu ishlari ular uchun yomonlikdir. O‘sha baxillik qilib bermagan narsalari qiyomat Kunida bo‘yinlariga o‘ralajak!” (Oli Imron surasi: 180-oyat).
     Baxillik Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida hamda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak hadislarida mazammat qilinadi, barcha ulug‘ zotlar, olimu fozillar, zohidu obidlar tomonidan qoralanadi va barcha xalqlarda jirkanch va tuban xulq deb bilinadi.
    Alloh taolo marhamat qiladi: "وَمَن يُوقَ شُحَّ نَفْسِهِ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُو " ya’ni, "kimki, nafsining baxilligidan saqlansa, ana o‘shalar najot topuvchi kimsalardir" (Hashr surasi: 9-oyat).
   Oyati karima benihoya chuqur ma’noga ega. Agar biroz fikr yuritsak, baxillik nafsda mavjudligi, nafslar bu razillikka o‘ta moyil ekanligini tushunamiz. Shu bilan birga undan qutulish, saqlanish ham mumkinligini anglaymiz.
    Oyati karimada baxillik so‘zi shu so‘zning asli bo‘lmish "buxl" lafzi bilan emas, balki, "shuhh" so‘zi bilan ifodalangan. Mazkur "shuhh" so‘zi ham "buxl" (baxillik)ning sinonimi hisoblanadi. Biroq ular o‘rtasida ma’lum farqlar mavjud.
    Ulamolar shuhh so‘zini ta’riflar ekanlar, quyidagi so‘zlarni aytadilar: "shuhh baxillikning eng ashaddiy ko‘rinishidir", "shuhh nafaqat o‘zgalarga balki, o‘z nafsiga ham baxillik qilishdir", "shuhh oddiy baxillik emas, balki, hirs va ochko‘zlikka qorishgan baxillikdir" va hokazo.
    O‘zidan, o‘z nafsidan qizg‘anib, imkoni bo‘lsa ham o‘ziga pul sarflamaydigan, o‘zi uchun kerakli narsani xarid qilmaydigan insonlar go‘yoki riyozat qilyapmiz, nafsimizni tarbiyalayapmiz, deb o‘zlarini xursand qilib yuradilar. Holbuki, o‘ziga baxillik qiladigan kimsa baxillarning eng yomoni bo‘ladi. Zero, bunday baxillikning tuzalishi nihoyatda mushkul. Chunki, yillar davomida baxillik tabiatga aylangandagina inson shunday bo‘lib qoladi.
    O‘ziga baxillik qiladigan kimsa o‘zgalarga ham baxillik qilishi tabiiydir. Zero, o‘z nafsining qadriga yetmagan, o‘ziga achinmagan, o‘ziga saxiy bo‘lmagan insonning o‘zgalarga achinishi, o‘zgalarga nisbatan saxiy bo‘lishi mumkin emas. Shunday ekan hechqachon bu ishni nafs tarbiyasi va zohidlikka bog‘lab bo‘lmaydi. Bu illat qanday qilib yillar davomida shakllanib, ildiz otib, nafsda mustahkam o‘rnashgan bo‘lsa, xuddi shu tariqa yillar davomida olib boriladigan muolajaga muhtojdir. "Ilm bu o‘rganish bilan, hilm esa halimlikka harakat qilish bilan hosil bo‘ladi" deya hadisi shariflarda aytilganidek, saxovat va oliyjanoblik ham sekin-sekin saxiylikka nafsni o‘rgatish orqaligina shakllantiriladi. Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Saxiylikka nafsni o‘rgatish shunchaki, o‘ziga o‘zi: saxiy bo‘lish kerakligi haqidagi fikrni singdirish bilan emas, balki, amaliy tarzda, oz-ozdan odamlarga ezgulik qilish, moddiy jihatdan muhtojlarga, qiynalib qolganlarga o‘z nafsini qiyratib bo‘lsa ham yaxshilik qilish va shu ishidan xursand bo‘lib, Allohdan ajr umid qilish va doimiy ravishda ochiq qo‘l bo‘lishga intilish bilan hosil qilinadi.
   Ha, inson o‘zgalarga xolis ehson qilar ekan o‘sha ehsonining ko‘lamiga qarab uning ammora nafsi qiynaladi, talvasaga tushadi va zo‘r berib bu ishdan qaytarishga undaydi. Oyati karimada aytilgani kabi shayton unga "agar bu pulingni berib yuborsang o‘zing muhtoj bo‘lib qolasan" kabi so‘zlar bilan faqirlikdan qo‘rqitadi. Shunda inson shaytonning emas balki, Allohning va’dasiga quloq tutishi ma’quldir. Alloh esa saxovat va ehson uchun mag‘firat va fazlni va’da qiladi.
    Alloh taolo O‘zining kalomi sharifida baxillik va badnafslikdan qaytarib shunday deydi:

 

وَلَا تَجْعَلْ يَدَكَ مَغْلُولَةً إِلَى عُنُقِكَ وَلَا تَبْسُطْهَا كُلَّ الْبَسْطِ فَتَقْعُدَ مَلُومًا مَحْسُورًا إِنَّ رَبَّكَ يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ وَيَقْدِرُ إِنَّهُ كَانَ بِعِبَادِهِ خَبِيرًا بَصِيرًا

 

ya’ni: “(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz. Shubhasiz, Rabbingiz O‘zi xohlagan kishilarning rizqini keng ham, tang ham qilur. Albatta, U bandalaridan ogoh va (ularni) ko‘rib turuvchi zotdir”. (Isro surasi, 29-30 oyatlar)
      Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda bu haqda shunday deyilgan:

 

وَعَنْ جَابِرٍ أَنَّ رَسُولَ اللهِ قَالَ: «اتَّقُوا الظُّلْمَ فَإِنَّ الظُّلْمَ ظُلُمَاتٌ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، وَاتَّقُوا الشُّحَّ فَإِنَّ الشُّحَّ أَهْلَكَ مـَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ، حَمَلَهُمْ عَلَى أَنْ سَفَكُوا دِمَاءَهُمْ وَاسْتَحَلُّوا مَحَارِمَهُمْ» رَوَاهُ مُسْلِمٌ

 

    Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Zulm qilishdan saqlaninglar. Chunki zulm Qiyomat kunida (egasi uchun) zulmatlar bo‘ladi. Va yana xasislik va badnafslikdan saqlaninglar. Chunki badnafslik sizlardan avvalgi ummatlarni halok qildi va qon to‘kishlariga hamda harom narsalarni halol qilib olishlariga sabab bo‘lgan edi", dedilar.
     Baxillik faqat pul berish, taomlantirish kabi ulug‘ fazilatlardan o‘zini tiyishda cheklanib qolmaydi. O‘zidagi hunar, bilim yoki kasbni shogirdlariga o‘rgatmaslik ham baxillikka kiradi. Kerak bo‘lgan o‘rinda obro‘ va martabasini ishlatib odamlarga yaxshilik qilmaslik ham baxillikning bir ko‘rinishidir.
     Iymon bilan baxillik bamisoli o‘t bilan suv kabi bir-biriga yot narsalardir
    Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi: "لَا يَجْتَمِعُ شُحٌّ، وَإِيمَانٌ فِي قَلْبِ رَجُلٍ مُسْلِمٍ" ya’ni, "mo‘’min kishining qalbida ham baxillik, ham iymon jam bo‘lmaydi" (imom Ahmad rivoyati).
Baxillik turli darajalarda bo‘ladi dedik. Ularning ba’zilari zakot, o‘z qaramog‘idagilarning ta’minoti kabi infoq qilish farz bo‘lgan ishlarda baxillik qilish bo‘lsa, ba’zilari infoq qilish ixtiyoriy va mustahab bo‘lgan o‘rinlarda baxillik qilishdir.
    Qur’oni karim oyatlariga diqqat nazari bilan boqadigan bo‘lsak, ko‘ramizki, ko‘plab o‘rinlarda oliyjanoblik, karamlilik, saxovat, shijoyat va sidq-rostgo‘ylik u yoki bu ko‘rinishda madh etiladi. Ayni chog‘da bularning ziddi bo‘lgan baxillik, olchoqlik, qo‘rqoqlik va yolg‘onchilik mazammat qilinadi. Hadisi shariflarda ham shu holat kuzatiladi. Avvalgi uch xislat qoralanib, keyingi uch xislat turli ko‘rinishlarda targ‘ib etiladi. Sababi, bularning hammasi bir-biriga chambarchas bog‘liq narsalar ekanligidadir. Oliyjanob fazilatlarni kasb qilish istagidagi inson avvalgi uch illatdan yiroq bo‘lishi va uning ziddi bo‘lgan keyingi uch xislatni o‘zida tarbiyalashi lozim. Zero, qo‘rqoq inson saxovat qilish lozim bo‘lgan o‘rinda faqir bo‘lib qolishdan qo‘rqadi. Ota-onasiga, xotin, bola-chaqasiga yoxud do‘stlariga saxovat qilmoqchi bo‘lsa nafsi va shaytoni turli narsalar bilan qo‘rqitadi. Demak saxiy bo‘lish uchun ham jasorat kerak ekan.
    Jubayr ibn Mut’im raziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlar bilan Hunayn ma’rakasidan qaytar edilar yo‘lda U zotga a’robiylar uchrab, u kishidan (mol) so‘ray boshlashdi. Oxiri u kishini holu jonlariga qo‘ymay (yopirilib, tikanakli) samura daraxtiga taqab qo‘yishdi. Hatto uning tikanlari u kishining ridolarini ilib oldi (va ridolari darxtda qolib ketdi). Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam to‘xtab: "ridoimni beringlar, Allohga qasamki, mana shu daraxtning tikanlarichalik (behisob) miqdorda tuyam bo‘lganda hech ikkilanmay ularni o‘rtangizda taqsimlab bergan bo‘lardim. So‘ngra, meni baxil ham, yolg‘onchi ham, qo‘rqoq ham emasligimni ko‘rardingiz!" (Imom Buxoriy rivoyati).
    Nabiy alayhissalomning saxovatlari va oliyjanobliklari aslida hikoya qilishdan, misol keltirishdan behojat bo‘lgan narsadir. U kishining hayotlari oliyjanoblikdan, turmushlari saxovatdan iboratdir. Uylarida tarqatilmay turgan ikki tillo pul namozda u kishining halovatlarini o‘g‘irlagani va farzni o‘qiboq hujralariga kirib mazkur pulni sadaqa qilib, keyin xotirjam sunnatlarni o‘qiganlari haqida eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. U zot odamlarning eng karamlisi edilar. Hunayn kunida Aqra’ ibn Hobisga yuzta tuya, Uyayna ibn Hisnga yuzta tuya in’om qilganlar. Bir a’robiy narsa so‘rab kelganda, ikki tog‘ning orasiga uzangan vodiy to‘la suruv-suruv qo‘ylarni tortiq qilib yuborganlar. Shunda haligi a’robiy o‘z qavmiga qaytib borib, "ey qavm! Musulmon bo‘ling, zero, Muhammad faqirlikdan qo‘rqmaydigan kimsaning berishidek berar ekan", degandi.

 

Qarz berishdagi baxillik.

 

    Odamlar, qarz bermaslikni baxillikdan sanamaydilar, holbuki, qarz berishda baxillik qilish ham baxillikning turlaridan biri hisoblanadi. Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy alayhissalom shunday marhamat qiladilar: إِنَّ السَّلَفَ يَجرِي مَجرَى الصَّدَقَةِ Mazmuni: "albatta, qarz sadaqa o‘rnida qabul qilinadi" (Imom Ahmad rivoyati). Boshqa bir hadisi sharifda esa kim bir kishiga ikki marta qarz bersa, albatta o‘sha miqdorni sadaqa qilgan savobini olishi aytilgan.

 

Payg‘ambarimizning baxillikdan panoh so‘rashlari

 

    Sarvari olam sollallohu alayhi va sallam baxillikdan doimiy ravishda panoh so‘rab yurganlar. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga xizmat qilib yurardim. U kishi biror manzilga tushsalar ko‘pincha shunday deyotganlarini eshitardim:

 

"اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنَ الْهَمِّ وَالْحَزَنِ، وَالْعَجْزِ وَالْكَسَلِ، وَالْجُبْنِ وَالبُخْلِ، وَضَلَعِ الدَّيْنِ وَغَلَبَةِ الرِّجَالِ"

 

ya’ni: "ey Alloh, men Sendan tashvish va g‘amdan, ojizlik va dangasalikdan, qo‘rqoqlik va baxillikdan hamda qarz yukidan va odamlarga xor bo‘lishdan panoh berishingni so‘rayman" (Imom Buxoriy rivoyati).
    Ba’zilar saxovatli bo‘lish uchun avval bitmas-tuganmas darajda boy bo‘lib olish kerak deb o‘ylaydilar. Bu juda ham hato tushuncha. Chunki, saxovat va karam insonning qo‘lidan oldin qalbiga o‘rnashadigan oliy tuyg‘u hisoblanadi. Bu tuyg‘u insonni o‘ta badavlat bo‘lmaganda ham imkon doirasida o‘zgalarga ezgulik qilishga, qalblarga shodlik ulashishga undaydi. Agar saxovatpesha bo‘lish uchun katta boylik shart qilinganda sahobai kiromlar iysor xislati uchun Qur’oni karimda maqtalmagan bo‘lardilar. Axir, iysor deb o‘ziga kerak bo‘la turib, o‘zga insonning ehtiyojini o‘zidan baland ko‘rishga aytiladi.
     Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, inson imkon borida, vaqt borida atrofidagi hojat sohiblariga yaxshilik qilib, hojatini ravo aylab, karam va oliyjanoblik qo‘lini cho‘zishi kerak ekan. Mol ham, farzandlar ham foyda berolmaydigan kunda asqotar ekan bu.
     Hechqachon falon ishimni bitiray keyin saxiy bo‘laman, odamlarga yaxshilik qilaman, piston yildan keyin molim falonchaga yetgandan keyin uyog‘iga sekin-sekin xayr-ehson qilishni boshlayman demaslik kerak ekan. Chunki, mol-dunyo insonga iqbol etib, yuzlanib kelgan paytda ehson va yaxshilik bilan tugab qolmaydi. Alloh berib turgan paytda harqancha saxovat qilsangiz, arziydi. Qachonki, dunyo yuz o‘girib, ortga qayta boshlasa unda o‘z-o‘zidan saxovat qilolmay qolasiz. Shu ma’noda bir arab shoiri aytgan ekan:

Gar boqar dunyo senga, sarf et ulusg‘a borini,
Chunki dunyoda vafo yo‘q, o‘zgarib turgay mudom.
Kelsa, sarf etkan ila kam bo‘lmag‘onidek butun,
Ziqnalik birla ani saqlab qololmassan tamom.

     Yana bir orif kishi inson o‘ta xasislik va ziqnalik bilan o‘ziga ham, o‘zgaga ham ishlatmasdan pul yig‘sa, uning bu ishi bor-yo‘g‘i mol-dunyoga xizmatkorlik va qo‘riqchilikdan iborat ekanligini quyidagi nazmiy satrlar ila eslatar ekan, shu holatda mol egasi hayotligida mashaqqat bilan yig‘ib-tergan molini yaxshilikka ishlatmas ekan, vafot etgach, uning barcha mol-mulki unga rahmat ham aytmaydigan, minnatdor ham bo‘lmaydigan qaysidir merosxo‘riga o‘tib ketishi va natijada mazkur merosxo‘r uning yig‘ib-tergan dunyosi hushiga kelganidek ishlatishi muqarrarligini ta’kidlaydi. Agar u mazkur mol-dunyoni gunoh va harom ishlarga sarflasa o‘zo‘zidan molning asl egasiga ham gunohi yetib boradi.

Bo‘lub mumsik agar mol yig‘sang, ey jon,
Qo‘ruqchisan pulingga hamda posbon.
O‘zungdin boshqag‘a nochor berursan,
So‘zu maqtovsiz anga topshirursan.
Yegay hech o‘ylamasdin to‘plag‘oning,
Sen ersang, yerda madfun jismu joning.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 70958
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

10632
  • 6087
  • 3922
  • 5959