Ziyoratchilarimiz uchun mehmonxonalar ajratildi
24.1.2017 4587

   2017 yil 22 yanvar kuni O‘zbekiston haj delegatsiyasi haj va umra mavsumlarini namunali tashkil etish doirasida joriy yilda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun haj mavsumida ajratilishi ko‘zda tutilgan Makka shahridagi “Abroj al-Hidoya” va umra mavsumida xizmat ko‘rsatadigan“Abroj al-Kisva” mehmonxonalarini ko‘zdan kechirishdi.
   Zamonaviy va barcha qulayliklarga ega “ Abroj al-Kisva ” mehmonxonasi joriy umra mavsumida yurtimiz ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatishi belgilandi. Ushbu mehmonxona Masjidul haramdan 600 metr masofada joylashgan bo‘lib, yurtdoshlarimiz ibodatlarini Baytullohda ado etishga qulay imkoniyat hosil qilish maqsadida tanlandi.
   Delegatsiya a’zolari “ Abroj al-Kisva ”mehmonxonasidagi shart-sharoitlar, oshxona-restoran va tibbiy bo‘lim bilan yaqindan tanishishdi hamda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun xizmatlar sifatini yanada oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berishdi.
    Shuningdek, delegatsiya a’zolari 2017 yilgi Haj mavsumida hojilarimizga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasining ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.
    Eslatib o‘tamiz, yangi qurib bitkazilgan “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi 2016 yilgi Haj mavsumida, birinchi bo‘lib, yurtimiz hojilariga xizmat ko‘rsatgan edi.
   “Haj – 2016” mavsumida Makka shahridagi “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi tomonidan taqdim etilgan xizmatlardan yurtimiz hojilari juda ham mamnun bo‘lishgan. Ushbu mehmonxona qulayliklari haqida gapirganda, avvalo, barcha xonalar to‘rt kishilik qilib tayyorlangani, har bir xonada yuvinish xonasi mavjudligi, sovutkich, muzlatkich, stol-stul, jurnal stoli, telefon, televizor va zamonaviy mebellar bilan jihozlanganini ta’kidlash kerak.
    Yana shuni aytish kerakki, mehmonxona oshxonasida bir paytda 2200 kishi taomlanishi uchun mo‘ljallangan o‘rinlar hozirlangan. Shuningdek, tibbiyot markazi, ishchi guruhi shtabi, majlislar zali hamda 2000 kishi sig‘adigan erkak va ayollar namozxonasiga alohida joylar ajratilgan. Shuningdek, mehmonxonada har biri 20 kishilik bo‘lgan 21 ta lift muntazam ishlaydi.
   Mehmonxonaning yana bir qulayligi shuki, bitta asosiy yo‘l bo‘ylab “Harami sharif” masjidiga borish mumkin. Shuningdek, mehmonxona Mino vodiysi hududiga yaqin joylashgani sababli ziyoratchilarni u yerga olib chiqish va qaytarib olib kelishda ko‘p yengilliklar bo‘ldi.
    Xavfsizlik nuqtai nazardan ham mehmonxona yaxshi qurilgan. Mehmonxona atrofidan serqatnov, katta yo‘l trassasi bo‘lmagani sababli hojilar erkin harakat qilishi mumkin. Mehmonxona rahbarlari va ishchi-xizmatchilari hojilarimizga yuqori darajada xizmat ko‘rsatganlarini alohida qayd etish kerak.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati / www.muslim.uz /

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216433
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24556
  • 19020
  • 12799
  • 15762