Katta tadbir oldidan...
Joriy yilning 17-22 oktyabr kunlari Toshkent shahrida “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston – Ozarbayjon misolida” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Unda Ozarbayjon, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi davlatlardan vakillar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada tashrif dasturi loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.
Shuningdek, 18 oktyabr kuni o‘tadigan “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston – Ozarbayjon misolida” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya dasturi Ozarbayjon tomoniga ham taqdim qilingan, Ularning fikri va takliflari olingandan so‘ng qayta ko‘rib chiqildi.
Ayni kunlarda konferensiyaga tayyorgarlik ishlari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha davom etmoqda:
Konferensiyaning tashkiliy ishlarini markazlashgan holda olib borish maqsadida O‘MI xalqaro aloqalar bo‘limi xonasida Ishchi guruhi shtabi tashkil etildi. Shtab a’zolari 15-23 oktyabr kunlari 24 soat davomida navbatchilik qiladi;
Poytaxtdagi konferensiya o‘tkaziladigan “Simpoziumlar saroyi” anjuman ruhiga mos ravishda bezaladi;
Konferensiyada so‘zga chiqadigan notiqlarning ma’ruza matnlarini jamlash va nashr etish choralari ko‘rilmoqda;
Samarqand va Buxoro viloyatlarida konferensiyaga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda;
Konferensiyada 900 kishi ishtirok etadi. Ular respublikamizdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, diniy soha xodimlari, respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari va chet eldan tashrif buyurayotgan mehmonlardan iborat bo‘ladi;
E’tiborli mehmonlarga xizmat ko‘rsatish uchun Diniy qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Toshkent davlat islom universitetining xizmat mashinalari shaylab qo‘yildi;
Xorijlik mehmonlarning vizasini rasmiylashtirish, konferensiya ishtirokchilarini “Simpoziumlar saroyi”ga joylashtirish rejalari tegishli tashkilotlar hamkorligida ishlab chiqildi.
Xalqaro konferensiya materiallarini – konferensiya emblemasi tushirilgan portfel tayyorlab, uning ichiga O‘zbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni va erishilgan yutuqlarni targ‘ib etuvchi kitob, jurnal, buklet, ruchka, qalam, bloknot va ish daftarini joylashtirish masalasi ham tashkilotchilar e’tiboridan chetda qolmagan.
“Simpoziumlar saroyi” anvoyi gullar bilan bezatiladi va chanqoqbosdi ichimliklar hamda tushlik va kofe-breyk tashkil etiladi;
Poytaxtdagi tuman bosh imom-xatiblari viloyatlardan keladigan imom-xatiblarni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, konferensiyada ishtirok qilish va kuzatish ishlariga ko‘maklashadi;
Konferensiya jarayoni o‘zbek, rus, ingliz va arab tillarida yoritilib, xabar, maqola va videolavhalar ommaviy axborot vositalari hamda Internet tarmoqlarida e’lon qilib boriladi;
Konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni, uni o‘tkazish bo‘yicha qilinayotgan tadbirlar ijtimoiy tarmoqlarda onlayn tarzda uzatiladi;
“Simpoziumlar” saroyida kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etiladi hamda press-reliz tayyorlanib tarqatiladi;
Konferensiya ishida foydalanish uchun nishon (emblema), bannerlar va yozuvli lavhalar tayyorlanadi, xorijlik mehmonlar esa tarjimonlar bilan ta’minlanadi;
Konferensiyadagi ma’ruza matnlari to‘plam holiga keltirilib chop etiladi.
Xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ishlari hozir ayni qizg‘in pallasida. Zero, ko‘plab davlatlardan mehmonlar keladigan, ko‘plab diniy konfessiyalar vakillari ishtirok etishi kutilayotgan anjumanni yuksak saviyada o‘tkazish, mehmonlarga yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini chiroyli tarzda tushuntirib berish va shu kabi ishlar g‘oyat mas’uliyatli vazifalardir.
Damin JUMAQUL
Muslim.uz