Imom-xatiblarimiz faoliyatidan xabarlar
18.4.2017 5034
Shu yilning 13 aprel kunida Toshkent shahar "Hazrati Ali" jome masjidi imom-xatibi Salohiddin domla Sharifov Uchtepa tumanidagi "Jurjoniy" mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla ahliga diniy ekstremizm nomi ostida bugunda jahonda yuz berayotgan fitna-fasod, buzg‘unchilik, vayronagarchilik ishlarining asl muddaosi, tarixdagi bu kabi voqealarning oqibatlari haqida batafsil so‘zlab, har bir vatandoshimiz musaffo islom va unga tamoman zid bo‘lgan guruh va oqimlar faoliyati to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘lishi lozimligini uqtirib o‘tdi.
— — —
Yana shu kuni Toshkent shahar "Rakat" jome masjidida 40 yil mobaynida imom-xatiblik vazifasini bajarib, din va xalq xizmatida bo‘lgan, bugunda faxriy imom sifatida jamoa ardog‘ida bo‘lgan Abdullajon domla Hamdamov boshchiligida masjid jamoasi, shuningdek Yakkasroy tumani "Rakatboshi" mahallasi raisi, maslahatchilari hamrohligida mazkur mahallada istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Salom-alik, duoi xayrlardan so‘ng, uy sohiblari bilan suhbatlar olib borishgan masjid xodimlari o‘sha xonadonlarga ziyo, Allohning nuri kirib turishiga sabab bo‘ladigan diniy-ma’rifiy kitoblar hadya qilishdi. Domlalarimiz mezbonlarni bu kitoblar bilan tanishtirishgach, barakot bo‘lsin degan niyatda qutilarga joylangan bir necha xil oziq-ovqat mahsulotlari, meva-chevalar va baholi qudrat pul-mablag‘ ham ehson qilishdi.
— — —
12 aprel kuni Toshkent shahar "To‘lqin Akrom o‘g‘li" jome masjidi imom-xatibi Sahobiddin Satimov Olmazor tumanida joylashagan imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 36-sonli maktab hamda Yunusobod tumanidagi 21-sonli Mehribonlik uylariga tashrif buyurib, masjid jamoasi va homiylar ko‘magida ta’lim muasssalari uchun zaruriy jihoz-anjomlar, hamda bolalar uchun o‘quv qurollarini hadya etdi. Imom-xatib bolalarga Alloh taolo bizga in’om etgan tinchlik, omonlik, yurtimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan barcha g‘amxo‘rliklarining shukronasini qilishlik uchun faqat yaxshi va a’lo o‘qishlari, bilim, kasb-hunar egasi bo‘lib, vatanimiz taraqqiyotiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishlari lozim ekanligini so‘zlab berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi Matbuot xizmati