2018 yil uchun haj shartnomasi imzolandi
8 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari bilan haj va umra safarlari bo‘yicha Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati rahbari Shayx Usoma Toshkandiy janoblari “Haj – 2018” mavsumi shartnomasini imzolashdi.
Shartnoma imzolash jarayonida muftiy hazratlari “al-Hidoya” shirkati bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib kelinayotgani, haj va umra safarlari muvaffaqiyatli o‘tayotganini bildirdilar. Shuningdek, kelgusi haj safarida ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatishni yanada yuqori darajaga ko‘tarish, mehmonxona, transport xizmati va taomlar sifatini yanada yaxshilash, Mino va Muzdalifa vodiylarida yetarli joy ajratishga erishish hamda ishchi, oshpazlar va tibbiyot guruhlarini barcha zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlash kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Muftiy hazratlari ziyoratchilarimizning muborak safar davomidagi ibodatlarini mukammal ado etishlari uchun har ikki tomon ham qulay shart-sharoitlar tashkil etish uchun jonbozlik ko‘rsatishi, bu borada biror-bir xato va kamchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha kuch-quvvatni safarbar etish zarurligini ta’kidladilar.
Hamkor “al-Hidoya” shirkati rahbari Shayx Usoma Toshqandiy janoblari javob so‘zida o‘zbekistonlik haj va umra ziyoratchilariga xizmat qilish sharaf ekani, shu kunga qadar bu borada katta yutuqlarga erishib kelinayotgani bildirdi. Usoma Toshqandiy so‘zida davom etib, o‘zbekistonlik ziyoratchilarga eng namunali xizmat ko‘rsatish uchun hamkor shirkat barcha imkoniyatlarini ishga solishga jiddu jahd qilishini bildirdi. U so‘zining yakunida o‘zaro ishonchli hamkorlik uchun minnatdorlik izhor qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati