Masjid haqida

 

 

Toshkent shahar Shayxontohur tumani Mannon Uyg‘ur ko‘chasi 378 - uyda joylashgan

"Shayx Zayniddin" jome’ masjidi haqida

 MA’LUMOT

 

"Shayx Zayniddin" jome’ masjidi Mannon Uyg‘ur ko‘chasi 378-uyda joylashgan bo‘lib, "Ko‘kcha" mahallasi hududidadir.

 

"Shayx Zayniddin ota" qabristoni va masjid taxminan 700 yillik tarixga ega. Professor Omonulla Fayzullayevning Shayx Zayniddin boboning tarixini o‘rganish bo‘yicha xulosasiga qaraganda, u zotning to‘liq nomi Shayx Zayniddin Ko‘yi Orifoni Toshkandiy ibn Shayx Shahobiddin Abu Hafs Umar Suhravardiy bo‘lib, 1164 yilda tug‘ilgan va 1259 yilda 95 yoshida vafot etgan.

 

Otasi Shayx Shahobiddin Abu Hafs Umar Suxravardiy Iroq mamlakatining Xorazmshoh davlatidagi elchisi bo‘lib, 25 yil xizmat qilgan.

 

Shayx Zayniddin bobo shu davrda Xorazmdan Toshkentga kelib qolgan. Shayx Zayniddin bobo Toshkentga yaqinlashganida, shaharning Ko‘kcha darvozasidan bir necha chaqirim narida tuya to‘xtab cho‘kadi. Shayx Zayniddin boboning maskaniga aylangan ushbu joy, keyinchalik, Ko‘kcha dahasiga aylanadi va Orifon qishlog‘i paydo bo‘ladi. So‘ngra bu yerda Hazrati Shayx Zayniddin bobo dafn etilib, "Shayx Zayniddin bobo" qabristoniga aylanadi. Qabriston Toshkentning g‘arbiy qismida. Maydoni 8 - 9 ga. Bu qabriston 19 - asrda shahardagi eng yirik qabristonlardan biri bo‘lgan.

 

O‘sha davrda u yerda faqat chillaxona va hujralar, keyinchalik masjid qurilgan. U zotning o‘limidan 132 yil keyin Sohibqiron Amir Temurning Shayx Zayniddin bobo qabri ziyorati natijasida ul zotga ixlos va hurmat ko‘rsatib maqbara qurdirgan. Maqbara shu kungacha bir necha bor ta’mirlangan.

 

Maqbaraning orqa tomonida "Chillaxona" – sakkiz tomonli, yuqorisi gumbaz sifatli bino qad ko‘tarib turibdi. Salohiddin ibn Aloiddin Toshkandiyning "Temurnoma" kitobida shunday deyiladi: "Amir Sohibqiron Turkiston ichra qabri shariflarga marqad ko‘tarib, imorati oliy qurib, qancha yerlarni vaqf qilib, andin keyin yana Hazrat Zayniddin Ko‘yi Orifonga Kaykovus suvidan nahri azim chiqarib, qul - cho‘ri birla nazr etib, qabrlari uzra gumbaz ko‘tarib, andin keyin Zangi otani muborak qabrlarini bino qildilar".

 

"Sirli olam" jurnalining 1998 yil avgust sonida Qahramon Nazarov tomonidan e’lon qilingan "Shayx Zayniddin Ko‘yi Orifon hazratlari" va "Toshkent oqshomi"gazetasining 1998 yil sentyabr sonida Professor Omonulla Fayzullayev tomonidan e’lon qilingan "Shayx Zayniddin bobo Toshkandiy haqida" maqolalari bilan tanishgan kishi Shayx Zayniddin boboning nafaqat tariqat murshidi, balki falakiyot ilmining bilimdoni va yer osti yo‘li qurilishining muhandisi ekanligi haqida ham to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

 

O‘zbekiston Musulmonlari Idorasiga qarashli "Shayx Zayniddin" jome’ masjidi "Shayx Zayniddin" maqbarasi yonida joylashgani uchun, masjid 1943 yilda ochilgandan buyon shu nom bilan ataladi. Xalq tilida "Ko‘kcha", jome’ "Shayx Zayniddin buva" nomlari bilan yuritiladi. Masjid yonida 40 - o‘rta maktab, "Ko‘kcha" qabristoni, 8 - tramvay va 53, 46 - avtobuslarning "Ko‘kcha"bekati joylashgan. Masjidning qadimiy binosi 19 - asrning oxirida qurilgani, masjid hovlisidan o‘tgan anhor suvining ta’siri va Toshkent zilzilasining oqibatida yaroqsiz holga kelgani uchun masjid jamoasi uni qayta qurish uchun 1994 yil Toshkent shahar hokimligiga murojaat qildilar.

 

Toshkent shahar hokimining 19.10.1995 y. 739 -  f sonli farmoyishi bilan masjid qurilishi uchun 0,45 g, avtomashinalar uchun 0,30 g. yer ajratilgan. Masjid binosi 199 - 1997 yillarda Makkalik yurtdoshlarimizning hadya mablag‘i hisobidan mustaqillik sharofati bilan yangi zamonaviy bino sifatida butunlay qayta qurilgan.

 

Minora gumbazli, masjid binosi 6000 namozxonga mo‘ljallangan bo‘lib, ikki yoni ikki qavatli xonaqoh, yerto‘la, romli ayvon, tahoratxona, talabalar uchun yotoqxona, oshxona, mutavalli va imomlar xonasidan iborat. Tahoratxonada issiq, sovuq suv mavjud, kanalizatsiya ulangan. Xonaqohga o‘rnatilgan maxsus uskuna vositasi bilan yozda salqin, qishda esa issiq bo‘ladi.Masjid 04.08.1998 yil № 2 raqam bilan qayta ro‘yxatdan o‘tgan.

 

Mustaqilligimizning 20 yillik bayrami arafasida masjid binosining ichki qismi kapital ta’mirdan chiqarildi. Ta’mir jarayonida masjid intereri uchun xos bo‘lgan xattotlik san’ati, ganch va yog‘och o‘ymakorlik ishlari keng qo‘llanildi.

 

 

 

 

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Toshkent shahar Shayxontohur tuman bosh imom - xatibi, "Shayx Zayniddin" jome masjidi imom xatibi

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li 1977 yil 18 mayda Namangan shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. 1993-1994 yillarda Namangan Davlat Universiteti qoshidagi arab tili tarjimonligi kursida tahsil olgan.

Ilk diniy saboqni oilada otasi Yunusxon qoridan oladi va 1997 yilda Qur’oni karimni to‘liq yodlab, xatmona o‘taydi.

1998 - 1999 yillarda Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi “Hazrati Umar” jome’ masjidida imom - xatib, 1999 - 2000 yillarda Shayxontohur tumanidagi “Shayx Zayniddin” jome’ masjidida imom noibi vazifasida ishlagan.

2002 yilda “Imom al-Buxoriy” nomli Toshkent Islom Institutini tamomlagan.

2000 - 2011 yillarda Shayxontohur tumanidagi “Firdavs” jome’ masjidida imom - xatib vazifasida xizmat qilgan.

2006 yilda Malayziyada bo‘lib o‘tgan Qur’oni karim musobaqasida O‘zbekiston Musulmonlari idorasining tavsiyasiga binoan qatnashib, 77 ishtirokchi orasida sovrinli o‘rinni egallagan va faxriy yorliq bilan taqdirlangan.

2010 yildan buyon Toshkent shahar bosh imom - xatibi o‘rinbosari. 2011 yildan buyon Shayxontohur tumani bosh imom xatibi va “Shayx Zayniddin” jome’ masjidi imom - xatibi.

 

 

 

 

Mirzayev Alisher Akmalovich
“Shayx Zayniddin” jome’ masjidi imom noibi

 

Alisher Mirzayev 1976 yilda 10 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy – diniy.

 

1993 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga qabul qilinadi va 1997 yilda institutni a’lo darajada tamomlaydi.

 

Mehnat faoliyatini 2002 yildan Toshkent shahridagi “Abdulloh ibn Mas’ud” jome’ masjidi imom noibi vazifasidan boshlagan.

 

2010 yil 30 dekabrdan “Shayx Zayniddin” jome masjidida imom noibi lavozimida ishlab kelmoqda. 

 

 

 

 

 Boyxanov Qosimxon Ismoilovich 

“Shayx Zayniddin” jome masjidi imom noibi

 

Qosimxon Boyxonov 1984 yili Namangan viloyati Uychi tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti o‘rta maxsus.

 

2000 yili Toshkent shahridagi “Ko‘kaldosh” madrasasiga qabul qilinadi va 2004 yili madrasani a’lo darajada tamomlaydi. 

 

Mehnat faoliyatini 2003 yili Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani “Juvon mard” jome masjidida imom noibi vazifasidan boshlagan.

 

2011 yildan “Shayx Zayniddin” jome masjidida muazzin.

 

2014 yildan “Shayx Zayniddin” jome masjidida imom noibi lavozimida ishlab kelmoqda.

 

     

 

 

 

Sobirov Qobiljon Qosimovich
“Shayx Zayniddin” jome masjidi mutavallisi

 

Qobiljon Sobirov 1968 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy.

 

1985 yili Toshkent Davlat chet tillar institutiga qabul qilinadi va 1992 yili institutni a’lo darajada tamomlaydi.

 

2012 yildan “Shayx Zayniddin” jome’ masjidida mutavalli lovozimida ishlab kelmoqda.

 

 

 

ISTIQLOL TUHFASI

  

    Ko‘pni ko‘rgan nuroniy otaxonlaru duolarda mo‘l bo‘lgan halimgina momolarning guvoxligi haqiqatki, “kecha va bugun” orasidagi tariximiz kelajak avlodlarga armug‘on bo‘lca ajab emas. Tarixni bugungi kun bilan qiyoslab fikr yuritish Allohga shukr qilishga undaydigan xulosadir. Bu esa, bugunning yutug‘i haqida ko‘plab gapirsa arziydi, deganidir. Sobiq ittifoq davrida mana bunday masjidlarni to‘ldirib, yoshu qarilar emin erkin ibodatlarini ado etishlari qayoqda edi. Mustaqillikka erishuvimiz sababli ko‘p sohalarda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lgani kabi din sohasida ham ulkan yutuqlarga erishildi.

     Diniy ta’lim muassasalari faoliyatiga katta e’tibor berildi. Diniy adabiyotlar, jurnallar nashri va diniy - ma’rifiy ko‘rsatuvlarning muntazam olib borilishi, shuningdek ta’mirga muxtoj yoki yoroqsiz holatga kelgan masjid binolarini ta’mirlash yoki qaytadan qurishga imtiyozlar berildi. Allomalarimiz, o‘tmishda o‘tgan aziz avliyolar maqbaralari bugungi kunda ta’mirlanib, ko‘rkam holatga keltirildi. Jumladan “Shayx Zayniddin buva” maqbarasi va shu nom bilan yuritiladigan jome’ masjidi haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin.

    Masjidning qadimiy binosi XIX asrning oxirida qurilgan. Mustaqillikkacha bo‘lgan davr mobaynida bir necha marta qayta ta’mirlanib, faoliyat yuritib kelgan. Keyingi yillarda xonaqoh juda ayanchli ahvolga kelib qolgani, zilzila va yomg‘ir suvlari ta’sirida bino devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgan edi.

     1995-1997 yillarda “Shayx Zayniddin buva” masjidi binosi butunlay qayta qurildi. Ko‘kka bo‘y cho‘zib turadigan osmono‘par minora va mahobatli gumbazni boshida ko‘tarib turgan ko‘rkam xonaqoh qurib bitkazildi. Masjid binosi 6000 namozxonga mo‘ljallangan bo‘lib, ikki qanoti ikki qavatli xonaqoh, romli ayvon, tahoratxona, oshxona, mutavalli va imom-xatib xonasidan iborat bir qancha qulayliklar yaratildi.

      Ko‘kcha daxasidan o‘tgan kishi ulug‘vor qubbayu osmono‘par minoraga bir nigoh tashlaydi. Bu ikkisining yonma - yon turishini ko‘rgan kishi ulug‘vorlik va poklik insoniyatning qon tomirida borligini anglaydi va ular sari intiladi. Haqiqatan ham masjid - xonaqox poklik ramzi bo‘lib kelgan. Bunday ramzlar yurtimizning ko‘plab joylarida uchraydi. Shahrimizning Ko‘kcha dahasidagi bu inshootning aynan “Shayx Zayniddin buva” nomi bilan atalishi bejiz emaski, yonginasida joylashgan mahobatli maqbaraning tarix haqida so‘ylashi, Shayx Zayniddin buva qabrini ihota qilib turganidan darak beradi. Uning atrofidagi qabriston esa, bu valiy zotga Alloh bergan nurdan baxra olmoqqa shaydek go‘yo.

    Shayx Zayniddin buvaning otasi bag‘dodlik mashhur so‘fiy, suhravardiya tariqatining rahnamolaridan sanalgan shayx Shahobiddin Suhravardiy (1145 - 1235) bo‘lgan. Tarixdan ma’lumki, shayx Shahobiddin 1215 yili Muhammad Xorazmshoh huzuriga Bag‘dod xalifasi Nosirning (1180 - 1225) elchisi sifatida kelgan. Shayx Zayniddin otasi ta’limotini Toshkentda keng targ‘ib etgan. Uni shayx Zayniddin Kuyi Orifoniy deb ulug‘lashadi. Uning vafotidan so‘ng, qabri ziyoratgohga aylanib, atrofi Orifon deb nom olgan qishloqqa aylangan (XSh asr). XIV asrning 90 - yillarida Amir Temur Toshkentda bo‘lganida qabr ustiga maqbara qurdirgan. XVI asrda uning atrofida Orifon mahallasi bunyod etilgan bo‘lib, u shahar tashqarisida joylashgan. Bu mahalla XIX asrda Shayx Zayniddin buva, keyinchalik Ko‘kcha deb nom olgan. Bu atama “Koxcha”, ya’ni “Qal’acha” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib VI - XI - asr arxeologik yodgorligi bilan bog‘liq Ko‘kcha Oqtepaga nisbatan aytilgan.

    Ko‘kcha aholisi, asosan, ko‘nchilik bilan shug‘ullangan. Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, 1871 yilda dahadagi 695 ustaxonadan 341 tasi ko‘nteri, 218 tasi kosibchilik ustaxonasi bo‘lgan. Ko‘kchada 7 ta xumdon, 22 ta tegirmon, 22 ta objuvoz, 34 ta maktab, 4 ta madrasa (Eshon Bo‘rixo‘ja Saqichmoniy, Shukurxon, Hofiz Ko‘hakiy, Sharafiboy), 60 ta masjid, 14 ta qadamjo - mozorlar (Langar ota, Yalang‘och ota, Vaqqos ota, Qo‘ychi mozor va h.k.) bo‘lib, shundan eng mashhuri Shayx Zayniddin buva maqbarasi hisoblanadi.

     Istiqlolimiz sharofati bilan bu maqbara va masjidning bugungi kundagi mahobati nafaqat yurtimizdan balki, dunyoning turli o‘lkalaridan kelgan mehmonlarning ham diqqat e’tiborini tortmoqda.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li  

 

 

                                                                                                                      

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216327
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24552
  • 19005
  • 12793
  • 15756