Shayx Abdulaziz Mansur: "Umrni behuda ishlar, gaplar bilan yoki g‘aflat bilan o‘tkazmaslik kerak"
11.8.2016 10346

1. Assalomu alaykum Shayx hazratlari, insonga berilgan umr deganda nimani tushunasiz? 

Bismillohir Rahmonir Rahim. Umr bu – Alloh taoloni har bir bandasiga o‘lchab bergan bir muddatidir. Inson dunyoga kelganidan keyin necha yil umr ko‘rishini o‘zi bilmaydi, bu g‘ayb ilmi bo‘lib, uni Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi. Aslida Alloh bandaga umrni nima uchun bergan? Alloh taolo umrni bandaga oxirat uchun bir zaxira, zodu rohila tayyorlab olish uchun berdi. Vaqtinchalik sinov muddatidan iborat bo‘lgan bu dunyo o‘tkinchidir, abadiy, haqiqiy dunyo bu – oxiratda bo‘ladi. Oxiratda endi o‘lim yo‘q. Qilgan ishlarimizga qarab Alloh taolo oxiratda ajru savoblar beradi yoki jazo beradi. Umr bu – bir yashab o‘tib ketadigan va keyin yo‘q bo‘lib qoladigan narsa emas. Insonni Alloh yaratibdimi, endi bu mavjudot abadiy, vafot etishi ham vaqtinchalik, oxiratda yana tiriladi, abadiy hayot boshlanadi. Shuning uchun bu umrni g‘animat bilish kerak. Mana shu berilgan umrdan unumli, ijobiy foydalanib olish kerak. 
    Umrning har bir daqiqasi g‘animat. Umrni behuda ishlar, gaplar bilan yoki g‘aflat bilan o‘tkazmaslik kerak. Inson shu dunyoda ham baxtli bo‘lishi uchun, oxiratda ham saodatmand Allohning bandalari qatoridan joy olishi uchun berilgan aziz umrning qadrini bilib, faqat foydali narsalarga, o‘ziga bu dunyoda ham, oxiratda ham foydasi tegadigan ezgu ishlarga sarf qilishi kerak. 


2. Inson qancha umr kechirgani bilan emas, balki qanday umr kechirgani bilan qadrlidir. Shunday emas-mi? 

Darhaqiqat, buyuk ajdodlarimizning asarlarini o‘rganib chiqishga bir kishining emas, balki o‘nlab kishilarning ham umri yetmaydi. Afsuski, ular ellik yo oltmish yoshning o‘rtasida yashab ijod qilganlar. Tabobatning piri, inson salomatligini saqlash bo‘yicha yozgan nodir manba “Tib qonunlari” nomli asarini yozgan, bir qator falsafiy asarlarni bizga meros qilib qoldirgan Abu Ali ibn Sino ham ozgina yashagan umrida bir qator ulug‘ ishlarni qildi. Ajdodlarimiz berilgan umrdan juda ham unumli foydalana olishgan. Ular umrining biror daqiqasini behuda, bekorga o‘tkazmaganlar. Imom Buxoriy hazratlari to‘g‘risida bunday rivoyat keladi. Har kecha Imom Buxoriy kechalari bilan shamning yorug‘ligida ilm olishlarini qo‘shnilaridan biri kuzatib turar ekan. Sham isrof bo‘lmasligi uchun tafakkur qilib o‘ylayotgan vaqtlarida shamni o‘chirib qo‘yib, ilhom kelganda yana shamni yoqib kerakli bo‘lgan narsalarni qog‘ozga ko‘chirar ekanlar. Qo‘shnilari guvohlik berib aytadiki, men bir kechada Imom Buxoriyni yetmish besh marta shamni yoqib o‘chirganlarini sanab turdim. Qarangki, bizning ajdodlarimiz hatto kechalarini ham behudaga sarflamaganlar. Biz bu kabi buyuk ajdodlarimizdan namuna olib yashashimiz kerak. 


3. Ustoz, shogird va muxlislaringizga vaqtning qadriga yetish borasida firk-mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz. 

Albatta, inson umri o‘tib, yoshi ulug‘ bo‘lib borgani sari juda ko‘p hayotiy tajribalarga ega bo‘lib boradi. Shaxsan men o‘zimning hayotimni qisqacha tahlil etadigan bo‘lsam, o‘tgan umrimni hisob-kitob qilib, o‘zimga-o‘zim ko‘p hisobot beraman. Qani qanday ishlarni amalga oshirdim, umrimning ko‘p qismi isrof bo‘lmadimikin, degan savollarni beraman. Afsuski, Alloh taoloning menga bergan umrining har bir daqiqasini behuda o‘tkazmadim deb ayta olmayman. Chunki bu juda ham mushkul ish. Oilaning o‘ziga yarasha tashvishi bo‘ladi, inson faqatgina ijod bilan mashg‘ul bo‘la olmaydi, inson oila quradi, farzandlarni tarbiya qiladi, ularning ta’minoti erkak kishining yelkasiga yuklatilgan vazifalardan. 
   Shuningdek, hayotda insonning sinovli kunlari bo‘ladi, turli xil noqulayliklar, shart-sharoitlarning bo‘lmasligi tufayli ham inson ko‘plab vaqti, umrini behudaga o‘tkazib yuborishi mumkin. Birgina misol, istiqloldan oldingi yillarda bugungidek ilmiy-ijodiy ishlar uchun imkoniyatlar yo‘q edi. Xususan, diniy asarlar yozishga ruxsat yo‘q edi. Afsuski, bu yillar muhim bo‘lmagan ba’zi ishlar bilan ham mashg‘ul bo‘lishga to‘g‘ri kelgan. Bugun istiqlol sharofati bilan bizlarga juda katta imkoniyatlar tug‘ildi. Ayniqsa, ilm yo‘lida yurishni maqsad qilgan kishilarga ko‘plab sharoitlar yaratildi. Endi mana shu sharoit hamda imkoniyatlarni ham qo‘ldan boy berish mutlaqo to‘g‘ri bo‘lmaydi. 


4. Shayx hazratlari, ba’zi insonlarni “vaqt tez o‘tmoqda”, deb shikoyat qilayotganlarining guvohi bo‘lamiz. Aslida inson o‘z umrini barakali yashab o‘tishi uchun qanday yashashi lozim. 

Vaqt tez o‘tyapti, deb aytish majoziy gapdir. Zero, vaqt hech qachon tezlashmaydi ham, sekinlashmaydi ham. Faqat inson zerikarli hayot kechirayotgan bo‘lsa, vaqt sekin o‘tayotganga o‘xshab ko‘rinadi. Doimo foydali ishlar bilan band bo‘lgan inson uchun esa vaqt tez o‘tadi. Bu haqda bir rivoyat keladi. Qadimda bir boy bo‘lib, qo‘l ostida bir qancha ustalarni ishlatar ekan. Xayolida bir zumda kech kirib qolib, ishchilarni ozgina ishiga ham ko‘p haq to‘layotgandek bo‘libdi. Shunda maslahat so‘rab bir dono do‘stining huzuriga borib: “Darrov kech kirib qolyapti, har kuni mardikorlarga men haq to‘layapman, nazdimda pullarim bekorga ketayotganga o‘xshaydi, vaqtni uzaytirishning yo‘li bormi?” dedi. Do‘sti boyga qarab: “Albatta bor, vaqtni cho‘zsa bo‘ladi, kechgacha sen ustalarni rosa ishlatib olasan, hatto, qachon kech kiradi, deb o‘zing muntazir bo‘lasan”, dedi. “Aynan shu narsa menga kerak edi, do‘stim, uni menga o‘rgat”, dedi boy o‘z do‘stiga qarab. Do‘sti uning uchun katta bir charxpalak yasab, ustalar ishlaganda sen sekin uni aylantirsang vaqt uzayadi, dedi. Baxil boy bunga rozi bo‘lib, charxpalak yasattiradi, charxpalak tayyor bo‘lgach, uni aylantirishga kirishadi. Buni qarangki, bir yo yarim soat o‘tgandan so‘ng toliqqan boy “E, qachon kech kirar ekan”, debdi. 
    Chindan ham, ko‘pchilik vaqtni tez o‘tayotganini ta’kidlamoqdalar, buning boisi bugun odamlarni biror ish bilan band ekanliklaridir. Ularning aksariyati turli xil chalg‘ituvchi narsalar bilan band bo‘lib qolganlar. Oldinlari hayot juda sodda bo‘lgan, odamlarni chalg‘itadigan, ularning vaqtlarini bekorga ketkazadigan narsalar kam bo‘lgan. Hozirgi kunda birgina qo‘l telefoni bor odam bir o‘zi ertalabdan to kechgacha zerikmasdan kunni o‘tkazishi mumkin bo‘lib qoldi. Shunday ekan, biz bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda, vaqtimizdan unumli foydalanishimiz kerak. 


5. Afsuski, bugungi kunda ba’zi yoshlar telefon va shu kabi axborot vositalariga bog‘lanib qolib, mukkasidan ketgan holda umrlarini zoye qilayotganlarini guvohi bo‘lmoqdamiz. Ayting-chi ustoz, bu kabi muammoning yechimi nimalardan iborat va ularga nisbatan sizning munosabatingiz? 

Albatta, bu barchamiz uchun tashvishli holatdir. Yoshlar masalasi, ularning muammosi hamisha dolzarb hisoblanadi. Shuning uchun bunga befarq qarash to‘g‘ri kelmaydi. Ta’kidlab o‘tish lozimki, OAVning bugungi kunda rivojlanib borishi bir tomondan quvonchli holat. Avvallari yillar davomida yetib keladigan xabarlardan endilikda bir zumda xabardor bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Lekin internet, undagi ijtimoiy tarmoqlarning soni nihoyatda ortib ketdi. Afsuski, ular orasida salbiy mazmundagilari ko‘p qismni tashkil etadi. Xo‘p, bu muammoni yechish uchun nima qilmoq kerak? Avvalo, ma’lumotlarni yaxshi va yomonga ajratib olish lozim. Agar inson internetdagi barcha ma’lumotlarni o‘qib, tomosha qilib chiqaman desa bunga uning umri yetmaydi, bekorga vaqtini isrof qilgan bo‘ladi. 
    Shunday ekan, internetdan faqat o‘ziga foydasi bo‘ladigan ma’lumotlardan foydalanishi kerak. Hatto foydali narsalarni izlaganingizda ham ba’zi fahshga oid yoki umuman kerak bo‘lmagan ma’lumotlar ham uchrab turadi. Bunday hollarda qanday yo‘l tutish kerak? Internet, OAV vositalaridan foydalanishni chetga surib qo‘yish kerakmi yo shunda ham foydalanish kerakmi, degan savol muhim hisoblanadi. Barcha makon va zamonlarda insoniyatni ikki dunyo saodatiga boshlovchi dinimiz Islom dini bu kabi muammolarning yechimini bundan bir ming to‘rt yuz yildan ortiq davr ilgari e’lon qilib qo‘ygan. Xususan, bu haqda Alloh taolo o‘zining kalomi Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “(Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur, 30). 
    Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlarining muborak hadislaridan birida “Hoy Ali, birinchi nazarga ikkinchisini ergashtirma. Ikkinchisi seni ziyoninggadir”, dedilar (Abu Dovud, Termiziy rivoyati). 
    Mana qarangki, mo‘min-musulmonlar shunday baxtiyor insonlarki, ular uchun hayotlarini barcha jabhalarini o‘z ichiga qamrab olgan dasturul amallari bor, bu dastur ularni ikki dunyo saodati sari yetaklashga xizmat qiladi. Demak, internet yoki boshqa OAVdan foydalangan vaqtimizda dinimiz qaytargan biror yolg‘on xabar, sharmsiz rasm yoki behayo lavhalarga duch kelganimizda darhol bu kabi ma’lumotlarni tark etishimiz lozim bo‘ladi. Chunki bugungi kunda agar internetda sharmsiz, behayo narsalar ko‘p deb undan foydalanishni butkul tark etadigan bo‘lsak, zamondan ortda qolishimiz tabiiydir. Shunday ekan, endilikda iroda, tarbiyani mustahkam qilish kerak. Yoshlarni internetda uchragan buzuq ma’lumotlarga nisbatan bu narsa gunoh, uyat deb aqli va qalbi bilan tahlil qiladigan, bu kabi xabarlarga parvo qilmaydigan, qalbi va dilini bermaydigan qilib tarbiyalash lozim. 
    Alloh taolo tinchlik, xotirjamlik, osoyishtalik yurtida, diyorimizdagi farovonlikning shukronasini qilib, umrimizni g‘animat bilib, aziz umrimizni faqat ezgulikka, yaxshilikka, o‘zimizga va boshqalarga manfaat yetkazishda sarf qilib borishimizni nasib etsin. 
    Farzandu zurriyotlarimiz ham rushdu hidoyatli, ilmu hikmatli, kasbu-hunarli bo‘lib, oilasiga, Vataniga, qolaversa, butun insoniyatga manfaati tegadigan yoshlardan bo‘lishlarini Alloh muvaffaq etsin. 

 

Davron NURMUHAMMAD suhbatlashdi. 
Shahzod ShOMANSUROV suratga oldi.

 

 

Manba: www.muslim.uz 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216823
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24586
  • 19050
  • 12825
  • 15792