Inomov Ibrohim domla: O‘tgan 25 yil ichida birgina diniy sohaning o‘zida mingdan ziyod islohotlar amalga oshirildi
14.9.2016 9301

O‘zbekiston musulmonlari raisi o‘rinbosari Inomov Ibrohim domla bilan suhbat 

 

---Mustaqillikdan oldin xalqimiz 70 yil davomida daxriylik g‘oyasi tuzumi ostida yashadi. Ilm ma’rifatga intilgan, buyuk madaniyatga ega bo‘lgan, o‘z urf – odatlarini muqaddas bilgan xalqning masjidu madrasalari sobiq sho‘rolar davriga kelib omborxonalarga aylantirildi. Milliy o‘zligimizni anglashga bo‘lgan intilishimiz johilona inkor etildi. Shu bois, bugungi osuda kunlarimizning har bir soniyasiga shukrona aytsak ham oz. Shunday emas-mi, domla? 

 

    Alloh taoloning inoyati ila davlatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklarida jannatmakon yurtimizni tinchligi, ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun behisob, son-sanoqsiz, xayrli ishlar bajarildi. 
Bugun bu islohotlarga butun dunyo hamjamiyati tan berib, tasannolar aytmoqda. Sababi nimada? Boisi – yuqorida zikr etilgan barcha xayrli tadbirlar mamlakatimizning birinchi muhtaram Prezidenti «Savob ishni har kuni qilish kerak, har kim qilishi kerak!» shiorlari ostida bo‘layotgan bo‘lsa, ne ajab! 
   Bu kabi islohotlar, o‘zgarishlar soni birgina diniy sohaning o‘zida son-sanoqsiz darajada ko‘p! Alloh taoloning marhamati bilan hukumatimiz tomonidan muqaddas dinimiz Islom dini ravnaqi, masjidlarimiz obodligi va har bir mo‘min-musulmonning ibodati uchun yaratib berilayotgan bunday sharoitlarga qancha shukr qilinsa, shuncha oz bo‘ladi! Zero, Janob Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilganlar: «Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qila olmagan odam, bilingki, Hudoga ham shukr qilmaydi». 
   Imom-xatiblarimiz dunyoning qator mamlakatlarida o‘tkazilayotgan turli xalqaro anjumanlarda faqat ishtirok etib, nufuzli xalqaro minbarlardan turib ma’ruzalar qilibgina qolmasdan, borgan davlatlaridagi telekanallarda ham eng yuqori saviyada chiqishlar qilib, joylardagi xalqini ham, hukumatini ham mexrini qozonib, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritib kelishlari – bularning barchasi dinimizga davlatimiz tomonidan bo‘layotgan katta e’tibor, cheksiz hurmat, ulug‘ ehtirom va beqiyos g‘amxo‘rlikdir. 
   Amerika Qo‘shma Shtatlari, Rossiya Federatsiyasidek davlatlarning taklifiga binoan u yerlardagi musulmonlarga Muborak Ramazon oyida taroveh namozlari, juma namozlari va hayit namozlarida dinimiz rukn-arkonlarini tushuntirib, shariatimiz ahkomlarini izohlab berishlari o‘z navbatida bizni yurtimizdagi diniy masalalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasining yorqin isboti ekanligini har qanday aql-zakovatli inson tushunib yetadi. 
   "Biz mustaqilliknigina emas, tilimizni, dinimizni, butun ma’naviyatimizni yo‘qotish darajasiga yetgan edik. Na Chor hukumati, na qizil imperiya saltanati Turkiston xalqlarining taraqqiy topishini hech qachon istagan emas. Yer osti va yer usti boyliklari adadsiz, tuproqlari hosildor, tabiati jannat misol bu o‘lka halol, ochiq ko‘ngil, mehmon do‘st va ayni paytda mehnatkash xalqi bilan birgalikda mustamlakachilik azobini tortib keldi" – deb ko‘p bora ta’kidlagan O‘zbekiston Respublikasining birinchi davlat rahbari. 
  Chindan ham "biz mustaqilliknigina emas, tilimizni, dinimizni, butun ma’naviyatimizni yo‘qotish darajasiga yetgan edik". Demak, endi, muhtaram azizlar, biz mustaqilligimizni, tilimizni, dinimizni, butun ma’naviyatimizni qadriga yetaylik! 

---Ko‘p narsa qiyosiy tahlilda oydinlashadi. Sobiq tuzum sharoitida yurtimiz aholisining turmush tarzi jihatidan eng qoloq respublikalardan biri edi. Tilimiz, dinimiz, milliy va diniy qadriyatlarimiz tahqir ostida edi. Tariximizga, buyuk ajdodlarimizdan qolgan ilmiy va ma’naviy merosga nopisandlik bilan qaralardi. 

 

    "Biz kim edik-u, kim bo‘ldik?" pur hikmatli va serqirrali, dono savolni kichik bir qirrachasiga diniy masala nuqtai nazaridan yondashib ko‘raylik. O‘tgan 25 yil ichida yurtimizda birgina diniy sohaning o‘zida mingdan ziyod islohotlar amalga oshirildi. Ularning hammasini birma-bir yoritib o‘tishlik uchun bir necha yillar kerak bo‘ladi. Shu sababdan istiqlol sabab erishilgan yutuqlarning ba’zilarini tahlil qilib chiqaylik. 

Oldin: Istiqloldan avval sobiq Konstitutsiyaning birgina 50-moddasida vijdon erkinligi kafolatlangan bo‘lib, u ham hayotiy amalda emas, balki faqatgina qog‘ozda yoritilgan edi. 

Hozir: Mustaqil Vatanimizda diniy e’tiqod va vijdon erkinligi Bosh qomusimiz – Konstitutsiyamizning bir qator 18, 31, 57, 61 moddalari hamda «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonun bilan kafolatlandi va hayotda ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. 

Oldin: Shahar, qishloqlarda ko‘chalardagi hamda tashkilot, korxona va idoralardagi yoritilgan yozuvlarda dinsizlikka qaratilgan iboralar bitilgan edi. 

Hozir: Respublikamizning hamma katta-kichik shaharlarida, eng olis qishloqlarining ko‘chalarida hamda tashkilot, korxona va idoralarda ham muqaddas Islom dinimizning bosh manbasi – Qur’oni karim oyatlarining mazmunlari, Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning Hadisi shariflari, buyuk allomalarimizning ibratli so‘zlari eng ko‘rkam joylarda zamonaviy uslublar va moslamalar orqali xalqimizni milliy va diniy qadriyatlarga undamoqda. 

Oldin: Kundagi oddiy hayotda « Bismillohir Rahmonir Rahim», «Hudoga shukur», «Hudo xohlasa», «Hudo rahmat qilsin!», «Joylari jannatda bo‘lsin» degan iboralarni so‘zlab qo‘ysa, «dinga tashviqot qildi», deb «qora ro‘yxat»ga kiritilib, ta’qib qilinar edi. 

Hozir: Necha yillar davomida o‘z milliy va diniy qadriyatlaridan bebahra qolib ketgan chanqoq xalqimizga davriy matbuot nashrlar, milliy va mahalliy telekanallar, radioeshittiruvlarda diniy, ijtimoiy, ma’naviy-madaniy ma’lumotlar berilmokda. Respublikamiz bo‘ylab qorilar musobaqalari uzluksiz o‘tkazilmoqda. Har yili imom-xatiblar ichida tuman, shahar, viloyat va Respublika bosqichlaridan iborat «Yilning eng yaxshi imomi» ko‘rik tanlovlari kizg‘in o‘tkazilib, g‘oliblar muborak Haj safariga, Umra ziyoratiga borish sharafiga muyassar bo‘lish birga, qimmatbaxo sovg‘alar bilan ham taqdirlanmoqdalar. 

Oldin: Diniy xodimlar, xususan, imom-domlalar, otinoyilar ta’qib ostida bo‘lganlar. 

Hozir: Oliy diniy ma’lumot, boy tajriba, ham diniy, ham dunyoviy bilimlarga ega bo‘lgan malakali imom-xatib va otinoyilarimiz dinimiz ko‘rsatma hamda arkonlarini emin-erkin har juma ma’ruzalari, mahallalarda o‘tkaziladigan turli yig‘inlarda, xalqimizning marosimlari va tadbirlarda batafsil va atroflicha izohlab, ommaga yetkazib tushuntirib, milliy va diniy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etmoqdalar. 

 

    Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida mamlakatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarda Alloh taolo madadkor bo‘lsin! Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, mustaqilligimizni abadiy qilsin! 
    Xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayz, baxt-saodat, to‘kin-sochin dasturxonlar ato etsin! Dehqonlarimiz va kasb-korlarimizga xayr-baraka berib, ishlarimizda ko‘pdan-ko‘p omadlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin! 



Davron NURMUHAMMAD suhbatlashdi

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216302
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24550
  • 19003
  • 12792
  • 15756