Ассалому алейкум
Mavzu:

Qiblaga oyoq uzatib uxlash hukmi 27.09.2017

Savol:

Assalomu alaykum, hurmatli qori aka! Men qiblaga oyoq uzatish va qiblaga oyoq uzatib uxlash hukmi qandayligini bilmoqchi edim. Yana masjidda o‘tirish odobi haqida ma’lumot bersangiz. Javobingiz uchun oldindan rahmat!

Bo`lim Odob-axloq
24830
Javob:

Va alaykum asssalom. Qibla Islomning shiorlaridan biridir. Qibla musulmon banda namozda yuzlanadigan, duoda muborak yuzini qaratib, Allohga iltijo qiladigan tarafdir. Shu sabab qiblaga qarab oyoq uzatish, katta yoki kichik hojat chiqarish, tupurish durust emas. Qiblaga qarab hojat chiqarish mumkin emasligi haqida rivoyatlar ko‘p keltirilgan. Quyida shularning ba’zilarini ko‘rib chiqamiz.

 

عَنْ أَبِي أَيُّوبَ الأَنْصَارِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ:قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِذَا أَتَى أَحَدُكُمْ الْغَائِطَ فَلاَ يَسْتَقْبِل الْقِبْلَةَ وَلاَ يُوَلِّهَا ظَهْرَهُ شَرِّقُوا أَوْ غَرِّبُوا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَصْحَابُ السُّنَنِ وَأَحْمَدُ وَابْنُ حِبَّانَ وَالدَّارَقُطْنِيُّ.

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar birontangiz hojatxonaga borsa, qiblaga yuzalanmasin va u tomonga orqasini ham o‘girmasin, balki sharqqa yoki g‘arbga yuzlaninglar” (Buxoriy, Muslim, Sunan sohiblari, Ahmad, Ibn Hibbon va Doraqutniy rivoyati).

Ushbu hadisda qazoi hojat paytida qiblaga yuzini yoki orqasini qilmaslik kerakligi ta’kidlanmoqda. Bu narsa hojatxona odoblarining eng asosiylaridan biridir.

Rivoyatdagi “balki sharqqa yoki g‘arbga qarab yuzlaninglar” jumlasi Madina ahliga tegishli. Ular shu tarafga qarab o‘tirsalar, qibla yon tomonlarida bo‘ladi. Boshqa yurtlarda qibla aynan sharq yoki g‘arb tomonda bo‘lishi mumkin. Ular bu hadisning zohiriga emas, balki mohiyatiga amal qilishlari kerak bo‘ladi.

 

وَعَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: رَقِيتُ عَلَى بَيْتِ أُخْتِي حَفْصَةَ فَرَأَيْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَاعِدًا لِحَاجَتِهِ مُسْتَقْبِلَ الشَّامِ مُسْتَدْبِرَ الْقِبْلَةِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ ومُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ.

Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Men opam Hafsaning uyiga bordim va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yuzlarini Shom tarafga va orqalarini qiblaga qaratib hojat chiqarayotganlarini ko‘rdim” (Buxoriy, Muslim, Termiziy va Ahmad rivoyati).

Bu rivoyat haqida turli fikrlar aytilgan. Jumladan, Ibn Umar ko‘rgan holat bino ichida bo‘lgan yoki bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘zlariga xos, degan talqinlar bor. Ba’zilar: “Agar hojatxona bino shaklida bo‘lsa, u yerda yuzni qiblaga qaratish yoki u tomonga orqa o‘girishning zarari yo‘q”, deyishgan. Lekin, afzali, xoh ochiq joyda bo‘lsin, xoh bino ichida bo‘lsin, hojat chiqarish uchun qiblaga yuzlanmaslik yoki orqani qaratmaslikdir. Hojatxona qurayotganda shu jihatni e’tiborga olish lozim.

Hanafiylardan boshqa jumhur ulamolar fikricha, qazoi hojat uchun moslab qurilgan bino ichida qiblaga oldi yoki orqasini qilib o‘tirish makruh emas. Bunga ular mana shu va boshqa rivoyatlarni dalil qilganlar.

Shu kabi rivoyatlar ulamolar tomonidan bu bobda turli fikrlar aytilishiga sabab bo‘lgan[1].

Imom Navaviy “Sahihu muslim”ga yozgan sharhida shunday deydi: “Ulamolar qiblaga yuzlanib hojat chiqarish hukmi borasida turli fikrlar aytishgan:

Birinchisi. Ochiq joyda qiblaga yuzlanib hojat chiqarish harom, bino ichida bo‘lsa, joiz. Bu Shofe’iy va Molik fikri. Abbos ibn Abdulmuttolib, Abdulloh ibn Umar, Sha’biy, Ishoq ibn Rohvayh va Ahmad ibn Hanballardan shunday rivot qilingan.

Ikkinchisi. Xoh ochiq joyda, xoh bino ichida bo‘lsin, bu ish nojoiz. Bu Abu Ayyub Ansoriy, Mujohid, Ibrohim Naxa’iy, Sufyon Savriy va Abu Savrlar fikri.

Uchinchisi. Ochiq joyda ham, bino ichida ham qiblaga yuzlanib hojat chiqarish joiz. Bu Urva ibn Zubayr, Molikning shayxi Robiy’a va Dovud Zohiriylar fikri.

To‘rtinchisi. Ochiq joyda ham, bino ichida ham qiblaga yuzlanib hojat chiqarish mumkin emas, ammo u ikkisida orqa o‘girib o‘tirish joiz. Bu Abu Hanifa va Ahmaddan qilingan ikki rivoyatdan biri”.

Yuqorida keltirilgan fikrga hadisi shariflarda dalillar bor. Imom Navaviy Molik va Shofe’iylar fikrini ma’qul ko‘rgan. Shuningdek, Ibn Hajar ham shu fikrni afzal deb bilgan va: “Ularning fikri eng adolatlisi”, degan. “Tuhfatul-ahvaziy” muallifi: “Mening fikrimcha, ochiq joyda ham, bino ichida ham qiblaga yuzlanib hojat chiqarish mumkin emas, deganlar fikri eng afzal va eng kuchlisidir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam belgilab bergan chegaraga ko‘ra, qibla tarafga yuzlanib ham, u tomonga orqa o‘girib ham hojat chiqarish mumkin emas. Bu narsa mutloq, bino va ochiq joyning farqi yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu hukmni ummatlari uchun ham o‘zgartirmaganlar”, degan. Biz ham shu fikrga qo‘shilamiz[2].

Yuqorida qiblaga yuzlanib hojat chiqarish hukmini o‘rgandik. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, o‘tirganda qiblaga oyoq uzatish, qiblaga oyog‘ini uzatib uxlash odobdan emas. Agar katta yoshli kishilarning oyoqlarida uzrlari bo‘lsa, hechqisi yo‘q. Ammo shunda ham odob yuzasidan qiblaga oyoq uzatmaslik afzal. Yana Alloh bilguvchiroqdir.

[1] Ibn Hajar bu hadis haqida: “Bu rivoyatdan hujjat olishga shoshilmaslik kerak. Sababi bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari qilgan ish, umumiy emas. Bu holat uzr sababidan yoki bino ichida bo‘lgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas”, degan.

[2] Shavkoniy “Naylul-avtor”da: “Eng adolatli hukm bu ishning mutloq mumkin emasligi, shubhasiz harom ekanidir”, degan. Yana ko‘plab ulamolar qibla tomonga qarab hojat chiqarish mutloq joiz emasligini bayon qilishgan.

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216032
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
Qiblaga oyoq uzatib uxlash hukmi 27.09.2017

Assalomu alaykum, hurmatli qori aka! Men qiblaga oyoq uzatish va qiblaga oyoq uzatib uxlash hukmi qandayligini bilmoqchi edim. Yana masjidda otirish odobi haqida malumot bersangiz. Javobingiz uchun oldindan rahmat!

24830