Ассалому алейкум
Mavzu:

Ipak aralashgan liboslarni kiyish mumkinmi? 24.09.2017

Savol:

Assalomu alaykum. Ma’lumki, musulmon erkaklar ipak matodan qilingan liboslarni kiyishlari mumkin emas. Ammo, agar paxta yoki shu kabi matolardan tayyorlangan liboslarning ba’zi qismlari ipakdan qilingan bo‘lsa, buning hukmi qanday bo‘ladi?

Bo`lim Ijtimoiy masalalar
7812
Javob:

Va alaykum assalom. Toza ipak mato yoki undan tikilgan liboslar faqat ayollarga joiz. Bunga quyidagi rivoyatlar dalil qilingan.

 

عَنْ عَلِيِّ بْنِ أَبِي طَالِبٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: إِنَّ نَبِيَّ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَخَذَ حَرِيرًا فَجَعَلَهُ فِي يَمِينِهِ وَأَخَذَ ذَهَبًا فَجَعَلَهُ فِي شِمَالِهِ ثُمَّ قَالَ: إِنَّ هَذَيْنِ حَرَامٌ عَلَى ذُكُورِ أُمَّتِي. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ وَأَحْمَدُ وَابْنُ حِبَّانَ وَالْبَيْهَقِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ لِغَيْرِهِ.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam ipakni o‘ng qo‘llariga, tilloni chap qo‘llariga olib, “mana shu ikkisi ummatimning erkaklariga haromdir”, dedilar” (Abu Dovud, Nasoiy, Ahmad, Ibn Hibbon va Bayhaqiy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih lig‘oyrihiy).

Mana shu ikki ziynat narsa muslima ayollar uchun haloldir. Erkaklar tillo va ipakni ishlatishlari joiz emas.

 

عَنْ أَبِي مُوسَى أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أُحِلَّ الذَّهَبُ وَالْحَرِيرُ لإِنَاثِ أُمَّتِي وَحُرِّمَ عَلَى ذُكُورِهَا. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ وَأَحْمَدُ وَعَبْدُ الرَّزَّاقِ وَابْنُ الْمُنْذِرِ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Oltin va ipak ummatimning ayollariga halol qilindi, (bu ikkisi) ummatimning erkaklariga harom qilindi”, deganlar (Nasoiy, Ahmad, Abdurazzoq va Ibn Munzir rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

Tillo va ipak ba’zi holatlarda erkaklar uchun joiz bo‘ladi. Jumladan, erkaklarga tillo tish qo‘ydirish va teri kasalliklari vaqtida ipak matodan libos kiyishga ruxsat etiladi.

 

عَنْ قَتَادَةَ عَنْ أَنَسٍ قَالَ: رَخَّصَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لِلزُّبَيْرِ وَعَبْدِ الرَّحْمَنِ فِي لُبْسِ الْحَرِيرِ لِحِكَّةٍ بِهِمَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَحْمَدُ وَالْبَيْهَقِيُّ.

Qatoda Anasdan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam Zubayr va Abdurahmonda qichiqma kasalligi bo‘lgani sabab ularga ipak libos kiyishga ruxsat berdilar” (Buxoriy, Muslim, Ahmad va Bayhaqiy rivoyati).

Bunday kelib chiqadiki, ba’zi teri kasalligiga uchragan bemorlar vaqtincha, kasallikdan forig‘ bo‘lgunlaricha ipak libos kiyishlari mumkin bo‘ladi. Sababi bunda dag‘al matodan qilingan kiyim teriga zarar keltirishi mumkin.

Abu Yusuf va Muhammadlar nazdida erkaklar urush vaqtida ipak liboslar kiyib yurishlari joiz. Sababi bunda u ziynat yoki maqtonchoqlik uchun emas, balki hojat uchun kiyiladi. Zero, urushda kibrlanish uchun libos kiyilmaydi.

Hanafiy va shofe’iylar nazdida ipakdan bo‘lmagan libosga to‘rt barmoq yoki undan kam miqdorda ipakdan belgi qilinishi joizdir.

 

عَنْ سُوَيْدِ بْنِ غَفَلَةَ أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ خَطَبَ بِالْجَابِيَةِ فَقَالَ: نَهَى نَبِيُّ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ لُبْسِ الْحَرِيرِ إِلاَّ مَوْضِعَ إِصْبَعَيْنِ أَوْ ثَلاَثٍ أَوْ أَرْبَعٍ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَحْمَدُ وَابْنُ حِبَّانَ وَالْبَيْهَقِيُّ.

Suvayd ibn G‘afaladan rivoyat qilinishicha, Umar ibn Xattob kishilar orasida xutba qilib, “Allohning Payg‘ambari sollallohu alayhi va sallam ipak libos kiyishdan qaytarganlar. Illo ikki barmoq yoki uch barmoq yoki to‘rt barmoq miqdoricha bo‘lsa (bo‘ladi)”, degan (Muslim, Ahmad, Ibn Hibbon va Bayhaqiy rivoyati).

Ipakdan bo‘lmagan libosga ipak belgi qilinsa, ipak libos hukmida bo‘lmaydi. Sababi bu belgi kiyimga tobe’ hisoblanadi.

 

عَنْ عِكْرِمَةَ عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: إِنَّمَا نَهَى رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ الثَّوْبِ الْمُصْمَتِ مِنْ الْحَرِيرِ فَأَمَّا الْعَلَمُ مِنْ الْحَرِيرِ وَسَدَى الثَّوْبِ فَلاَ بَأْسَ بِهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالْبَيْهَقِيُّ وَهَذَا حَدِيثٌ صَحِيحٌ.

Ikrima Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam toza (biron narsa aralashmagan) ipakdan (qilingan) libos(ni kiyish)dan qaytarganlar. Ammo belgi yoki kiyimning o‘rimlari ipakdan qilingan bo‘lsa, hechqisi yo‘q (Abu Dovud va Bayhaqiy rivoyati. Bu hadis sahih).

Demak, libosdagi ba’zi belgi, kichikroq gullar ipakdan qilingan bo‘lsa, zarari yo‘q ekan. Ammo libosning aksar qismi ipakdan bo‘lsa, bunday kiyimni musulmon erkak kiyishi joiz bo‘lmaydi.

Shunga ko‘ra, ipak mato va liboslarni ayollarga sotish joiz, erkak mijozlarga sotish joiz emas. Sotuvchi ayol yoki erkak bo‘lishining farqi yo‘q. Vallohu a’lam.

 

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216834
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
Ipak aralashgan liboslarni kiyish mumkinmi? 24.09.2017

Assalomu alaykum. Malumki, musulmon erkaklar ipak matodan qilingan liboslarni kiyishlari mumkin emas. Ammo, agar paxta yoki shu kabi matolardan tayyorlangan liboslarning bazi qismlari ipakdan qilingan bolsa, buning hukmi qanday boladi?

7812