Tog‘ut deb kimlarga aytiladi? 18.09.2017
Savol:Assalomu alaykum, hurmatli Ustoz! Tog‘utlar deb qanday kimsalarga aytiladi?
Bo`lim Boshqa mavzular16917
Va alaykum assalom. “Tog‘ut” so‘zi “shayton”, “jin, inson va sanamlar ichidan Allohga shirk keltiriladigan har qanday shaxs yoki narsa”, “zalolatga yetaklovchi boshliq”, “tug‘yonga ketuvchi zolim” kabi ma’nolarni anglatadi. Qur’oni karimda “tog‘ut” so‘zi asosan “shayton” ma’nosida kelgan. Alloh taolo shunday degan: “Dinga zo‘rlab (kirgizish) yo‘q. (Zero,) haq zalolatdan ajrab bo‘ldi. Bas, kim tog‘utdan (ya’ni, shaytondan) yuz o‘girib, Allohga imon keltirsa, u hech ajrab ketmaydigan mustahkam arqonni ushlabdi. Alloh Eshituvchi, Biluvchidir” (Baqara, 256).
Ushbu oyatda aytilishicha, kim shayton da’vat qiladigan botil narsalardan, shirk va zulmdan tiyilib, Allohga bo‘ysunsa, o‘sha odam to‘g‘ri yo‘lda bo‘ladi.
“Tog‘utdan (shaytondan) – unga ibodat qilishdan yiroq bo‘lgan va Allohga qaytgan zotlar uchun (jannat) xushxabari bo‘lsin!” (Zumar, 17).
Ushbu oyatda but-sanamlarga ibodat qilish va shaytonga itoat etishdan saqlangan, Allohga yuzlangan zotlarga jannat bashorati berilmoqda.
Xullas, tog‘ut deganda, shayton, to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi yoki zolim kimsa tushuniladi.