Qalb “toza” bo‘lsa kifoyami? 11.07.2017
Savol:Assalomu alaykum. Ustoz, hozir menda bir holat ko‘p uchrayapti. Biron kishiga yoki ko‘pchilikka din mohiyatini, namozning ahamiyatini tushuntirsam, ular menga raddiya berib, “qalbda bo‘lsa bo‘ldi” yoki “biz bilan nima ishing bor, topgan gaping shu!” deb tosh otishadi, ustimdan masxara qilishadi. Ularga nima deb javob qaytaray? Duolaringizda bizni ham unutmang!
Bo`lim Ijtimoiy masalalar6472
Va alaykum assalom. Musulmon banda o‘zi Islomga amal qilishi, oxirati obod bo‘lishiga sabab amallarni bajarishi bilan bir qatorda o‘zgalarni ham bu yo‘lga chaqirishi, ularga yaxshilikni ravo ko‘rishi matlubdir. Ammo bu oson ish emas. Odamlarga Islomni tushuntiraman, degan banda ularning qo‘pol so‘zlari, haqoratlariga chidashi ham kerak. Aslida banda odamlarni ogohlantirib qo‘yishi, hidoyatni esa Allohdan so‘rashi kerak. Zero, banda faqat yetkazishga buyurilgan, gumroh kimsani to‘g‘ri yo‘lga solish Allohdandir. Shunday ekan, mo‘min banda dinni odamlarga tushuntirishda sabot va sabr bilan ish tutishi kerak.
“Qalbda bo‘lsa bo‘ldi, amal qilish shart emas”, deydigan kimsalar qalblari toza ekani, namoz o‘qimasalar-da, aroq ichib yursalar-da, ko‘ngillarida kir yo‘qligini bot-bot ta’kidlaydilar. Ammo o‘sha “toza” qalb ularga nima foyda keltirishini o‘zlari ham bilmaydilar.
Inson qalbini toza saqlashga, uni gunohlar nopokligidan ehtiyotlab yurishga buyurilgan. Biz kunda besh mahal o‘qiydigan namoz ruhiy poklanishimizga sabab bo‘ladi. Endi, “men namoz o‘qimasam ham qalbim pok, shuning o‘zi yetarli”, degan odam katta xato qiladi. Uning gapida “namozni faqat qalbi nopoklar o‘qiydi”, degan ma’no bor. Agar shunday bo‘lsa, u holda insoniyatning eng pok va taqvodor vakili bo‘lgan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqlarida nima deyish mumkin?! U zotning ibodatlari, xususan namozlari oldida bizning namozimiz o‘ta qusurlidir. Qolaversa, u zot kunda 100 marta istig‘for ham aytardilar!.. U zot oldilarida biz kim bo‘ldik?!
Demak, “qalbim toza bo‘lsa bo‘ldi, dinga amal qilish shart emas”, deyish mutlaqo noto‘g‘ri. Bu gap bandani Islom jamoasidan chiqib qolishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Agar bir odam sizga shunday desa, u holda siz “qalbing toza ekanini nima bilan isbotlaysan?” yoki “qalbing toza bo‘lib qanday xayrli ish qilding?” deb savol bering. Aslida gunohlardan tiyilib yurgan eng taqvodor banda ham “mening qalbim mutloq toza”, deyishga jur’at etolmaydi. Tavfiq Allohdandir!