Ассалому алейкум
Mavzu:

Ayollarning jannatdagi hayoti qanday bo‘ladi? 08.06.2017

Savol:

   Assalomu alaykum. Jannatdagi ayollar haqida ma’lumotlar kam. Hurlar emas, onalarimiz, opalarimiz, ayollarimizning jannatdagi hayotlari haqida ma’lumot bersangiz!

Bo`lim Ijtimoiy masalalar
20301
Javob:



   Valaykum assalom. Shariatda erkaklarga qilingan xitob ayollarga ham tegishli. Erkaklarga nima amallar buyurilgan bo‘lsa, ayollarga ham o‘sha amal buyurilgan. Erkak va ayollarga bir xilda savob beriladi. Bunda erkak va ayol o‘rtasida farq yo‘q (poklik bobida va ba’zi amallarni ado qilishda ba’zi farqlar bor). Oxiratdagi ne’matlar ham xuddi shunday. Erkaklarga nima va’da qilingan bo‘lsa, ayollar ham o‘sha narsalarga noil bo‘ladilar. Ammo erkaklarga huri iynlar nikohlab qo‘yilishi haqida ko‘p o‘rinlarda xabar qilingan. Shu sababdan bo‘lsa kerak, ko‘pchilikda “ayollarning jufti masalasi nima bo‘ladi?” degan savol tug‘iladi. Bunga quyida imkon qadar javob beramiz.

  Ikrimadan rivoyat qilinishicha, Ummu Umora Ansoriyya Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib, “nimaga qarasam, hamma narsa erkaklar uchun. Ayollar biron narsa bilan zikr qilinganini bilmayman”, deganida, “albatta musulmon erkaklar va muslima ayollar, mo‘min erkaklar va mo‘mina ayollar...” oyati (Ahzob, 35) nozil bo‘ldi(Termiziy, Tabaroniy va Ishoq ibn Rohvayh rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

Mana shu rivoyatda erkaklar uchun va’da qilingan narsalar ayollarga ham tegishli ekani aytilmoqda.

  Alloh taolo O‘zining solih bandalariga jannatda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan, kishi xayoliga kelmagan ne’matlarni muhayyo qilib qo‘ygan. Bu borada erkak va ayol o‘rtasida farq yo‘q. Ikkala toifa vakillari ham o‘sha ne’matlarga erishadilar. Zero, Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin – kimda-kim mo‘min holida yaxshi amallardan qilsa, ana o‘sha kishilar jannatga kirurlar va ularga qilchalik zulm qilinmas” (Niso, 124).

  Boshqa oyatda shunday deyilgan: “Erkakmi, ayolmi – kimki mo‘minlik holida biror yaxshilik qilsa, aynan o‘shalar jannatga doxil bo‘lurlar. U joyda ularga behisob rizq berilur” (G‘ofir, 40).

  Ulamolar ta’kidlashicha, jannatga kirgan erkak va ayollar taom, ichimlik va nikoh bobida turli ne’matlar bilan siylanadilar. Imom Buxoriy hazratlari keltirgan rivoyatda aytilishicha, jannatda bo‘ydoq bo‘lmaydi, hamma nikohlanadi.

Erkaklarga hurlar nikohlanishi ma’lum. Ammo jannatdagi ayollarning nikohlanishi borasida turli fikrlar aytilgan:

1. Agar ayolning dunyodagi eri jannatga tushmay qolsa (yoki muslima ayol turmushga chiqmay vafot etgan bo‘lsa), u holda undan boshqasiga nikohlanadi (ya’ni, turmushga chiqmay vafot etgan muslima jannatdagi juftsiz erkaklarga nikohlanadi).

2. Ayolning eridagi yoqimsiz xususiyatlar yoqimliga, mahbub sifatlarga o‘zgartiriladi (jannat ahlining husnlariga husn qo‘shilib borishi haqida rivoyat naql qilingan).

Yana boshqa toifalar: “Ayol xohlasa, dunyodagi eridan boshqasiga nikohlanishi mumkin”, deb, bunga quyidagi oyatlarni dalil qilishgan:

1. “Ularga u joyda xohlagan narsalari bordir. Bizning dargohimizda yana qo‘shimcha (in’omlar) ham bordir” (Qof, 35).

2. “U joyda ko‘ngillar tilaydigan va ko‘zlar lazzatlanadigan (barcha) narsa bordir. Sizlar u joyda mangu qolursizlar” (Zuxruf, 71).

3. “Sizlar uchun (jannatda) ko‘ngillaringiz tilagan narsalaringiz bordir va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz muhayyodir ” (Fussilat, 31).

Ayollar uchun jannatda juft bo‘lishi haqida zikr qilinmaganiga asosan ikki xil sabab keltiriladi:

1. Ayollar hayoli bo‘lib, bu narsa ular uchun noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

2. Ayollarning erkaklarga bo‘lgan rag‘bati erkaklarning ayollarga bo‘lgan rag‘batichalik emas. Ular asosan zeb-ziynat va liboslarga o‘ch bo‘ladilar...

  Ammo bu narsa jannatda ular uchun juft bo‘lishini inkor qilmaydi. Balki sahih hadislarda kelishicha, jannatda bo‘ydoq bo‘lmaydi, hammaning jufti bo‘ladi.

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qaysi bir ayolning eri o‘lib, undan keyin (boshqasiga) turmushga chiqsa, bas, u oxirgi eri uchundir”, deganlarini eshitganman” (Tabaroniy rivoyati).

Huzayfa roziyallohu anhuning quyidagi rivoyati bu hadisni sharhlaydi.

  Abu Ishoq as-Subay’iy Sila ibn Zufardan rivoyat qilishicha, Huzayfa roziyallohu anhu xotiniga: “Agar jannatdagi xotinim bo‘lishni xohlasang, mendan keyin turmushga chiqma. Zero, ayol jannatda dunyodagi oxirgi eri bilan birga bo‘ladi. Mana shu sabab ham Alloh Nabiy sollallohu alayhi va sallam ayollariga u zotdan keyin turmushga chiqishni man qilgan. Zero, ular (Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning) jannatdagi xotinlaridir”, deb aytgan (Bayhaqiy va Tahoviy rivoyati).

Boshqa xabarlarda kelishicha, dunyoda bir nechta erga turmushga chiqqan ayol jannatda erlari ichidan o‘ziga yoqqanini tanlaydi.

Xullas, jannat ahli uchun ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan ne’matlar beriladi. Ularda g‘am-tashvish, dard, alam, kasallik, og‘riq va charchoq kabi narsalar bo‘lmaydi. Jannat hayoti eng mukammal hayotdir.

  Jannatda erkaklar ham, ayollarga ham juftlar berilishini bildik. Erkaklarga bir qancha juftlar nikohlanishi haqida xabarlar bor. Ya’ni, erkak jannatda dunyodagi ayoli bilan birga bo‘ladi. Buning ustiga hurlardan bir nechtasiga nikohlanadi. Ammo ayol bir nafardan ortiq erga nikohlanishi haqida Qur’on va hadislarda biron xabar kelganini bilmayman.

Biz bilishimiz lozim bo‘lgan jihat shuki, jannatda biror kishiga zig‘ircha ham zulm qilinmaydi, hamma Allohning ne’matlaridan rozi bo‘lgan holida hayot kechiradi. Masalaning asl haqiqati Allohgagina ayondir!

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216835
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
Ayollarning jannatdagi hayoti qanday bo‘ladi? 08.06.2017

Assalomu alaykum. Jannatdagi ayollar haqida malumotlar kam. Hurlar emas, onalarimiz, opalarimiz, ayollarimizning jannatdagi hayotlari haqida malumot bersangiz!

20301