Ассалому алейкум
Mavzu:

Nifoqdan saqlanish yo‘llari!

Savol:


    Assalomu alaykum, Ustoz. Qimmatli vaqtingizni ajratib savolimga to‘liq javob berganingiz uchun tashakkur. Bu savolni berishimga sabab, o‘zimda har xil holatlar yuz berayotganidan menda nifoq alomatlari paydo bo‘lmayaptimi, degan xayolga boraman. Ba’zida dunyo ishlariga berilib ketib, masjidlarga bormay uyda o‘qib olaqolay degan, xayol meni masjiddan qaytaradi. Ba’zida xufton namozida uxlab qolyapman. Shuning uchun bu masalaga jiddiy qaragan holda o‘zimni-o‘zim tarbiyalash harakatidaman. Lekin bu narsa kamlik qilyapti. Shuning uchun sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim: bu odatlarni tashlash, bu illatni yo‘qotish uchun nima qilishim lozim, iymonim susayib borayotganini bilyapman-u, lekin nima qilishni anglay olmayapman. Shuning uchun sizdan iltimos, to‘g‘ri yulga qaytishim uchun yordam bersangiz, javob uchun yana bir bor tashakkur!

Bo`lim Ijtimoiy masalalar
5792
Javob:

   Va alaykum asalom. Banda nifoqdan qutulishi uchun quyidagilarga e’tiborli bo‘lishi lozim: 

1. Xolis bo‘lish. 

Banda imonida va amallarida xolis bo‘lishi kerak. Avvalambor, Allohga haqiqiy ishonishi, U Zot borligiga, olamlar Parvardigori ekaniga zig‘ircha ham shubhalanmasligi, g‘ayb narsalarga xuddi ko‘zi bilan ko‘rgandek ishonishi kerak. Agar imonda shubha bo‘lsa, “rostdan ham shundaymikan”, “Alloh bormikan”, “jannat va do‘zax haqiqatmikan”, degan savollar bilan chalg‘ib qolsa, imoniga putur yetishi mumkin. 
Keyin, imon haqiqiy bo‘lishi kerak, deyapmiz. Bu qanday bo‘ladi? Allohga haqiqiy imon keltirgan banda odamlar oldida ham, yolg‘iz qolganida ham bir xil bo‘ladi. Odamlar oldida o‘zini musulmon yoki taqvodor ko‘rsatib, hech kim yo‘g‘ida gunoh ishlarga sho‘ng‘ish nifoq alomatidir. Bunday banda Allohdan emas, bandalardan qo‘rqadi. Demak, uning Allohga bo‘lgani ishonchi haqiqiy emas. Bas, u qalbini isloh qilishi kerak. Aslida banda odamlar oldida o‘zini kamtarin tutib, oddiy ko‘rinib, yolg‘iz qolganida ibodatlariga ko‘proq e’tibor berishi, xushu’-xuzu’ bilan Allohga yukinishi kerak. 
Nifoq alomatlaridan uzoq bo‘lish uchun amallarni xolis Alloh roziligi uchun bajarish talab etiladi. Jumladan, namozni Alloh roziligini qozonaman, jannatga qo‘lga kiritaman, degan niyatda o‘qiladi. Kimning namoz o‘qishdan maqsadi odamlarga yaxshi ko‘rinish, hurmat orttirish, “qori aka”, degan nom qozonish bo‘lsa, uning qilgan ibodati bekor bo‘ladi. Bu hamma ibodatlarga tegishli. U ro‘za bo‘ladimi, haj yoki Qur’on tilovatimi, barchasi xolis niyatda amalga oshirilishi kerak. Agar oraga odamlar hurmatini qozonish, ularga yaxshi ko‘rinish niyati qo‘shilsa, demak, qalbga nifoq oralagan bo‘ladi. Bunday illatga uchragan odam darhol o‘zining kamchiliklarini aniqlab, o‘zini-o‘zi taftish qilib, ularni tuzatish harakatiga tushmasa, borib-borib haqiqiy munofiq “darajasi”ga chiqishi mumkin. 

2. Ibodatlarga e’tiborli bo‘lish. 

Nifoq alomalaridan saqlanish uchun ibodatlarni xolis Alloh roziligi yo‘lida qilish bilan bir qatorda ularni o‘z vaqtida va risoladagidek bajarish lozim bo‘ladi. Jumladan, namoz vaqtlariga e’tiborli bo‘lish misolida ko‘raylik. Hadislarda munofiqlar uchun eng og‘ir namoz bomdod va xufton namozlari ekani aytilgan. Demak, musulmon banda bu ikki namozga ko‘proq ahamiyat berib, boshqa namozlarni, boshqa ibodatlarni ham qoldirmaslikka, o‘z vaqtidan o‘tkazib yubormaslikka harakat qiladi. 
Qur’oni karimda munofiqlar namozga tursalar dangasalik ila turishlari va Allohni kam zikr qilishlari aytilgan. E’tibor bersak, bu yerda munofiqlar Allohni zikr qilmaydilar, deyilmayapti, balki kam zikr qilishlari eslatilmoqda. Bundan kelib chiqadi, mo‘min banda namozga o‘zgacha shukuh va hafsala bilan yondashishi, Allohni doim zikr qilishi, qalbi Parvardigori zikridan g‘ofil qolmasligi kerak. 

3. Hadislarda aytilgan nifoq alomatlaridan saqlanish. 

Hadislarda turli illatlar munofiqlarga xos ekani aytilgan. Jumladan, yolg‘on so‘zlash, va’daga vafosizlik, omonatga xiyonat qilish, janjallashgan vaqtda shallaqilik qilish. Bundan tashqari maqtovni yoqtirish, tanqidni xushlamaslik kabilar ham munofiqlarga xos sifatlardan sanaladi. Demak, bu illatlarni qalbdan chiqarib tashlash orqali xolis mo‘minlik maqomiga chiqish mumkin. Buning uchun tilni isloh qilish kerak. Kerakli so‘zlarni so‘zlash, ortiqchasidan tiyilish, birovga yolg‘on gapirmaslik, qila olmaydigan ishini va’da bermaslik, omonatni saqlash, unga xiyonat qilmaslik, birovning haqqidan qo‘rqish, birov bilan janjallashgan holda adolat bilan turish, o‘zi nohaq bo‘lsa ham tili bilan birovlardan ustun kelishga urinmaslik, maqtovlardan imkon qadar qochib, o‘zi haqida aytilgan haq tandiqlarni ko‘tara olish talab etiladi. 
Hozirgi vaqtda va’da berib qo‘yib unga beparvo bo‘lish, ko‘ziga tik qarab turib yolg‘on gapirish va birov ishonib topshirgan omonatga xiyonat qilish hollari ko‘p kuzatiladi. Aslida va’da qarz demakdir. Va’da bergan odam nima qilib bo‘lsa ham va’dasining ustidan chiqishi kerak. Birov bilan bir vaqtda ko‘rishishga kelishdingizmi, bas, o‘sha joyga 5-10 daqiqa vaqtliroq borib turing. Toki va’daga xilof bo‘lmasin. Birov telefon qilib qolganida boshqa ishingiz chiqib qoldi va unga: “Bo‘ldi 5 daqiqada telefon qilib yuboraman!” dedingizmi, bas, o‘sha besh daqiqa ichida unga qayta telefon qiling. Besh daqiqadan o‘tib ketsa, siz va’daga xilof qilgan bo‘lasiz. Va’da berib qo‘yib, unga hafsalasizlik bilan qarash bandani yomon oqibatlarga olib boradi. Shunday ehtiyot bo‘lish kerak. Yolg‘onchilik va omonatga xiyonat qilish haqida ham xuddi shularni aytish mumkin. Hadisda kelgan o‘sha uchta alomatdan tiyilish bilan munofiqlikdan saqlanish tomon qadam tashlangan bo‘ladi. 

4. Qalb kasalliklaridan ehtiyot bo‘lish. 

Qalb kasalliklari ham bandani nifoq sari yetaklaydi. Jumladan, hasad, kek-adovat, shahvatlarga o‘chlik, g‘urur, kibr, manmanlik kabi illatlar nifoq elchilaridir. Qalbida hasadi bor odam raqibiga sirtdan yov qarash qiladi, yuzma-yuz kelib qolganida xuddi hech narsa bo‘lmagandek muomala qilib ketaveradi. Ana shu ikkiyuzlamachilikdir. G‘urur va manmalik, kibr kabilar ham munofiqlarning asosiy sifatlaridandir. Shu sabab ham ular maqtovga o‘ch bo‘lishadi, tanqidlarni ko‘tarishmaydi, ibodatlarni ham odamlar hurmatini qozonish, faqat mana shu o‘tkinchi dunyodagina ro‘shnolik ko‘rish uchun bajaradilar. 
Xullas, banda nifoq alomatlaridan saqlanish uchun imonida mustahkam bo‘lishi, har dam qalbini isloh qilishi, uni poklashga harakat qilishi lozim. Bunda ibodatlarga hafsala bilan yondashish va har bir sohada xolis bo‘lish talab etiladi. Tavfiq Allohdandir! 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216820
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
Nifoqdan saqlanish yo‘llari!

Assalomu alaykum, Ustoz. Qimmatli vaqtingizni ajratib savolimga toliq javob berganingiz uchun tashakkur. Bu savolni berishimga sabab, ozimda har xil holatlar yuz berayotganidan menda nifoq alomatlari paydo bolmayaptimi, degan xayolga boraman. Bazida dunyo ishlariga berilib ketib, masjidlarga bormay uyda oqib olaqolay degan, xayol meni masjiddan qaytaradi. Bazida xufton namozida uxlab qolyapman. Shuning uchun bu masalaga jiddiy qaragan holda ozimni-ozim tarbiyalash harakatidaman. Lekin bu narsa kamlik qilyapti. Shuning uchun sizdan bir narsani soramoqchi edim: bu odatlarni tashlash, bu illatni yoqotish uchun nima qilishim lozim, iymonim susayib borayotganini bilyapman-u, lekin nima qilishni anglay olmayapman. Shuning uchun sizdan iltimos, togri yulga qaytishim uchun yordam bersangiz, javob uchun yana bir bor tashakkur!

5792