Bog‘chadagi bolalar haqini yeyish! 15.04.2017
Savol: Assalomu alaykum Ustoz. Sizga bir savol bilan murojat qilishga ruxsat bersangiz: bog‘chada ishlaydigan bir opamiz so‘rab berishimni iltimos qildilar. Ularning oyliklari, masalan, 100.000 so‘m bo‘lsa, 80.000 igini naqd berib, qolgan 20.000 giga shakar, go‘sht berisharkan. Ular bilishlaricha, shu 20.000 so‘m pulning o‘rniga berilgan narsalar bolalar haqqi ekan. Ular shu narsalarni olib chiqib sotib yuborishmoqda. Shuni bilib turib sotib olayotgan odamlarga bu narsalar halolmi? Javob uchun oldindan rahmat.
6488
Va alaykum assalom. Bu bolalar haqini yeyishdir. Bunda o‘sha mahsulotlarni bog‘chadan olgan ham, xarid qilgan ham malomatga loyiq ishni qilgan bo‘ladi. Bunday holatda bog‘cha opalar mudiraga bu ish nojoiz ekanini tushuntirishlari, boshqalar esa uni sotish, sotib olishdan ehtiyot bo‘lishlari kerak. Zero Alloh taolo Qur’onda nopok yo‘llar bilan birovlarning molini yeyishdan qaytarib shunday degan:
وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ
« Mollaringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! ». (Baqara: 188)
Hadisda esa:
«Men ham bir insonman. Mening huzurimga haq talashib, da’vo bilan kelib turasizlar. So‘zga ustalik qilib, nohaqlik bilan o‘zgalar haqini o‘zlashtirib olsangiz, bilib qo‘yingki, o‘sha narsa do‘zaxning bir cho‘g‘idir. Xohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin», deyilgan.
Shunday ekan mo‘minman degan har bir banda harom yo‘llar bilan rizqlanishdan o‘zini tiyishi kerak!