Ассалому алейкум
Mavzu:

Ota-onaga nasihat qilsa bo‘ladimi? 22.03.2017

Savol:

   Assalomu alaykum hurmatli domla! Savolim: Agar ota va onalarning biror amallarida, harakatlarida, tadbirlarida va gapirayotgan gaplarida aniq xatolar, aybu nuqsonlar, hatto gunohlar ko‘rinayotgan bo‘lsa, bularning oqibatida xayrning o‘rniga yomonlik bo‘layotgan bo‘lsa, u holda buni sezib va anglayotgan farzandlar u ota-onalarning harakat va gaplarini to‘g‘rilashlari joizmi?

Bo`lim Odob-axloq
11174
Javob:

   Va alaykum assalom. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyilgan: “Kattani hurmat qilmagan, kichikka rahm(-shafqat) ko‘rsatmagan, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarmagan bizdan emas!” (Ahmad, Ibn Hibbon, Tabaroniy va Quzoiy rivoyati). 

   Mo‘min-musulmon banda yoshi kattalarni e’zozlaydi, kichiklarga rahm-shafqat qiladi. Shu bilan birga, biron noma’qul ishni ko‘rganida, amru ma’ruf va nahiy munkar qiladi, xatoni ko‘ra-bila turib indamasdan o‘tib ketmaydi. 
Aslida amru ma’ruf va nahiy munkar yosh bilan bog‘liq emas. Bordi-yu, keksalar bilib-bilmay yomon ishlarni qilayotgan bo‘lishsa, chiroyli muomala bilan ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatiladi. Agar ota-ona gunohga qo‘l urishsa, shariatga teskari ish tutilsa, holatga qaraladi. Sharoit ularni ogohlantirishni taqozo etgan taqdirda ham muloyimlik bilan ish tutiladi. Bu borada Ibrohim alayhissalom bizga o‘rnakdir. Qur’oni karimda u zotning otasiga qilgan nasihati keltirilgan. Alloh taolo aytadi: “Ushbu kitobda Ibrohimni zikr qiling. Haqiqatan, u juda rostgo‘y payg‘ambar edi. Eslang, u otasiga: “Ey ota, nega sen eshitmaydigan, ko‘rmaydigan va senga biron narsada asqotmaydigan butga ibodat qilasan? Ey ota, haqiqatan, senga kelmagan ilm-ma’rifat menga keldi. Shunday ekan, menga ergashgin, seni haq yo‘lga hidoyat qilaman. Ey ota, sen shaytonga ibodat qilmagin! Chunki shayton Rahmonga osiy bo‘lgan. Ey ota, haqiqatan men Rahmon tomonidan azob yetib, shaytonga do‘st-yaqin bo‘lib qolishingdan qo‘rqaman”, deganida, (otasi) aytdi: “Sen mening xudolarimdan yuz o‘giruvchimisan, ey Ibrohim?! Qasamki, agar to‘xtamasang, albatta, seni toshbo‘ron qilaman va meni uzoq vaqtga tark et!” (Ibrohim) dedi: “Senga omonlik bo‘lsin. Endi men Parvardigorimdan seni mag‘firat qilishini so‘rayman. Shak-shubhasiz, U menga mehribon bo‘lgan Zotdir. Men sizlardan ham, sizlar Allohni qo‘yib iltijo qilayotganingizdan ham chetlanaman va Parvardigorimga iltijo qilaman. Shoyad Parvardigorimga iltijo qilganim sharofatidan badbaxt bo‘lib qolmasman, deb umid qilaman” (Maryam surasi, 41-48-oyatlar). 

   Demak, ota-onaga faqat eng zarur o‘rinlardagina nasihat qilishga ruxsat etiladi. Misol uchun, ular Alloh va Uning rasulining amriga o‘ta xilof ishlarni qilishayotgan bo‘lsa, farzand din-diyonatdan xabardor bo‘lsa, o‘shanda ham ota-onasiga ohista murojaat qilinadi. Arzimas narsalar uchun ota-onani tergash to‘g‘ri emas, “ota unday qiling”, “ona bunday yuring”, deb ularga aql o‘rgatilmaydi. Faqat, ularni yaxshi ko‘rganimiz, oxiratda baxtli bo‘lishlarini chin dildan xohlaganimiz uchun mehribonlarimizni ogohlantirib qo‘yishimiz mumkin bo‘ladi. 

   Ibrohim alayhissalomning otasi mushrik edi, but-sanamlarga sig‘inardi. Ibrohim Xalilulloh otasiga: “Ey ota, men sening o‘g‘ling bo‘lsam ham, yoshim kichik bo‘lsa ham, Alloh tarafidan menga ilm berildi. Men seni to‘g‘ri yo‘lga, jannat yo‘liga chaqiraman”, dedi. Otasi bo‘lsa: “Ey Ibrohim, mening ilohlarimdan yuz o‘girtirmoqchimisan? Bo‘ldi, bas qil. Aks holda seni toshbo‘ron qilaman!” deb do‘q-po‘pisa qilsa ham, Ibrohim alayhissalom “Salomat bo‘l. Haqingga Rabbim Allohdan istig‘for aytaman”, deb yaxshi muomala qildi. 

   Bundan chiqdi, har qanday holatda ota-onaga shirinsuxanlik ila munosabatda bo‘linadi, ularga qo‘pollik qilish, ota-onasining yuziga sapchish, betgachoparlik qilish to‘g‘ri emas. Zero, Alloh taolo bizlarga “ota-onangga yaxshilik qil, ularga ohista gapir, ko‘ngillarini ol!” deb buyurgan, “nasihat qil, aql o‘rgat!” demagan. 
Xullas, ota-onaga aql o‘rgatilmaydi, hayot saboqlari berilmaydi. Chunki, ular farzandlariga qaraganda tajribaliroq, ko‘pni ko‘rgandirlar. Agar ota-ona shariat ilmidan bexabar bo‘lishsa, ana o‘shandagina ularga muloyimlik bilan tushuntiriladi. 

Keyin, ota-onaga buyruq ohangida emas, xabar maylida, ya’ni, “ota, mana bunday qiling”, emas, “ota, Islomda bunday, bu ishni mana bunday qilinadi”, deb yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi. Vallohu a’lam!

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216290
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
Ota-onaga nasihat qilsa bo‘ladimi? 22.03.2017

Assalomu alaykum hurmatli domla! Savolim: Agar ota va onalarning biror amallarida, harakatlarida, tadbirlarida va gapirayotgan gaplarida aniq xatolar, aybu nuqsonlar, hatto gunohlar korinayotgan bolsa, bularning oqibatida xayrning orniga yomonlik bolayotgan bolsa, u holda buni sezib va anglayotgan farzandlar u ota-onalarning harakat va gaplarini togrilashlari joizmi?

11174