Ассалому алейкум
Mavzu:

Qabrdagi va oxiratdagi savol-javobning qanday farqi bor? 13.03.2017

Savol:

   Kitoblarda o‘lgandan keyin va qiyomat kuni savol-javob bo‘lishi aytilgan. Qabrdagi savol-javobning qiyomatdagi savol-javobdan farqi nima?

Bo`lim Ijtimoiy masalalar
27098
Javob:

   Bismillah, valhamdulillah. Aytganingizdek, banda o‘lganidan keyin qabrda, keyin qiyomat kuni savol-javob qilinishi haqida xabarlar kelgan. Quyida ularning ba’zilarini ko‘rib chiqib, keyin xulosa qilamiz. Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam mayyitni dafn qilib bo‘lsalar, uning tepasida turib, “birodaringizga sabot so‘ranglar. Sababi u hozir so‘roq qilinmoqda”, deb aytardilar” (Abu Dovud, Bayhaqiy va Ibn Munzir rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).
   Ushbu rivoyatda dafn qilingan banda qabrda so‘roq qilinishi, ortidan qolgan birodarlari uning haqqiga istig‘for va Alloh uni imon kalimasi bilan sobitqadam qilishini so‘rashlari yaxshi ekani aytilmoqda. Baro’ ibn Ozib roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi:“Mo‘min qabrida o‘tkazib qo‘yilganidan so‘ng uning oldiga kelinadi, keyin u Allohdan o‘zga iloh yo‘qligi va Muhammad uning Rasuli ekaniga guvohlik beradi. Bu Allohning “Alloh imon keltirganlarni ustivor so‘z bilan sobitqadam qiladi” degan qavli(ga muvofiq)dir” (Buxoriy rivoyati).
   Bu yerda banda qabrida dini va payg‘ambari haqida so‘ralishi aytilmoqda. Bunga Sunan sohiblari keltirgan sahih sanadli rivoyat ham dalil bo‘ladi. Unda aytilishicha, mo‘min banda qabrga qo‘yilganida, ikki farishta kelib, “Rabbing kim?” deb so‘raydi. U: “Rabbim Alloh”, deb javob beradi. Keyin: “Dining qaysi?” deb so‘rashadi. U: “Dinim Islom”, deb javob beradi. Ikki farishta: “Sizlarga yuborilgan kishi kim?” deb so‘rashadi. Mo‘min banda: “U Rasulullohdir”, deb javob beradi. Ikki farishta: “Buni qayerdan bilasan?” deb so‘rashadi. Mo‘min banda: “Allohning Kitobi Qur’onni o‘qiganman, u zotga imon keltirib, tasdiqlaganman”, deb javob beradi. Bu ish Allohning sobitqadam qilishi bilan bo‘ladi. Rivoyat davomida kofir kimsa savollarning birontasiga ham javob bera olmay mushkul holga tushishi aytilgan. Alloh taolo barchamizni dunyo va oxiratda imon kalimasi bilan sobitqadam qilsin!
   Baro’ ibn Ozib roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi:“Alloh imon keltirganlarni dunyoda va oxiratda ustivor so‘z bilan sobitqadam qiladi oyati qabr azobi haqida nozil bo‘lgan. Unga: “Rabbing kim?” deyiladi. U: “Rabbim Alloh, dinim Muhammad sollallohu alayhi vasallam dinidir”, deydi. Bu “Alloh imon keltirganlarni dunyoda va oxiratda ustivor so‘z bilan sobitqadam qiladi” degan qavli(ga muvofiq)dir” (Nasoiy rivoyati).
   Mazkur rivoyatda ham banda qabrida e’tiqodi haqida so‘roq qilinishi aytilmoqda. Ba’zi rivoyatlarda banda qabrda poklik bilan bog‘liq masala haqida ham so‘ralishi aytilgan. Abu Umoma roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Siydikdan ehtiyot bo‘linglar! Chunki banda qabrida birinchi u haqida hisob qilinadi” (Tabaroniy rivoyati).
   Demak, banda qabrida birinchi navbatda siydik haqida hisob berar va ko‘p hollarda qabr azobiga kiyim va badanga siydik tegishi sabab bo‘larkan. Urva ibn Zubayrdan rivoyat qilinishicha, u Asmo’ binti Abu Bakr roziyallohu anhumoning shunday deganini eshitgan ekan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarga xutba qilib, qabr fitnasi, kishi unda boshidan kechiradigan narsalar haqida zikr qildilar. U zot bularni aytganlarida musulmonlar dod solib yig‘ladilar” (Buxoriy rivoyati).
   Qabr azobi va undagi mashaqqatlar haqida so‘z ketganida fikr-mulohaza yuritib, tashvishga tushmaydigan odam bo‘lmasa kerak! Hishom otasidan, otasi xolasidan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Ey Alloh, men Sendan jahannam fitnasidan, jahannam azobidan, qabr fitnasidan, qabr azobidan, boylik fitnasidan, kambag‘allik fitnasidan va masih dajjol fitnasidan panoh berishingni so‘rayman”, deb duo qilardilar (Buxoriy rivoyati).
   Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida qiyomat kunidagi hisob-kitob, bandalarning savol-javob qilinishi haqida xabar berilgan. Jumladan, Mujodala surasida Alloh oxiratda bandalarga ular dunyoda qilgan amallari haqida xabar qilishi aytilgan.
Alloh taolo aytadi: “(O‘sha kofirlar azobga duchor qilinadigan) kunda Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirib, (hayoti dunyoda) qilgan amallarining xabarini beradi. U (amallar)ni Alloh bitib qo‘ydi, ular esa unutib yubordilar. Alloh barcha narsa ustida guvohdir” (Mujodala, 6).
   Alloh taolo aytadi: “Alloh har bir jonga qilgan ishiga yarasha jazo berishi uchun(mana shunday qayta tiriltiradi). Albatta Alloh juda tez hisob-kitob qiluvchidir”(Ibrohim, 51).
Alloh oxiratda barcha bandalarini hisob qiladi. Hisob qilganda ham juda tez hisob qiladi. Allohga bandalar qilgan barcha ishlari ma’lum.
   Alloh taolo shunday degan: “So‘ngra ana o‘sha kunda (sizlarda dunyoda berilgan barcha)ne’matlar haqida so‘ralasizlar” (Takosur, 8).
Bandalar qiyomatda hamma ne’matlar – sog‘liq, xotirjamlik, tinchlik, farovonlik, boylik va shu kabi barcha ne’matlar haqida so‘roq qilinadilar.
   Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi:“Qiyomat kuni besh narsa haqida so‘ralmagunicha Odam bolasining qadami Parvardigori huzuridan siljiy olmaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida qanday ishlar qilgani, boylikni qayerdan topib, qayerga sarflagani va bilgan narsalariga qay darajada amal qilgani haqida (so‘raladi)” (Termiziy, Dorimiy, Tabaroniy va Abu Ya’lo rivoyati).
   Yuqorida keltirilgan dalillardan xulosa qiladigan bo‘lsak, qabrdagi va oxiratdagi savol-javob o‘rtasida asosan ikki farq borligi ma’lum bo‘ladi:
1. Banda qabrda imon-e’tiqodi va poklik bilan bog‘liq ba’zi ishlar xususida so‘roq qilinadi. Oxiratda esa dunyoda qilib o‘tgan barcha amallari yuzasidan javob beradi.
2. Qabrdagi savol-javobni Munkar va Nakir nomli ikki farishta qiladi. Oxiratdagi savol-javob esa Alloh tarafidan qilinadi. Vallohu a’lam!

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216912
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
Qabrdagi va oxiratdagi savol-javobning qanday farqi bor? 13.03.2017

Kitoblarda olgandan keyin va qiyomat kuni savol-javob bolishi aytilgan. Qabrdagi savol-javobning qiyomatdagi savol-javobdan farqi nima?

27098