Hayzdan poklangach, g‘usl qilmasdan oldin qo‘shilish joizmi? 10.02.2017
Savol:Assalomu alaykum hurmatli Ustoz! Allox sizdan rozi bo‘lsin. Savolim shuki: xotin kishi xayzdan toza bo‘lgach g‘usl qilmasdan turib eri bilan qo‘shilib qo‘ysa, er - xotin zino qilgan hisoblanib koladimi? Javobiz uchun oldindan raxmat.
Bo`lim Oilaviy30503
Va alaykum assalom. Yo‘q, bu ish zino hisoblanmaydi. Ammo, hayz qoni to‘xtagandan keyin g‘usl qilmasdan qo‘shilish haqida ahli sunna ulamolaridan ikki xil qavl kelgan. Jumhur ulamolar, ya’ni, molikiy, shofeiy va hanbaliy mazhabi faqihlarining ta’kidlashicha, ayol hayzdan poklanib, g‘usl qilganidan so‘nggina eri bilan jinsiy aloqa qilishi mumkin. Biroq bizning hanafiy mazhabimiz ulamolariga ko‘ra, hayz muddatining ko‘pini (ya’ni, 10 kun hayz) ko‘rib poklansa, cho‘milmasdan oldin qo‘shilish joiz. Lekin, baribir, bunday holatda aloqadan oldin g‘usl qilib olish mustahab sanaladi. Agar hayz ko‘rishning eng ko‘p muddatidan avval qon to‘xtasa, yoxud mu’toda (ya’ni hayz ko‘rishi ma’lum kunlarda bo‘lib, ma’lum kunlarda to‘xtashi odat tusiga kirgan ayol)ning hayzi odatiy kunlarda to‘xtasa u holda g‘usl qilmasdan oldin (agar suv bo‘lmasa tayammum qilmasdan oldin) jinsiy aloqa qilish mumkin emas. Shuningdek, masalan, bir ayolning yetti kun hayz ko‘rish odati bo‘lsa-yu, lekin uch kunda qon to‘xtasa, yetti kun to‘lmagunicha jinsiy aloqa qilmay turadi. Chunki, odat kunlarida qon yana kelib qolishi ehtimoli bor. Vallohu a’lam!