Oxirzamonda Qur’on bilan imon qoladimi? 13.01.2017
Savol: Assalomu alaykum, qori aka! Alloh sizdan rozi bo‘lsin! Do‘stimdan bir narsani eshitib ikkilanib qoldim. Aytishicha, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan oldin Jabroil alayhissalom so‘nggi marta tushganida, Payg‘ambarimiz undan so‘radilar: “Yo Jabroil, mening vafotimdan keyin ham yer yuziga tushasizmi? Shunda Jabroil alayhissalom dedilar: “Ey do‘stim Muhammad, sizdan keyin yer yuzida nima ham qilardim. Lekin Allohning buyrug‘i bilan 10 ta narsani olib chiqib ketgani tushaman”, dedi. Rasululloh alayhissalom so‘radilar: “Nima ekan u 10 ta narsa?” Jabroil alayhissalom dedi: “Ular quyidagilar: baraka, insonlar orasidagi mehr-oqibat, qarindosh-urug‘lar orasidagi silai rahm, hokim, sulton va qozilardan adolat, ayollardan hayo, kambag‘allardan sabr, ulamolardan taqvo, boylardan saxovat, Qur’on va imon”.
Hozirgi zamon ulamolarining aytishlariga qaraganda, yuqorida sanalgan narsalarning ikkitasi: Qur’on bilan imon qolgan. Shunga aniqlik kiritib bersangiz! Alloh sizning xayrli ishlaringizni munosib takdirlasin! Javob uchun oldindan rahmat!
11726
Va alaykum assalom. Bunday rivoyatni bilmayman. Ko‘p hadisi shariflarda qiyomat alomatlari haqida xabar berilgan. Jumladan, zinoning keng tarqalishi, mast qiluvchi ichimliklar iste’molining ko‘payishi, zulmu sitamlar avj olishi, ayollar sonining ortib ketishi va hokazo. Hozirda Qur’on va imon qolgan, deb kim aytgan? Bu bilan musulmonlar orasida saxovatli boylar qolmadi, ulamolarnnig birontasida ham taqvo yo‘q, hech kim qarindoshlari bilan bordi-keldi qilmay qo‘ydi, odamlar orasidan mehr-oqibat butunlay ko‘tarildi, muslimalarning hech birida hayo-ibo qolmadi, kambag‘allar sabr-toqat neligini bilmaydi, deyilmoqchimi? Shukrki, oz bo‘lsa-da, taqvoli ulamolar, shukrini ado etadigan badavlat kishilar, qanoatli kambag‘allar, iboli muslimalar bor. Qarindoshlari bilan mehr rishtalarini bog‘lab turgan insonlar ham yetarlicha topiladi.
“Qur’on va imon qoldi” degan gapga qaytadigan bo‘lsak, afsuski, Qur’onni bir vosita qilib, dunyo matohlariga erishish niyatidagilar ham, tilida musulmonlikni da’vo qiladiganlar ham topiladi.
Har qanday masalada keskin bir qaror chiqarish noto‘g‘ri!