Duoda ixlosni paydo qilish uchun nimalarga e’tibor berish kerak? 21.12.2016
Savol: Assalomu alaykum, Odilxon qori aka. Sizga savol berishdan maqsad bir narsani aniqlashtirib olish: ko‘p kitoblarda o‘qiganman, ramazon oyida, juma kunida, tunning uchdan biri qolganida, yomg‘ir yoqqan paytda qilingan duo shubhasiz ijobat bo‘ladi, deyilgan. Aslini olib qarasa, qaysi oy yoki qaysi kun bo‘lishidan qat’i nazar, musulmon odamning chin dildan umid bilan qilgan har qanday duosi ijobat bo‘ladi...
Yoshligimda duo qilganman. Chin dildan muhabbat bilan duo qilib, bir narsani so‘raganman. Mehribon Alloh duoimni ijobat qilgan. O‘sha yoshlik paytimdagi holatni hozir paydo qila olmayapman. Lekin juda qattiq harakat qilyapman. Baribir umid uchqunlari yonmayapti. Duoda umid uyg‘otish, ixlosli bo‘lish uchun nimani maslahat berasiz?
5121
Va alaykumus salom. Haqiqatan, hadisi shariflarda ma’lum vaqt va makonlarda qilingan duo shubhasiz ijobat bo‘lishi aytilgan. Lekin duoda ixlos juda muhim. Alloh g‘ofil qalb sohibining duosini qabul qilmaydi. Agar ijobat vaqtlari va makonlarida bo‘lmay turib, ixlos bilan duo qilinsa, o‘sha duo ijobat bo‘lishi mumkin. Biroq, hadisi shariflarda kelgan ijobat soatlari va duo odoblariga to‘liq rioya qilgan holda ixlos bilan duo qilinsa, duo mukammal bo‘ladi va inshoalloh albatta ijobat qilinadi. Demak, xoh maxsus vaqt va joylarda bo‘lsin, xoh istalgan vaqtda bo‘lsin, duo qilishda eng birinchi navbatda ixlosga e’tibor berish kerak.
Xo‘sh, duoda ixlosni qanday paydo qilish mumkin? O‘zingiz: “Yoshligimda duo qilganimda Alloh o‘sha duoni qabul qilgan”, deyapsiz. Demak, duoda ixlosning bir ko‘rinishi qalbni ortiqcha narsalardan forig‘ qilgan holda Allohga yukinishdir.
Duo qilayotganda Allohga hamma ehtiyojlaringizni arz qilasiz, yolg‘iz Alloh sizning mushkullaringizni arita olishiga aniq ishonasiz, duolarni qabul qiluvchi, muammolar yechimini topishni osonlashtiruvchi ham Alloh ekanini qalbdan tasdiqlaysiz.
Keyin duoda Allohni ko‘rib turgandek U Zotga murojaat qilasiz. Qolaversa, duoyim ijobat bo‘larmikan yoki yo‘q, degan gumonni qalbingizdan butkul chiqarib tashlaysiz. Qilayotgan duoyingiz besamar ketmasligiga ishonchingiz komil bo‘lishi kerak.
Duo qilayotganda o‘zingizni eng ojiz, eng muhtoj odam bilib, kibr, manmanlik, g‘urur kabi illatlarni bir chetga surib qo‘yasiz. Zero, Alloh mutakabbir kimsalarni yaxshi ko‘rmaydi, burni osmonda bo‘lgan bandalarning samo uzra ko‘tarilgan qo‘llari bo‘sh qaytariladi. Banda kamtar bo‘lsa, o‘zini Parvardigori oldida xokisor tutsa, duosi ijobat bo‘lishidan umid qilinadi.