Ассалому алейкум
Mavzu:

Sayyidul istig‘for sharhi 01.12.2016

Savol:

     Assalomu alaykum. Sayyidul istig‘for haqida xos risola yozgan, uni sharh qilgan ulamolar ham bor ekan. Mana shu istig‘for duosi rivoyat qilingan hadisni ulamolarimiz qanday sharh qilishgan? Men ertalab va kechqurun bu duoni o‘qishni odat qilganman. Iltimos, mana shu duo kelgan rivoyatni sharhi bilan bizlarni tanishtirib o‘tsangiz!

Bo`lim Aqida
11636
Javob:

    Va alaykum assalom. Biz quyida sayyidul istig‘forning arabiy matni, hadis tarjimasi va qisqacha sharhini keltiramiz. 

عَنْ شَدَّادِ بْنِ أَوْسٍ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: سَيِّدُ الاسْتِغْفَارِ أَنْ تَقُولَ: اللَّهُمَّ أَنْتَ رَبِّي لا إِلَهَ إِلا أَنْتَ خَلَقْتَنِي وَأَنَا عَبْدُكَ وَأَنَا عَلَى عَهْدِكَ وَوَعْدِكَ مَا اسْتَطَعْتُ أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ مَا صَنَعْتُ أَبُوءُ لَكَ بِنِعْمَتِكَ عَلَيَّ وَأَبُوءُ لَكَ بِذَنْبِي فَاغْفِرْ لِي فَإِنَّهُ لا يَغْفِرُ الذُّنُوبَ إِلا أَنْتَ. قَالَ: وَمَنْ قَالَهَا مِنْ النَّهَارِ مُوقِنًا بِهَا فَمَاتَ مِنْ يَوْمِهِ قَبْلَ أَنْ يُمْسِيَ فَهُوَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ وَمَنْ قَالَهَا مِنْ اللَّيْلِ وَهُوَ مُوقِنٌ بِهَا فَمَاتَ قَبْلَ أَنْ يُصْبِحَ فَهُوَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَصْحَابُ السُّنَنِ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُ. 

 

    Shaddod ibn Avs roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Sayyidul istig‘for “Allohumma anta robbiy, laa ilaaha illaa anta xolaqtaniy, va ana ’abduk, va ana ’alaa ’ahdika va va’dika mastato’tu, a’uvzu bika min sharri maa sona’tu, abu’u laka bini’matika ’alayy, va abu’u laka bizambiy, fag‘firliy fainnahuv laa yag‘firuz zunuvba illa ant”, deyishingdir. Kim (ushbu istig‘forni) kunduzi aniq ishongan holda aytsa va o‘sha kuni kech kirmasidan avval vafot etsa, jannat ahlidandir. Kim uni kechasi aniq ishongan holda aytsa va tong otgunicha vafot etsa, jannat ahlidandir” (Buxoriy, Sunan sohiblari, Ahmad va Hokim rivoyati). 
    Rivoyatda kelgan istig‘forning ma’nosi: “Yo Alloh, Sen Parvardigorimsan. Sendan o‘zga iloh yo‘q. Meni yaratgansan. Men Sening bandangman. Kuchim yetganicha Senga bergan ahdim va va’damda turyapman. Men o‘zim qilgan ishlar yomonligidan Sendan panoh so‘rayman. Menga bergan ne’matlaringni e’tirof etaman. Gunohlarimni tan olaman. Bas, meni kechir! Zero, gunohlarni faqat Sen kechirasan”. 

 

“Sayyidul istig‘for...” 
     

 

    Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu hadisda uning sayyidul istig‘for deyilishiga sabab bo‘ladigan ajoyib ma’nolar va chiroyli lafzlarni jamlaganlar. Unda Allohning Yakka Ilohligi va faqat Allohgagina ibodat qilish lozimligi e’tirof etilmoqda, Uning Yaratuvchi ekani, Alloh bandalaridan olgan ahdi, bandalariga bergan va’dasi zikr qilinib, banda o‘zi qiladigan jinoyatlardan panoh so‘ralmoqda. Ne’matlar Allohga nisbat berilib, gunohlarni bandaning o‘zi qilishi aytilmoqda. 
    Tiybiy shunday degan: “Bu duo tavbaning barcha ma’nolarini jamlagani uchun “sayyidul istig‘for” deyiladi. Sayyid aslida hojatlar arz qilinadigan, ishlar havola etiladigan raisdir” (Ibn Hajar, “Fathul boriy”). 
    Ahmad va Nasoiy rivoyatida “albatta sayyidul istig‘for bandaning ... deyishidir”, deyilgan. Termiziy Shaddoddan naql qilgan rivoyatda “seni sayyidul istig‘forga dalolat qilaymi?”, Nasoiy Jobirdan keltirgan rivoyatda esa “sayyidul istig‘forni o‘rganib olinglar!” deyilgan. Yana bir rivoyatda “istig‘forning eng afzali” deb keltirilgan. 
   

 

“Allohumma anta robbiy – yo Alloh, Sen Parvardigorimsan”. 

 

    Ya’ni, ey Alloh, Sen Mening Parvardigorimsan. Sening yakkaligingga imon keltiraman. “Laa ilaaha illaa anta xolaqtaniy, va ana ’abduk – Sendan o‘zga iloh yo‘q. Sen meni yaratgansan. Men Sening bandangman”. Sendan o‘zga iloh yo‘q, Sen meni yo‘qdan bor qilgansan. Sen yagonasan, Yolg‘izsan. Men faqat Sengagina ibodat qilaman, faqat Seni “Rabbim”, deyman. “Va ana ’alaa ’ahdika va va’dika mastato’tu – kuchim yetganicha Senga bergan ahdim va va’damda turyapman”. 
     Men toqatim yetganicha Senga ixlos bilan ibodat qilish va imonimda sodiq qolishga harakat qilaman. Sen buyurgan ishlarni bajarishga va qaytarganlaringdan tiyilishga harakat qilaman. Bu yerda hech bir banda Allohga mukammal suratda bandalik qilolmasligi, o‘ziga berilgan ne’matlarga munosib tarzda shukr qilolmasligi tan olinmoqda. 
       “A’uvzu bika min sharri maa sona’tu, abu’u laka bini’matika ’alayy, va abu’u laka bizambiy, fag‘firliy fainnahuv laa yag‘firuz zunuvba illa ant – men o‘zim qilgan ishlar yomonligidan Sendan panoh so‘rayman. Menga bergan ne’matlaringni e’tirof etaman. Gunohlarimni tan olaman. Bas, meni kechir! Zero, gunohlarni faqat Sen kechirasan”. 
     Men o‘zim qilgan gunohlar yomonligidan, ularning zararidan panoh berishingni so‘rayman. Menga hisobsiz ne’matlar bergansan. Buni e’tirof etaman. Shuningdek, gunohkorligimni ham tan olaman. Men ojiz bandangman, xatolarim ko‘p. Shunday ekan, mening gunohlarimni mag‘firat qil. Zero, faqat Sen gunohlarni kechira olasan. Sendan o‘zgasi bu ishga qodir emas! 
     Xalqda “egilgan boshni qiliq kesmas” degan naql bor. Alloh bandasiga Mehribon. Qaysi banda gunoh sodir etib, o‘zini past olib, gunohiga iqror bo‘lsa, Allohga qalbdan yuzlansa, U Zot o‘sha bandaning gunohini, albatta kechiradi. 
    “Kim (ushbu istig‘forni) kunduzi aniq ishongan holda aytsa va o‘sha kuni kech kirmasidan avval vafot etsa, jannat ahlidandir. Kim uni kechasi aniq ishongan holda aytsa va tong otgunicha vafot etsa, jannat ahlidandir”. 
    Kim bu istig‘forni qalbdan, ixlos bilan, uning savobidan umid qilgan holda tongda aytsa, agar kechgacha uning qazosi yetsa, jannatga kiradi. Agar kim ushbu istig‘forni kechasi aytsa-yu, tonggacha Alloh o‘sha bandani vafot ettirsa, o‘sha banda ham jannatga kiradi. 
    “Hoshiyatus sindiy”da: “Ya’ni, birinchilardan bo‘lib kiradi. Zero, har bir mo‘min imoni sababidan jannatga kiradi. Bu Alloh taoloning fazlidir”, deyilgan. “Hoshiyatus suyutiy”da esa: “Bu istig‘forni aytmagan mo‘min ham jannatga kiradi. Ammo kim uni aytsa, birinchilardan bo‘lib, jahannamni ko‘rmay turib jannatga kiradi”, deyilgan. 
     Demak, sayyidul istig‘forni tongda va kech kirganda aytishni odat qilish yaxshi. Bu bilan banda gunohlardan forig‘ bo‘ladi, qalbi poklanadi, Allohga yaqinlashadi, qolaversa, vafotidan keyin jannatga kirishiga sabab amalni qilgan bo‘ladi. 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216428
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
Sayyidul istig‘for sharhi 01.12.2016

Assalomu alaykum. Sayyidul istigfor haqida xos risola yozgan, uni sharh qilgan ulamolar ham bor ekan. Mana shu istigfor duosi rivoyat qilingan hadisni ulamolarimiz qanday sharh qilishgan? Men ertalab va kechqurun bu duoni oqishni odat qilganman. Iltimos, mana shu duo kelgan rivoyatni sharhi bilan bizlarni tanishtirib otsangiz!

11636