Eng umidbaxsh oyat

     “(Ey Muhammad,) o‘z jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zi mag‘firatli va rahmlidir. Sizlarga azob kelib, so‘ngra yordam berilmay qolishidan ilgari Rabbingizga qaytinglar va Unga bo‘yin suninglar!” (Zumar, 53-54).
     Mazkur oyatning nozil bo‘lish sababi haqida ko‘plab rivoyatlar mavjud. Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinishicha, bu oyat o‘zlarining zarariga ish (gunoh) qilishda haddan oshgan musulmonlar haqida nozil bo‘lgan. Ular johiliyat davrida qilib o‘tgan gunohlarisababidan imonlari ham, solih amallari ham maqbul bo‘lmaydi, deb qo‘rqardilar.
    Ba’zi mufassirlarga ko‘ra, oyat musulmon bo‘lishni xohlaydigan, lekin tavbasi qabul bo‘lishidan qo‘rqqan Vahshiy ibn Harb haqida tushgan. Rivoyatlarga ko‘ra, bu oyat tushgach, Vahshiy musulmon bo‘lgan. Payg‘ambarimizdan (alayhissalom): “Bu oyat faqat Vahshiyga tegishlimi yoki barcha musulmonlarga umumiymi?” deb so‘ralganida u zot: “Yo‘q, butun musulmonlarga tegishli”, deb javob berganlar (Faxriddin Roziy tafsiri).
     Yana boshqa ulamolar bu oyat gunohi kabira qilganlar do‘zaxiylardir, deydigan qavm haqida nozil bo‘lganini aytishadi. Alloh taolo bu oyati bilan o‘zi xohlagan kishisining barcha gunohlarini kechirib yuborishini bildirmoqda. Oyati karima qanday sabab bilan tushgan bo‘lmasin, ayni paytda u osiy-gunohkorlarning tavbasiga tegishli ekaniga shubha yo‘qdir. Demak, “Shubhasizki, Alloh o‘ziga sherik qo‘shganlarninng gunohini kechirmaydi” (Niso, 48) oyatidagi qat’iy hukm tavba qilmagan bandalar xususidadir.
    Alloh taolo: “Bandalarim” deb marhamat qilmoqda. Oyatning davomida “Mening rahmatimdan noumid bo‘lmangiz” deyishi ham mumkin edi. Ammo U zot: “Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz”, dedi. Chunki “Alloh” U zotning go‘zal ismlaridan eng ulug‘idir. Endi ana shunday ulug‘ ismga nisbat berilgan rahmat va inoyat ham shu ismga yarasha buyuk bo‘lishi kerak. Shuningdek, Rabbimiz gunohlarni kechirishi bayonida ham O‘zining “Alloh” ismi jalilini zikr qilmoqda. Bu esa, rahmat daryosi keng, mag‘firat ummoni cheksizligining yana bir dalilidir.
    Oyat matnida kelgan “isrof” mol-dunyoni behuda sovurish ma’nosida mashhur bo‘lsa ham, aslida, har qanday ishda haddan oshishni anglatadi. Mazkur oyatda esa bu so‘z jinoyat, gunoh ma’nosida kelmoqda. Ya’ni, gunohda haddan oshib, o‘z nafslariga qarshi jinoyat qilgan bandalarim! Allohning rahmatidan umidingizni uzmang, noumid bo‘lmang, deyilmoqda.
    Bu oyat Qur’ondagi eng umidbaxsh oyat ekani aytiladi. Jumladan, hazrati Savbondan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Menga dunyo va undagi narsalardan ko‘ra shu oyat suyukliroqdir”, deb yuqoridagi oyatni o‘qidilar. Shunda bir odam: “Ey Allohning rasuli, shirk qilgan kimsa ham (kechiriladi)mi?” deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir muddat jim qoldilar. So‘ng: “Ogoh bo‘ling, shirk keltirgan ham”, deya uch marta takrorladilar. Lekin bu mag‘firat, bu afvning sharti imon keltirishva gunohlariga chin dildan nadomat qilib, uni takror etmaslikdir.
    “Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur”. Ha, Alloh taolo xohlagan kishisidan barcha gunohlarni kechib yuboradi. Naqadar umidbaxsh oyat! Ammo shu o‘rinda bir narsaga diqqat qilish lozim: umid bor, lekin bu yana gunohlar qilsam mumkin ekan, degani emas,bil’aks, eng ko‘p gunoh qilgan kishilar ham imkon qadar tezroq tavba qilib, Haqqa yuzlanishlari kerak, deganidir. Bu ma’no mazkur oyatning ortidanoq kelgan ikki oyatda ochiq-ravshan bayon qilingan.
    Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasam, agar gunoh qilsangiz, gunohingiz yer bilan osmongacha bo‘lib ketsa ham, tavba qilsangiz, Alloh taolo kechiradi.Muhammadning joni izmida bo‘lgan Zotga qasam, agar siz gunoh qilmaganingizda Alloh taolo gunoh qiladigan bir qavmni keltirib qo‘yardi. So‘ng ular mag‘firat so‘rardilar. Alloh ularni mag‘firat qilardi (Ahmad rivoyati).
    “Sizlarga azob kelib, so‘ngra yordam berilmay qolishidan ilgari Rabbingizga qaytinglar va Unga bo‘yin suninglar!” Ya’ni, ey insonlar, tavba qilib Parvardigoringizga yuzlaning, buyurganlariga itoat etib, Unga qayting! Uning yakkaligini tasdiqlab, faqatgina O‘ziga ibodat etish haqidagi da’vatini qabul qiling. Inkoringiz sababli azob kelib sizlarni tutmasidan ilgari Unga itoat eting, bo‘ysuning. Aks holda, biror bir yordamchi va madadkor keladigan azobdan sizni himoya qilolmaydi.
    Bandamiz, binobarin, ba’zida beixtiyor xatolar qilamiz, gunoh ishlarga qo‘l urib qo‘yamiz. Zikr qilingan oyat-hadislarning ma’nosicha, biz ana shu qilgan ishlarimizga chin dildan pushaymon bo‘lib, qayta qilmaslik haqida Parvardigorimizga so‘z berib, tavba qilsak, rahmati g‘azabidan ustun Mehribon Rabbimiz kechirib yuborishi mumkin ekan. Alloh taolo barchamizga tavfiq berib, tavba yo‘limizni oson qilsin va rahmatiga doxil aylasin. Omin!

 


Ibn Kasir, Qurtubiy, Tabariy va Faxriddin Roziy tafsirlari asosida No‘’mon Abdulmajid tayyorladi.

“Irfon” taqvimining 2014 yil 2-sonidan olindi.


Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 58766
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

7280
  • 3905
  • 2486
  • 4303