Yusuf alayhissalom og‘a-inilarining hasadi
17.9.2016 8518

    Qur’oni karimdagi Yusuf alayhissalom qissasida hayotiy misollar ifodalangan, hasad zulmati, haqiqat ziyosi bayon etilgan. Yusuf alayhissalom hali bola ekanida bir tush ko‘rdi va uni otasi Ya’qub alayhissalomga aytdi. Bu haqida Qur’onda shunday deyiladi: “Yusuf otasiga: “Ey otajon, men o‘n bitta yulduzni ham quyosh va oyni ham ko‘rdim, ularning menga sajda qilayotganlarini ko‘rdim”, deganini eslang”. 
    Ya’qub alayhissalom bolasiga tushda yetgan xabar bejiz emasligini, bu yoshdagi ravon bashorat ostida sir borligini bilib, taraddudga tushdi. Chunki tug‘ishmagan (ota bir ona boshqa) akalarga bu tush ma’qul bo‘lmasligigi his etardi. Shuning uchun o‘g‘liga qarab dedi: “Ey o‘g‘lim, tushingni akalaringga aytma. Yana ular senga biron hiyla qilmasinlar. Albatta shayton insonga ochiq-oydin dushmandir”. 
     Ota tug‘ilajak hasaddan xavfda bo‘lganidan, o‘g‘lini ogohlantirdi: “Shunday qilib, Rabbing seni tanlab oladi, senga tushlarning ta’birini o‘rgatadi, senga va Ya’qub ahliga, xuddi otalaring Ibrohim va Ishoqqa batamom qilganidek, O‘z ne’matlarini mukammal qilib beradi. Albatta Parvardigoring biluvchi va hikmatli Zotdir”, dedi. 
     Ya’qub alayhissalomning o‘n ikki farzandidan bu tariqa Yusuf alayhissalomning tanlanishi bejiz emas edi. Ya’qub alayhissalomning o‘n ikki o‘g‘lining o‘ntasi bir onadan, Yusuf alayhissalom bilan ukasi Binyomin o‘zga onadan edilar. Akalari shu sababdan Yusuf alayhissalom va ukasiga boshqacharoq ko‘z bilan qarab, otalari ukalarini suysa rashklari kelardi. O‘zaro suhbatlarda otadan shubhalanib, g‘iybatga borardilar. Qalblarida hosil bo‘lgan hasad va g‘urur ularni adashtirayotgan edi. Bu bir vasvasa bo‘lib, mal’un shayton izmida edilar. Shu sabab otalariga nisbatan “otamiz ochiq-oydin zalolatda” degan qarorga keldilar. Ularning bu xos xulosalari otalari sha’niga tuhmat edi. Oqibatda butunlay iblis izmida o‘zaro kelishib, Yusuf alayhissalomga qasd qilish payida bo‘lishdi. Shu maqsadda ular otalari bilan u haqida tortishdilar. 
     Keling, mazkur ibratli qissani bir boshidan ko‘rib chiqamiz. Qissa quyidagi oyat bilan boshlanadi: “Darhaqiqat, Yusuf va uning og‘a-inilarida so‘raguvchilar uchun oyat-ibrat bordir. O‘shanda ular aytgan edilar: “Garchi biz butun jamoat bo‘lsak-da, shak-shubhasiz, Yusuf va uning birodari otamizga bizdan ko‘ra suyukliroqdir. Darhaqiqat, otamiz ochiq zalolatdadir. (Yana dedilar:) “Yusufni o‘ldiringlar yoki biron joyga olib borib tashlanglar, (shundagina) otalaringiz faqatgina sizga boqar. Keyin esa yaxshi qavm bo‘lib olursizlar . (Shunda) ulardan bir so‘zlaguvchi dedi: “Yusufni o‘ldirmanglar, balki agar biron ish qilmoqchi bo‘lsangizlar, uni quduq qa’riga tashlab yuboringlar, yo‘lovchi karvonlar olib ketsin”. Ular dedilar: “Ey ota, ne sababdan Yusufni bizga ishonmaysan? Axir, biz uni, shak-shubhasiz, xolis (yaxshi ko‘ruvchi)larmiz-ku. Uni ertaga biz bilan yuborgin, o‘ynab-yozilib kelsin. Albatta biz uni qo‘riqlab-muhofaza qiluvchilardirmiz”. (Ya’qub) dedi: “Uni olib ketishlaringiz meni mahzun qilur. Men, sizlar g‘aflatda qolib, uni bo‘ri yeb ketishidan qo‘rqurman”. Ular dedilar: “Qasamki, agar biz butun bir jamoat bo‘lgan holimizda uni bo‘ri yeb ketsa, demak biz, shak-shubhasiz, ziyon ko‘rguvchi – halok bo‘lguvchilardirmiz”. Bas, qachonki uni olib ketishib, so‘ngra quduq qa’riga tashlashga qasd qilgan vaqtlarida, Biz unga: “Sen albatta bu qilmishlari haqida xabar berursan. Ular o‘shanda sezmaydilar ham”, deb vahiy qildik” (Yusuf surasi, 7-15-oyatlar). 
      “Darhaqiqat, Yusuf va uning og‘a-inilaridan so‘raguvchilar uchun oyat-ibrat bordir”. Ya’ni: Yusuf va og‘a-inilari qissasida ularning qissasi haqida so‘rovchi, ushbu qissadagi xukmlardan o‘zi uchun kerakli xulosa chiqarib oluvchi aql sohiblari uchun ibrat va pand-nasihatlar bor. Mazkur oyat bilan Yusuf alayhissalom qissasi boshlanadi. Bu oyat keyingi hodisalarga o‘quvchi diqqatini tortadi, voqealarning keyingi rivoji va tafsilotlaridan xabardor bo‘lishga undaydi. O‘shanda ular aytgan edilar: “Garchi biz butun jamoat bo‘lsak-da, shak-shubhasiz, Yusuf va uning birodari otamizga bizdan ko‘ra suyukliroqdir. Darhaqiqat, otamiz ochiq zalolatdadir”. 
       Bu yerdagi “uning birodari”dan murod Yusuf alayhissalomning tug‘ishgan ukasi Binyomindir. U Yusufdan kichik bo‘lgan. Qolgan og‘a-inilari otasining boshqa xotinlaridan tug‘ilgan edilar. Bu yerdagi zalolatdan murod, aqida va dindagi adashishlik emas, balki farzandlarga nisbatan munosabatdagi adashishlik, ularning mavqeini to‘g‘ri baholamaslikdir. Ya’ni: og‘a-inilar Yusufga makr qilish rejasini tuza turib, shunday dedilar: 

 

– Garchi bizlar otamizning xizmatiga yaroqli va unga ko‘p manfaat beradigan bo‘lsak-da, Yusuf va uning ukasi Binyomin otamizga bizdan ko‘ra sevimlidir, otamiz u ikkisini bizlardan ustun qo‘ymoqda! Albatta, otamiz ushbu qilmishi bilan katta xato qilayapti. U biz turganda qayoqdagi ikki yosh bolani bizlardan afzal ko‘rmoqda! 

 

    Ular ushbu gaplari bilan kelajakda Yusufga qiladigan makrlarining aybini otalariga yuklab, o‘zlarini oppoq qilib ko‘rsatmoqchi edilar. Bizlarni Yusuf va Binyomindan ayri qilgan, oralarimizga sovuqchilik tushishga sabab bo‘lgan kishi faqatgina otamiz, demoqchi bo‘ladilar. Otalariga nisbatan ular tomonidan aytilgan bu hukm noo‘rin edi, chunki Yusuf alayhissalomda afzal ko‘rilishlikka loyiq bo‘ladigan ko‘plab fazilatlar bisyor va jamul jam edi. 
     Alusiy aytadi: “Rivoyat qilinishicha, Yusuf alayhissalom qolgan og‘a-inilaridan ko‘ra otasiga mahbubroq bo‘lgan. Bunga sabab uning go‘zal xulqi, odob-ahloqi edi. Qachonki yuqorida zikr qilingan tushni ko‘rgach, Yaqubning o‘g‘liga bo‘lgan otalik muhabbati yanada ziyodalashdi. Bu yerda Ya’qub alayhissalomni malomat qilish joiz emas, chunki muhabbat qalbga inson bolasining xohish-irodasiga qarab yoki biron kishining ta’siri ostida kirmaydi” (“Tafsirul alusiy”, 12-jild, 171-bet). 
      Shundan so‘ng Yusuf alayhissalomni nima qilish to‘g‘risida qaror qilganliklari haqida aytiladi: “Yusufni o‘ldiringlar yoki biron joyga olib borib tashlanglar, (shundagina) otalaringiz faqatgina sizga boqar. Keyin esa yaxshi qavm bo‘lib olursizlar”. Ya’ni: og‘a-inilar pinhona maslahatlasha turib dedilar: 

 

– Otamizga bizlar munosib bo‘lsak-da, Yusuf va uning ukasini bizlardan afzal ko‘rish bilan juda chegaradan chiqib ketdi. Vaholanki, shu ishida davom etar ekan, buning yolg‘iz chorasi, Yusufni o‘ldirish yoki notanish-ovloqroq biron joyga gumdon qilishdir, toki u o‘sha yerlarda sarson-sargardon holida o‘lib ketsin Agar shunday qilsangizlar, bu ko‘rguliklardan xalos bo‘lasizlar va shunda o‘z-o‘zidan otangiz sizlarga muhabbat qo‘yadi. Bunda sizlarga hech kim sherik bo‘la olmaydi. Ilgari faqatgina Yusuf va ukasiga e’tibor bergan bo‘lsa, endilikda bor diqqat-e’tibor sizlarga qaratiladi! Hozir sizlar Yusufni o‘ldirish yoki uni olisroq bir joyga daf qilish bilan undan qutilaveringlar, keyin Allohga tavba-istig‘forlar aytib, solihlardan, gunohdan poklangan kishilardan bo‘lib olasizlar. Albatta Alloh tavbalaringizni qabul qiladi. Agar shunday qilsalaringiz nafaqat diningizda, balki dunyoyingizda ham solih kishilardan bo‘lasizlar. Chunki Yusufning oralaringizda mavjud bo‘lib turishi sizlarni tashvishga keltirmoqda! 

 

    Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, agar inson nafsida nafrat ustunlik qilsa yoki boshqa birovga nisbatan gina-kudurat bo‘lsa, oxir-oqibat unda eng razil va chirkin illat bo‘lmish hasad paydo bo‘ladi. Shunda odam har bir narsaga to‘g‘ri nuqtai nazardan yondasha olmay qoladi. Endi u faqat havoyi nafsi nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lib qoladi. Ularning nazarida kichik kattaga, katta kichikka aylanadi. Yusuf og‘a-inilarining nazaricha, otalarining unga bo‘lgan muhabbati og‘ir bir jinoyat edi. Ayni paytda esa o‘zlari qotillik kabi eng og‘ir jinoyatni yengil sanamoqda edilar, qilg‘ilikni qilib, so‘ngra o‘zlarini Alloh oldida, otalari va boshqalar oldida pok, gunohlardan xoli ekanliklarini isbotlamoqchi bo‘layaptilar. 
    Og‘a-inilar shunday qabih ishni amalga oshirish arafasida turar ekanlar, ular orasidan biri turib dedi: “Yusufni o‘ldirmanglar, balki agar biron ish qilmoqchi bo‘lsangizlar, uni quduq qa’riga tashlab yuboringlar, yo‘lovchi karvonlar olib ketsin”. 
     Oyatning ma’nosi quyidagicha: kichik ukalariga nisbatan qilayotgan bunday qabih bir hukmlarini eshitib tashvishga tushgan og‘a-inilaridan biri shunday dedi: 

 

– Yusufni o‘ldirmanglar! Zero, qotillik katta gunohdir! Uning o‘rniga Yusufni quduqning eng tubiga tashlab yubora qolinglar. Shunda u dom-daraksiz yo‘qoladi. Balki uni yo‘lovchilar quduqdan tortib olishar va u shunda sizlardan uzoq bo‘lgan joylarga ravona bo‘lar. Shu zayl qalblaringiz orom oladi va otalaringiz ham sizlarga boqadi! 

 

    Ushbu gaplar aka-ukalarning qaysi bir tomonidan aytilgani Qur’oni karimda tilga olinmagan, chunki bundan biron foyda yo‘q. Lekin, ba’zi mufassirlar: “So‘zlaguvchidan murod, Yahuzodir”, – deb aytishgan. Asosiysi, u og‘a-inilar orasidagi bir kishi edi va ular Yusufni to ajali yetgunicha o‘ldirmaslikka qaror qildilar. 
    Aytishadiki, ushbu taklifda ibrat, hikmat va fikr sog‘lomligi bor. U og‘a-inilarini qasos olishda chegaradan chiqib ketishdan qaytarib qoldi, ularga boshqa bir taklifni o‘rtaga tashladi. U ham bo‘lsa, Yusufni otasining ko‘zidan uzoqlashtirib, quduq qa’riga tashlab yuborish edi. Og‘a-inilar shunday qarorga kelishganidan so‘ng, Ya’qub alayhissalom oldiga kelib shunday dedilar: “Ey ota, ne sababdan Yusufni bizga ishonmaysan? Axir biz u uchun xolislardanmi-ku. Uni ertaga biz bilan yuborgin, o‘ynab yozilib kelsin. Albatta biz uni muhofaza qilguvchilardirmiz”. Ya’ni: og‘a-inilar Yusufni o‘zlari bilan safarga olib chiqish uchun otalarini ko‘ndirish payida: 

 

– Ey ota, nega sen Yusufni bizlar bilan saylga chiqishiga ko‘p ham ishonmaysan? Vaholanki, biz uni juda yaxshi ko‘ramiz. Axir u kichik ukamiz bo‘lsa, biz unga faqat chin dildan yaxshilik qilishni xohlaymiz, unga nisbatan qalbimizda na biron kek-adovat va na bir g‘arazimiz bor! – dedilar. 

 

   So‘ngra ular o‘z talablariga quyidagi jumlalarni ham ziyoda qildilar: “Uni ertaga biz bilan yuborgin, o‘ynab yozilib kelsin”. Bu yerdagi o‘yindan murod, xordiq chiqarish va charchoqbosdi o‘yinlarni o‘ynashdir. Ya’ni: ey ota, uni biz bilan yuborgin, turli xil meva-cheva va shunga o‘xshagan narsalardan istaganicha yesin. Sakrash, yugurish va har xil musobaqalar orqali o‘zidagi charchoqni chiqarsin, ko‘ngli yozilsin. Albatta biz unga aziyat yoki biron yomon kor-hol bo‘lishiga ham yo‘l qo‘ymaymiz. Uni har qanday falokatdan ko‘z qorachig‘imizdek asraymiz, hatto gard ham yuqtirmaymiz! 
     Ularning bu gapidan o‘zlarining g‘arazli, manfur niyatlarini amalga oshirish uchun otalarini ko‘ndirishga qattiq bel bog‘laganliklarini tushunish qiyin emas. Shundan so‘ng otalarining ularga qilgan javobi keltiriladi: “Uni olib ketishlaringiz meni mahzun qilur. Men, sizlar g‘aflatda qolib, uni bo‘ri yeb ketishidan qo‘rqurman”. Ya’ni: ey o‘g‘illarim, Yusufdan biroz muddat bo‘lsa-da ayrilishim men uchun og‘irdir. Bu narsa meni qattiq g‘amga botiradi. Shuning barobarida agar sizlar uni o‘zlaringiz bilan safarga olib chiqadigan bo‘lsangiz, sizlar o‘z ishingiz bilan mashg‘ul yoki bee’tibor bo‘lganingizda uni bo‘ri yeb ketishidan xavfsirayapman. 
Shunda og‘a-inilar qat’iy ohangda shunday dedilar: 

 

– Qasamki, agar biz butun bir jamoat bo‘lgan holimizda uni bo‘ri yeb ketsa, demak biz, shak-shubhasiz, ziyon ko‘rguvchi – halok bo‘lguvchilardirmiz. 

 

Ya’ni: ular otalarining qalbiga xotirjamlik kiritib, dilidagi g‘ulg‘ulani aritish, undan qo‘rquv va maxzunlikni ketkazish maqsadida: 

 

– Ey ota, Allohga qasamki, Yusuf biz bilan birgalikda, uning xavfsizligi va salomatligiga o‘ta harismand bo‘lgan holimizda, agar uni bo‘ri yeb ketadigan bo‘lsa, unda biz katta ziyon ko‘rguvchilardan, biron narsaga salohiyatsiz kishilardan hisoblanamiz, – dedilar. 

 

     Oxir-oqibat, chorasiz qolgan ota o‘g‘illarining bu talablariga rozi bo‘lishga majbur bo‘ldi. Qur’on buni o‘zining balog‘at va fasohatli uslub ila hikoya qiladi: “Bas, qachonki uni olib ketishib, so‘ngra quduq qa’riga tashlashga qasd qilgan vaqtlarida, Biz unga: “Sen albatta bu qilmishlari haqida xabar berursan. Ular o‘shanda sezmaydilar ham”, deb vahiy qildik”. Ya’ni: qachonki ular otalarini ko‘ndirishgach, ertasi kuni Yusufni o‘zlari xohlagan tomonga olib ketdilar. Va uni quduqqa tashlashga kelishib, buni bajardilar ham. Ular hech rahm-shafqatsiz, toshbag‘irlik bilan ushbu ishni amalga oshirdilar. Biz Yusuf quduqqa tashlanayotgan paytida qalbiga ilhom solish orqali (yoki Jabroil alayhissalom orqali) vahiy qildikki: 

 

– Ey Yusuf, vaqti kelib Alloh xohlasa, ular senga yoshligingda nima ishlar qilganlari va qanday ozor berganliklarini o‘zlariga xabar qilasan. 

 

     Bu yerdagi og‘a-inilarning qilmishlaridan murod, unga ozor berishlari va Yusuf alayhissalomni quduqning qa’riga tashlab yuborishlaridir. “Ular o‘shanda sezmaydilar ham”. Ya’ni: vaqti-soati kelib, ularga qilib o‘tgan yomon ishlari haqida aytganingda, bu sen, ya’ni Yusuf ekaningni sezmaydilar. Chunki ular oradan ancha vaqt o‘tib ketgani sabab seni o‘lib ketgan, deb hisoblaydilar. Sen o‘shanda butun bir mamlakat xazinasiga qo‘riqchi bo‘lasan. Ular bo‘lsa sendan madad va marhamat so‘rab huzuringga tiz cho‘kib keladilar. 
    Alloh taoloning ushbu amri ko‘p o‘tmay o‘z tasdig‘ini topdi. Oyatda shunday deyiladi: Endi qachonki (Misrga yetib kelib Yusuf alayhissalom)ning huzuriga kirishgach, dedilar: “Ey ulug‘ zot, bizni va ahli oilamizni ocharchilik ushladi” (Yusuf surasi, 88-oyat). 
     Ushbu vahiy Yusuf alayhissalomga u balog‘at yoshiga yetmasidan yoki payg‘ambar bo‘lmasidan oldin qilingandi. Bundan ko‘zlangan maqsad uning qalbiga xotirjamlik solish, unga kelajakda kuch-quvvat, mol-davlat va hukmronlik nasib etishi haqida xushxabar berish edi. 
     Og‘a-inilar o‘z kirdikorlarini amalga oshirishgach, “kechqurun otalari oldiga yig‘lagan hollarida kelib: “Ey ota, bizlar Yusufni narsalarimiz oldida qoldirib quvlashib ketgan edik, uni bo‘ri yeb ketibdi. Endi rost gapirsak ham sen bizlarga aslo ishonmaysan”, dedilar”. 
      Bu yerdagi “yig‘i”dan murod, otalarining Yusuf haqqini poymol qilmaganliklariga ishontirish uchun qilingan soxta, yolg‘on yig‘ilari edi. Maqolda aytiladiki, “Fojirning ko‘z yoshi qo‘lidadir”. Ya’ni, u yolg‘ondakam yig‘lab, xuddi yosh chiqayotgandek qo‘li bilan ko‘zini ishqalaydi. Ya’ni, ular dedilar: 

 

– Ey ota, bizlar o‘zaro musobaqalashib, yugurib yurganimizda Yusufni safarda o‘zimiz bilan olib chiqqan narsalarimiz (kiyim-kechak, oziq-ovqat va hokazolar) oldida qoldirib ketsak, nogahon uni bo‘ri yeb ketibdi. Undan hech vaqo qolmabdi. Ey ota, biz senga Yusufni bo‘ri yeb ketdi, – deb aytsak ham ishonmaysan. To‘g‘ri so‘zlaguvchi bo‘lsak-da, bizlarga ishonmasligingga sabab – bizlar haqimizdagi yomon gumoning va Yusufga bo‘lgan qattiq muhabbatingdir. 

 

     Yusufning og‘a-inilari soxta yig‘i bilan cheklanmay, balki unga yana bir yolg‘onni ham qo‘shib qo‘ydilar: “Va uning ko‘ylagini yolg‘on qonga bo‘yab keltirdilar”. Ya’ni: ular Yusufni quduqqa tashlagach, ko‘ylagini o‘zlari bilan olib qoldilar va uni Yusufga tegishli bo‘lmagan boshqa bir qon bilan bo‘yadilar. U qon kiyik yoki bo‘ri qoni ham bo‘lishi mumkin. 
     Ya’qub alayhissalom ularning yuz ifodalari, holatlari va mahzun qalbining nidosi orqali bildiki, aslida Yusufni bo‘ri yemagan, balki ular Yusufga biron makr-hiyla qo‘llagan edilar. Shu sabab Ya’qub alayhissalom ularga qarata shunday dedi: “Yo‘q sizlarga havoyi-nafslaringiz biron ishni chiroyli qilib ko‘rsatgan”. Ya’ni: Ya’qub o‘g‘illariga qayg‘uli ohangda dedi: 

 

– Sizlar da’vo qilayotganingizdek, Yusufni bo‘ri yeb ketmagan, balki nafrat va adovatga to‘la qalbingiz unga nisbatan biron yomonlik, qabih ishni sodir etishni sizlarga ziynatlab ko‘rsatgan. Kelajakda, Alloh xohlasa, uning asl haqiqati ochilajak! Sizlarning bu qilmishlaringizga nisbatan esa men chiroyli sabr qilaman. Rabbimning O‘zi haqiqatlarni yuzaga chiqaruvchi, maxfiy narsalarni oshkor qilguvchidir. Mavridi kelib, Uning irodasi ila o‘g‘lim bilan, albatta, yana diydor ko‘rishamiz! 

 

    Alusiy aytadi: “Ibn Abu Hotim va Abu Shayx Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Yusufning og‘a-inilari uni quduqqa tashlashgach, bir kiyikni tutib, uni so‘ydilar va qoniga Yusufning ko‘ylagini botirdilar. Ko‘ylakni otalariga keltirishgach, u orqa oldini o‘girib ko‘rib: “Allohga qasamki, hech zamonda bu kundagidek muloyim bo‘rini ko‘rmaganman! U o‘g‘limni yebdi-ku, ammo ko‘ylagini sog‘ qoldiribdi-da”, – degan (Manba: “Tafsirul alusiy”, 12-jild, 179-bet). 
       Bu yerda Ya’qub alayhissalom o‘g‘illarining yolg‘on gapirganliklarini ochiq-oydin, xujjat-dalillar bilan isbotlab bermoqda . 
    Xullas, akalari hasadlari tufayli Yusuf alayhissalom ancha-muncha sinovlarni, mashaqqatlarni boshidan o‘tkazdi, Allohning marhamati bilan quduqdan eson-omon chiqdi, qullikdan qutuldi. Oxiri Misr yurtining hukmdoriga aylandi. Hasadgo‘y akalar esa qilgan qishlariga pushaymon bo‘ldilar. Qissa so‘ngida aytilishicha, Ya’qub alayhissalom o‘g‘illari Yusuf va Binyominlar bilan yana visol ko‘rishdi, ularning barchasi Misr diyorida diydor ko‘rishdilar. Ya’qub alayhissalom Yaratganning inoyati bilan Misrga kirib keldi. Yusuf alayhissalom ota-onasini va yaqinlarini yuksak hurmat-ehtirom bilan kutib oldi, ota-onasini taxtga ko‘tardi, ular Yusufga (hurmat yuzasidan) sajda qildilar. 
     Qissa Yusuf alayhissalom timsolida Islom, imon haqiqatini ifodalovchi ibratomuz bayondir. Mazmuni negizida mo‘min sifati namoyon bo‘lib, solih va komil bandaga O‘zining ehtiromi ochib beriladi. Hasadga uchragan bandaning g‘amxo‘ri, sinovlaridan omonda bo‘lgan insongina bo‘lishi mumkinligini eslatiladi. Shu bilan birga Allohni tanimagan, Alloh bandasiga ato etgan ne’matlarga yomon ko‘z bilan qaragan kimsaning holini ham ko‘rsatib qo‘yadi. Bu qissa adashganlar uchun saboq, hasadga giriftor bo‘lganlarga shifodir. 

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216237
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24538
  • 18998
  • 12788
  • 15752